Yevrosiyo kun tartibi - 43 (2024)
Dasturimizning bugungi sonida, Yevrosiyo qit’asida joylashgan respublikalar kun tartibidagi muhim voqealar haqida soʻz qilamiz.
2024 - yilning 14 - oktabri kuni Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya majlislari raislarining ikkinchi yigʻilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston majlis raislari ishtirok etdi. Yigʻilishda Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan boʻlgan aloqalari atroflicha muhokama qilindi. Mazkur yigʻilish doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.
2024 - yilning 15 – 16 oktabri kunlari Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyan rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘lib qaytdi. Rasmiy uchrashuvlar ortidan Qozog‘iston va Armaniston prezidentlari Ostona xalqaro moliya markaziga tashrif buyurib, Armaniston madaniyati kunlarining ochilish marosimida ishtirok etdilar. Tashrif oldidan Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Joʻmart Toʻqayev Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi.
2024 - yilning 16 - oktabri kuni Islomobod shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning hukumat rahbarlari yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Ushbu yigʻilish yakunida bir qator hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 - yilning 17 - oktabri kuni Ozarbayjon Respublikasi Tashqi razvedka xizmati rahbari Oʻrxan Sultonovni qabul qildi. Mazkur qabul chogʻida ikki davlat munosabatlari, mintaqaviy xavfsizlik kabi masalalar muhokama qilindi.
2024 - yilning 18 - oktabri kuni Bishkek shahrida Turkiy Davlatlari Tashkilotining Iqtisodiyot va savdodan mas’ul vazirlarining 13 - yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yigʻilishda tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning iqtisodiyot va savdo vazirlari ishtirok etdi. Qirg‘iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, yig‘ilishda ishtirok etayotgan vazirlarni qabul qildi.
O‘tgan hafta Turkmanistonda Turk dunyosi madaniyati va san’ati tadbirlari boʻlib oʻtdi. Shu doirada Ashxobod va Anev shaharlarida «Anev - 2024 Turk dunyosi madaniyat poytaxti» tadbirlari uyushtirildi. 2024 - yilning 17 - 20 oktabri kunlari Anev shahrida Turk dunyosi rassomlari uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda, Turkiy Respublikalaridan 22 nafar rassom ishtirok etdi.
2024 - yilning 18 – 20 oktabri kunlari Ashxobod shahrida TURKSOY raisligida ikkinchi teatr festivali bo‘lib o‘tdi. «Anev - 2024 Turk dunyosi madaniyat poytaxti» tadbirlari doirasida oʻtkazilgan festivalga Turkiy Respublikalardan teatr aktyorlari qatnashdilar.
Shu kuni Ashxobodda Turk dunyosi yozuvchilar forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiyadan vakillar ishtirok etdi. 2024 - yilning 19 - oktabri kuni Ashxobod shahrida TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.
***
2024 - yilning 14 - oktabri kuni Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqning 149 - qurultoyi oʻz ishini boshladi. Unda Ozarbayjon va Turkiya parlamentlari raislari ishtirok etdi. Parlament raisi Sohiba Gafarova bilan Numan Kurtulmush ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi.
Janubiy Kavkaz mintaqaviy hamkorlik platformasining 3 - yig‘ilishi 2024 - yilning 18 - oktabri kuni Istanbulda bo‘lib o‘tdi. Yigʻilishda Ozarbayjon, Armaniston, Eron, Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi. Mazkur yigʻilish yakunida esa Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻan, yigʻilishga kelgan tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi.
2024 - yilning 18 - oktabri kuni Anqarada 9 - Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalida 144 ta film oʻrin olish uchun kurash olib bordi.