Turkiy tilining sehrli dunyosi - 16

Dasturimizning bugungi sonida fuyu turklari, fuyu turklari yashagan joy va fuyu turkchasi haqida soʻz qilamiz.

2203154
Turkiy tilining sehrli dunyosi - 16

Oʻtgan XX asrda, boshqacha qilib aytganda 1950 - yillarda xitoylik tadqiqotchi va tilshunos Hu Zhenhua tomonidan kashf etilgan; 1966 - yili esa asli tatar boʻlgan rus tilshunosi va turkologi Edhem Rahimovich Tenishev tomonidan ilm olamiga taqdim etilgan fuyu turklari bugungi kunda Manchuriya (Xey Long Jiang) viloyatining Fuyu shaharchasi atrofidagi qishloqlarda istiqomat qiladilar. Asosan, Vujiazi va Qijiazi qishloqlarida yashagan fuyu turklarining soni kamida 1000, eng koʻp 2000 nafar boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

O‘z nomlarini oʻzlari yashagan joydan olgan fuyu turklarining yuqorida nomi tilga olingan mintaqaga qachon va qanday qilib borib qolgani haqida turli fikrlar mavjud. Ulardan biriga ko‘ra fuyu turklarining ajdodlari XVII asrning ikkinchi yarmida Oltoy tuproqlaridan koʻchib kelib, Xingan togʻlarini kesib oʻtgan. Natijada, Xitoyning shimoliy mintaqasini maskan tutganlar. Boshqa bir fikrga ko‘ra esa, ular imperator Chen Lung (1736 - 1796) davrida bugungi Sharqiy Turkiston yoki Shinjon Uygʻur avtonom mintaqasidan ko‘chib kelganlar. Hu Zhenhua esa mintaqadagi moʻgʻullar, Cheng Lung sulolasi davrida bugungi Moʻgʻuliston tuproqlaridan kelganligi haqida gapirar ekan, fuyu turklari esa nomi tilga olingan sulola 1761 - yili Jungriyaga bostirib kirishi ortidan Oltoydan askar sifatida yoʻllanganini taʼkidlaydi. Xitoy manbalarida fuyu turklari XIII asr oxirida mo‘g‘ul imperatori Xubilayxon (1214 - 1294) davrida Yenisey o‘lkasidan kelib, shimoli – sharqiy Xitoyning g‘arbiy viloyatlar va Chichikar yaqinidagi mintaqada qo‘nim topgan.

Fuyu turkchasining kelib chiqishi, XVI – XVII asrlardagi yenisey qirgʻiz tiliga asoslangan. Yenisey qirgʻizchasining manbasi esa, qadimgi qirgʻizlarning IX - XI asrdagi tillaridir. Shu sababdan fuyu turkchasini bazan fuyu qirg‘izchasi deb ham ataydilar. Shunga qaramay, Xitoyning eng sharqiy qismida soʻzlashiluvchi fuyu turkchasi yoki fuyu qirgʻizchasi, bugungi kundagi Turkiston hududining asosan Qirgʻiz Respublikasida soʻzlashiluvchi qirgʻiz turkchasidan farqlidir. Din sifatida shaman, qisman lama diniga mansub boʻlgan fuyu turklarining ona tili, eski qirg‘iz tilining izlarini o‘zida mujassam etgan xakas, shor va sariq uyg‘ur tillariga yaqinroqdir.

Fuyu turklarining oqsoqollari oʻzlarini xirgis, girgis; yoshlar esa xitoy tilining ta’siri bilan tirtiz deb ataydilar. Mahalliy moʻgʻullar esa ularni tsirtsis deb ataydilar. Turkiy tillarining geografik va lingvistik tamoyillarga ko‘ra tasniflashda shimoli - sharq yoki Sibir guruhida bo‘lgan fuyu turkchasi esa, bugungi kunda o‘z funksiyasini yo‘qotgan. Hatto, 2000 - yillardan buyon bu tilda so‘zlashuvchilar soni sezilarli darajada kamaydi. Shu sababli, fuyu turkchasi kundalik hayotlarida moʻgʻul tilining bir shevasi va xitoy tillaridan foydalanadilar. Ta’lim olishda esa xitoy tilidan foydalanadilar. U 2010 - yili UNESCO tomonidan nashr etilgan «Yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillarning qizil kitobi»da «yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillar» toifasiga kiritilgan. Mazkur tilni soʻzlashuvchilar soni juda kamaygani sababli uni yashatish va saqlab qolish niyatida shoshilinch ravishda chora koʻrilishi kerakligi tilshunoslar va turkologlar tomonidan ogohlantirib kelinmoqda.

***

Ushbu dastur Turkiya ovozi radiosi uchun filologiya fanlari bo‘yicha professor doktor Gulsum KILLI YILMAZ bilan maslahatlashgan holda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Ph.D) Saida BURKHANIDINOVA tomonidan tayyorlandi. 



Aloqador xabarlar