Turkiy tilining sehrli dunyosi - 15

Xitoy tomonidan rasman turk va musulmon sifatida qabul qilingan va baʼzi manbalarda Xitoydagi oʻgʻuzlar yoki Xitoy turkmanlari nomi bilan ham tanilgan salar turklari, salar turklari yashagan joy va salar turkchasi haqida soʻz qilamiz.

2200728
Turkiy tilining sehrli dunyosi - 15

Ma’lumki Xitoy Xalq Respublikasi chegaralarida 55 ta ozchilik tili mavjud. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra ularning yettitasi, norasmiy maʼlumotlarga koʻra esa toʻqqiztasi turkiy tillaridandir. Ular uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tatar, salar, sariq uyg‘ur, tuva va fuyu turkchalaridir. Ba’zi olimlarning fikriga koʻra tuva va fuyu tillari Xitoydagi ozchilik tillarini tasniflash va aniqlash paytida madaniyati va yashash tarzi jihatdan moʻgʻullarga qattiq oʻxshagani bois e’tiborga olinmagan boʻlishi mumkin. Shu sababli ular rasmiy hujjatlarda turkiy tillar qatoriga kiritilmagan.

***

Xitoydagi turklardan biri boʻlgan salar turklari bugungi kunda asosan Xitoyning Sinhay va Gansu viloyatlarida istiqomat qiladilar. Aholi soni 110.000 nafar ekani taxmin qilinmoqda. Bundan tashqari salar turklari tarixiy manbalarda salar, salir, salgur va salur degan nomlar bilan qayd etilgan. Xitoy sulolalari davrida ham juda oz sonli aholi bilan omon qolishga muvaffaq boʻlgan salar turklarining Xitoy Madaniy Inqilobidan keyin kommunistik rejim ostida tarqalib ketmay yoki assimilyatsiya boʻlmay bugungi kunga qadar yetib kelib, yashab qolishlarining eng muhim sababi, ularning madaniyati va e’tiqodiga boʻlgan sadoqatidir.

Tadqiqotchilar salar turklarining Xitoydagi tarixini XIII asrga borib taqalishini qoʻllab – quvvatlaydilar. Nomi tilga olingan mintaqaga moʻgʻullar istilosi tufayli Samarqand va uning atrofidan borib qolgan boʻlishi mumkinligi taxmin qilingan salar turklarining, oʻgʻuz turklarining salur qabilasining avlodlari ekaniga ishoniladi. Darhaqiqat O‘g‘uz xoqon yoki Oʻgʻuznoma dostoniga ko‘ra salur turklari o‘g‘uzlarning 24 qabilasidan biri, Mahmud Qashqariyga koʻra esa 22 ta o‘g‘uz guruhining beshinchisidir. Bundan tashqari oʻgʻuz qabilalari saljuqiylar va oʻsmonlilar kabi turkiy davlatlarining kelib chiqishini tashkil etuvchi yirik jamoalardir. Salar yoki salur qabilasi ham bu buyuk oʻgʻuzlar oilasining bir qismi sifatida tanilgan. Bugungi kunda Turkiyaning turli mintaqalaridagi «salur» nomli shahar va qishloqlarning ildizlari yuqorida nomi tilga olingan o‘g‘uz turklarining «salur» qabilasi bilan bog‘liqdir. Bundan tashqari, bugungi kunda yashayotgan turkman turklari o‘g‘uz turklarining salur qabilasidan bo‘lganligi taxmin qilinadi.

Salar turklari 1750 - yili islom dinini qabul qilganlar va haligacha oʻz madaniyatlariga boʻlganidek oʻz eʼtiqodlariga ham sodiqdir. Ular so‘zlashadigan til hozirgi turkiy tillar sohasining geografik va lingvistik tamoyillariga ko‘ra janubi - g‘arbiy yoki o‘g‘uz guruhidadir. Bugungi kunda, asosan, Xitoyning g‘arbiy mintaqasida so‘zlashilgan salar turkchasining hali hanuz yozma tili yo‘q, faqatgina og‘zaki tarzda yoki so‘zlashuv tili sifatida yashamoqda.

UNESCO tomonidan 2010 - yili nashr etilgan «Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi tillarning qizil kitobi»da «yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi tillar» ro‘yhatiga kiritilgan salar turkchasi, ayniqsa, keksa aholi orasida so‘zlashilar ekan yosh avlodlar orasida mandarin tili ta’lim tili sifatida keng tarqagan. Bu holat salar turkchasining kelajagiga salbiy ta’sir qilishiga qaramay, hozircha, salar turklarining madaniy jihatdan o‘ziga xosligini saqlab qolish sa’y – harakatlarini qo‘llab – quvvatlamoqdadir.

***

Ushbu dastur Turkiya ovozi radiosi uchun filologiya fanlari bo‘yicha professor doktor Gulsum KILLI YILMAZ bilan maslahatlashgan holda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Ph.D) Saida BURKHANIDINOVA tomonidan tayyorlandi. 



Aloqador xabarlar