Kun tahlili - 37 (2024)
Turkiya - Misr munosabatlari
2024 - yilning 4 - sentabri kuni poytaxt Anqarada Turkiya va Misr oʻrtasida boʻlib oʻtgan Oliy darajali strategik hamkorlik yigʻilishi, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda muhim oʻzgarishlar va qayta qurish jarayoniga ishora qilmoqda. Yigʻilish yakunlari bo‘yicha 16 ta shartnoma imzolandi va 36 moddadan iborat qo‘shma deklaratsiya e’lon qilindi. Bu kelishuv va deklaratsiya, qariyb oʻn yil davom etgan kelishmovchilik va keskinlik davridan keyingi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yana normallashuv bosqichiga kirganidan dalolat bermoqda. Ayniqsa, 2013 - yili Misr Prezidenti Muhammad Mursiyning ishdan bo‘shatilishi ortidan taranglikning tugashi, mintaqaviy barqarorlik nuqtai nazaridan muhim voqea sifatida baholanmoqda.
***
Taranglik davri, Anqara va Qohiraning turli xalqaro masalalarda bir - biriga qarshi raqobatlashishiga yoʻl ochdi. Liviya, bu raqobatning eng yorqin namunalaridan biri edi. Qohira Liviyadagi vaziyatni muvozanatlashga harakat qilar ekan, Turkiyaning bu davlatdagi ta’sirini cheklash strategiyasini qabul qildi. Boshqa tomondan, Sharqiy Oʻrtayer dengizidagi energiya manbalari ustidagi raqobat ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yanada keskinlashishiga sabab boʻldi. Turkiya, bu davrda Liviya va Sharqiy Oʻrtayer dengizida yanada qat’iy tarzda tashqi siyosat olib borib, Misrning qarama - qarshi munosabatiga javob berdi. Ikki davlat, Yaqin Sharqning murakkab va o‘zgaruvchan dinamikasida g‘oyaviy va geosiyosiy kurash ichiga kirishdi.
Bu jarayonda iqtisodiy aloqalar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab turuvchi ko‘prik vazifasini o‘tadi. Iqtisodiy hamkorlik, diplomatik va razvedka darajasidagi muloqotlar, munosabatlarning butunlay uzilishining oldini oldi. Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an va Misr Prezidenti Abdulfattoh as - Sisining 2022 – yili Qatar poytaxti Dohada uyushtirilgan Jahon chempionati doirasidagi uchrashuvi, ikki davlat o‘rtasidagi psixologik chegaralardan o‘tishlariga yordam berdi. Bu uchrashuv ikki davlatga o‘z elchilarini qayta tayinlash va munosabatlarni normallashtirish haqida qaror qabul qilishiga zamin yaratdi. Erdo‘g‘anning 2024 - yilning fevral oyida Misrga uyushtirgan tashrifi esa, Turkiya - Misr munosabatlarida muhim burilish nuqtasi sifatida qabul qilindi.
O‘zgargan dinamikalar
Yangi davrda Turkiya - Misr munosabatlari bir necha strategik jihatdan qayta shakllandi. 2013 - yilga nisbatan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA) mintaqasining strategik muhitida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Arab bahoridan keyin paydo bo‘lgan ziddiyatli muhit ancha o‘zgargan bo‘lsa - da, ikki davlatning mintaqaviy pozitsiyasida sezilarli farqlar mavjud. Liviyadagi vaziyat, Turkiya - Misr o‘rtasidagi munosabatlarda haligacha nozik masala sifatida turibdi. Misr, Liviya sharqida kuchli harbiy va diplomatik o‘ringa ega ekan, Turkiya, Liviya g‘arbida muhim harbiy va siyosiy aktyor hisoblanmoqda. Bu ikki davlat oʻrtasidagi harbiy va siyosiy raqobat, Liviyadagi mojaroni hal qilishni qiyinlashtirishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Anqara ham Qohira ham Liviyada siyosiy barqarorlikni ta’minlash va hududiy yaxlitlikni himoya qilish uchun umumiy yondashuvni qo‘llashi kerak.
Sharqiy O‘rtayer dengizidagi mintaqaviy muhit ham sezilarli darajada o‘zgardi. Turkiya harbiy, iqtisodiy va siyosiy qudrat jihatidan ancha samarali aktyor sifatida maydonga chiqdi. Misr energetika geosiyosatida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Ikkala davlat ham O‘rtayer dengizidagi dengiz yurisdiktsiyalari nuqtai nazaridan muhim o‘yinchilardir. Isroilni hisobga olmaganda, Turkiya - Misr munosabatlari mintaqada 2020 - yillari boshlangan normallashuv natijasida shakllangan yangi doirada qayta tartibga solinishi kerak. Turkiyaning Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishi, Anqara -Qohira normallashuvini qo‘llab - quvvatladi. Bundan tashqari, Qatarning Fors ko‘rfazidagi normallashuv jarayoni va mojaro davrlarining tugashi, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning qayta tuzilishiga hissa qo‘shdi.
2023 - yilning 7 - oktabrida Isroilning mintaqadagi beqarorlashtiruvchi roli, Turkiya va Misrning arab geosiyosiy havzasidagi harbiy va diplomatik ahamiyatini yana bir bor o‘rtaga qo‘yib berdi. G‘azodagi mojaro har ikki davlat uchun ham chegara xavfsizligi va gumanitar inqirozdan ko‘ra milliy xavfsizlik malasiga aylandi. Turkiya va Misrning Isroilni otashkesimga majburlash borasidagi diplomatik sa’y – harakatlari, ikki davlatning umumiy maqsadlar sari faoliyat yuritishini ta’minlagan bo‘lishi mumkin. G‘azodagi urush tugashi, barqaror sulh e’lon qilinishi, mintaqaga insonparvarlik yordami yetkazib berilishi, mintaqaning qayta tiklanishi va 1967 - yilgi chegaralarga asoslangan mustaqil Falastin davlati barpo etilishi kerak degan ko‘z qarashlar, ikki davlatning umumiy nuqtada til topishib olishiga imkon bermoqda.
Strategik asos
Turkiya - Misr munosabatlari, yangi mintaqaviy dinamikalar nuqtai nazaridan strategik xususiyat qozondi. Ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik aloqalar, iqtisodiyot, savdo, xavfsizlik, mudofaa, atrof - muhit va iqlim tashabbuslari kabi keng koʻlamli sohalarda rivojlanmoqda. Iqtisodiy maqsadlar 15 milliard dollarlik savdo hajmini o‘z ichiga olmoqda, bu esa har ikki davlatga iqtisodiy imkoniyatlar taqdim etadi.
Hamkorlikning zarurati
Turkiyaning Afrika shoxidagi roli ham aloqalar nuqtai nazaridan muhim strategik masaladir. Turkiya Shimoliy Afrika, Sharqiy Afrika va Sahel mintaqasida strategik ta’sir doirasini chuqurlashtirdi. Misr oʻzining strategik ustuvor yoʻnalishlarini, ayniqsa, Shimoliy Afrika va Afrika shoxida qayta ko‘rib chiqishi kerak. Sudandagi ichki urush, Misr va Efiopiya o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, Somali va Efiopiya o‘rtasidagi harbiy va siyosiy to‘qnashuv xavfi, Turkiya - Misr munosabatlariga strategik jihatdan ta’sir qiladi. Shuning uchun Anqara bilan Qohira, Afrika shoxidagi muammolarni hal qilish uchun birgalikda harakat qilishi zarur.
Natijada Turkiya - Misr munosabatlarining yangi strategik asosi, har ikki davlat tomonidan ham ehtiyotkorona harakat qilishni, munosabatlarini mintaqaviy inqirozlardan himoya qilish mexanizmlarini ishlab chiqishni va hamkorliklarini institutsionalizatsiya qilish uchun yangi tashqi siyosat, xavfsizlik, mudofaa va razvedka muhiti yaratishni talab qilmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi ushbu yangi davr ham mintaqaviy, ham xalqaro darajada strategik hamkorlikni mustahkamlaydi. Eng muhimi, mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshadi. Bu doirada Turkiya va Misr oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki mintaqaviy va global barqarorlikni ta’minlashda muhim rol oʻynashda davom etadi.
Prof. Dr. Murat Yeshiltash
Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi SETAning Xavfsizlik masalalari boʻlimi direktori