Turkiy tilining sehrli dunyosi - 10
Dasturimizning bugungi sonida qumiq turklari, qumiq turklari yashaydigan joylar va qumiq turkchasi haqida so‘z qilamiz.
Qumiq turkchasi — qumiq turklari tomonidan soʻzlashilgan turkiy tillardan biridir. Qumuk turklari asosan Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston avtonom respublikasida yashaydi. Ushbu hudud Rossiya Federatsiyasining eng janubiy qismida joylashgan boʻlib, Ozarbayjon bilan chegaradoshdir.
Dogʻiston – turkiy «togʻ» soʻzi bilan forscha «- iston» qoʻshimchasining birlashmasidan tashkil topgan va «Togʻlar oʻlkasi» degan maʼnoni anglatadi. Poytaxti – Maxachqal’a shahridir.
Qumiq turklari Dogʻistondan tashqari Chechen va Osetiya respublikalarida yashaydi. 2018 - yilgi ma’lumotlarga koʻra Dogʻistonda 300 ming nafardan ortiq, qoʻshni hududlarda esa taxminan 200 ming nafar qumiq turklari yashamoqda. Qumiq turklari Kavkazda Ozarbayjon turklaridan keyingi eng koʻp aholini tashkil etadi.
Bugungi kunda Turkiyaning Chanoqqal’a viloyatining Biga tumanida ham qumiq turklari yashaydigan qishloqlar bor. Turkiyada yashagan qumiq turklari bu yerlarga Rossiyaning Kavkazdagi ishgʻoliga qarshi olib borilgan kurash paytida, ushbu kurash timsoliga aylangan Shayx Shomilning chor rus askarlari tomonidan qoʻlga olinishi ortidan koʻchishga majbur boʻlgan.
Tarix davomida turli qabilalarning koʻchib - qoʻnish yoʻlida boʻlgan Dogʻistonda bugungi kunda 30 xil etnik guruh yashaydi. Qumiq turklari bu mintaqada avarlar, dargilar va lazgilardan keyingi toʻrtinchi yirik etnik guruhni tashkil etadi. Qumiqlarning Dogʻistonga kelib joylashuvi esa bir necha bosqichda amalga oshsa – da, ayrim ma’lumotlarga koʻra ildizi 7 – asrga borib taqaladi.
***
Qumiq so‘zining etimologiyasi borasida ham turli fikrlar mavjud. Ammo qumiq so‘zi borasidagi eng qadimiy, tarixiy va ishonchli manba Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni Lug‘atut turk» asarida tilga olingan. Muallif o‘zining mashhur asarida bu borada uch xil ko‘z qarashga e’tibor qaratadi. Ulardan biri qumiqlarning bir turk qabilasi ekanligidan dalolat beradi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, muallifning ushbu qimmatli asaridagi «Birovni qumiq qabilasiga qiyoslasangiz, baribir shunday deyiladi» - degan ifodasidan, qumiqlarning bir qabila sifatida qo‘lga olinganini anglash mumkin.
Shu bilan birga qumiqlar haqidagi eng muhim tadqiqotlardan birini turkshunos olim Zaki Validi To‘g‘an olib borgan. Zaki Validi To‘g‘an bergan ma’lumotlarga ko‘ra qumiqlar, o‘g‘uz dostonida Derbentni himoya qilish uchun tayinlangan qipchoq turklarining bir qabilasi sifatida qayd etilgan. Derbent shahri bugungi kunda Dog‘iston hududida joylashgan bo‘lib, tarixda Shimoldan Janubga o‘tishda foydalanilgan yagona yo‘l bo‘lishi jihatidan alohida o‘ringa ega.
***
Qipchoq guruhiga mansub turkiy tillardan biri bo‘lgan qumuk turkchasi tatar, qozoq, qirgʻiz, boshqird, qoraqalpoq, noʻgʻay, qorachay – bolqar, qrim - tatar va qaray turkchasi bilan birgalikda tarixiy qipchoq turkchasining zamonaviy vakillaridan biridir. Hozirgi turkiy til sohasining geografik va lingvistik tamoyillariga koʻra, shimoli - gʻarbiy yoki qipchoq guruhiga kiradi ammo ayrim oʻgʻuz turkchasi taʼsirini ham koʻrish mumkin.
Boy xalq adabiyotiga ega bo‘lgan qumiq turklarining yozma tili, dastlab Qozon va Qrim ta’sirida bo‘lgan. Islom dinini qabul qilgan musulmon qumiq turklari 1928 - yilgacha arab alifbosidan foydalanganlar. Ular 1928 - yildan 1938 – yilga qadar o‘n yil davomida lotin alifbosidan foydalangan va 1938 - yili sovet ma’muriyati qabul qilgan qaror natijasida kirill alifbosiga o‘tishga majbur bo‘lganlar.
Qumiq turkchasi tarixda butun Dog‘iston qabilalari o‘rtasida o‘zaro muloqot tili – lingva franka vazifasini o‘tagan. Dog‘istondagi boshqa qabilalarga qaraganda ko‘proq ziyoli va davlat arbobini yetishtirgan qumiqlar, Dog‘istonda ustun rol o‘ynagan. 1918 - yilda tashkil etilgan Birlashgan Kavkaz Respublikasining rasmiy tili ham qumiq turkchasi sifatida qabul qilingan edi.
Bugungi kunda so‘zlashilgan qumiq turkchasi Hasav - Yurt, Buynak va Haydak kabi uchta dialektga bo‘lingan. Qumiqlarning til va madaniy chegaralari juda keng va u Dog‘istondagi 14 xil rasmiy tildan biridir. Funksionalligi jihatidan rus tili taʼsiri ostida qolishiga qaramay, qumiq turklari tomonidan ham taʼlimda, ham matbuotda, ham kundalik hayotda keng qoʻllanilmoqda.
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Saida BURKHANIDINOVA