Turkiy tilining sehrli dunyosi - 9

Dasturimizning bugungi sonida Gagauz yeri, gagauz turklari va gagauz tili haqida so‘z qilamiz.

2181242
Turkiy tilining sehrli dunyosi - 9

Aksariyat olimlar, jumladan, g‘arbiy turkologlarning fikricha, gagauz turkchasi Turkiyada so‘zlashilgan turk tilining Bolqon shevalaridan biridir. Biroq Sovet ittifoqi davrida gagauz turkchasiga til maqomi berildi. Aslida gagauz turkchasi Sovet ittifoqi hukmronligi davrida yozma tilga aylantirilgan oxirgi turk lahjasidir. Bugungi kunda u rumin va rus tillari bilan bir qatorda Gagauz yerining rasmiy tili hisoblanadi. Hozirgi turkiy til sohasining geografik va lingvistik tamoyillariga koʻra janubi - gʻarbiy yoki oʻgʻuz guruhiga kiradi.

Gagauz turkchasida nashr etilgan birinchi asar 1810 - yilda Venada nashr etilgan “Psaltir” nomli diniy manzumadir. Bu birinchi qadamdan deyarli yuz yil oʻtib, Mixail Chakir, gagauz xalqining oʻz ona tilida ibodat qilishlarini ta’minlashga harakat qildi va bunga erishish uchun uzoq vaqt kurash olib bordi. Nihoyat, u Rossiya imperiyasi Ta’lim vazirligidan diniy kitoblarni gagauz turkchasida nashr etish uchun ruxsat olishga muvaffaq bo‘ldi.

Birinchisi 1904 - yili ruslar tomonidan foydalanilgan kirill alifbosi bilan nashr etilgan bu kitoblarning deyarli barchasi diniy mavzulardadir. Chakirning “Bessarabiya gagauzlari tarixi” nomli asari tarixiy mavzularni o‘z ichiga olishi, “Gagauzcha – rumincha” asari esa lug‘at ekanligi bilan bundan mustasnodir.

1918 - yili Moldovaning Ruminiya tarkibiga kirishi ortidan, gagauz turkchasidagi nashrlar bu gal Ruminiyada foydalanilgan lotin alifbosi orqali yuritildi. Xuddi shu davrda Kishinyovda diniy mazmundagi gazeta ham nashr etildi.

Bu davrda Mixail Chakir tomonidan nashr etilgan kitoblar, keyinchalik gagauz turkchasini yozma tilga aylantirish harakatlariga asos bo‘ldi.

Gagauz turkchasi, ilmiy tadqiqot nuqtai nazaridan ilk bor rus etnograf Valentin Moshkov tomonidan qo‘lga olindi.

Moshkov 1890 - yillarda Chor Rossiyasining Bessarabiya viloyatiga borib, gagauzlar yashagan qishloqlarda keng koʻlamli etnografik va folklor materiallari toʻplaydi. Keyinchalik shular asosida 1896 - yildan boshlab etnografiya va tilga oid fundamental asarlar qalamga oldi. Uning asarlari ichida gagauz lahjalari nuqtai nazaridan eng muhimi, shubhasiz, Radloff rahbarligida tayyorlangan “Bessarabiyalik gagauzlarning lahjasi” nomli asaridir.

***

Tarixda Bessarabiya nomi bilan mashhur boʻlgan bugungi Moldova Respublikasi 1947 - yili Sovet ittifoqi tomonidan anneksiya qilib olindi. Ortidan, 1957 - yili gagauz turkchasi uchun Komratning Chadir Lunga mintaqasi shevasi asosida kirill alifbosi bilan yozma til yaratildi. 1957 - yilning 16 – noyabri kuni qabul qilingan qonun bilan bu yozma tilda ta’lim olishga ham ruxsat berildi. Koʻp oʻtmay, 1958 - yilning 1 - sentabridan e’tiboran gagauz maktablarining birinchi, ikkinchi va uchinchi sinflarida dasrlarning hammasi gagauz turkchasida olib borildi. Toʻrtinchi sinfdan sakkizinchi sinfgacha esa rus tilida ta’lim berish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Shunga qaramay rus tilida yuritilgan sinflarga ham gagauz tili va adabiyoti darslari kiritildi.

Bu taʼlim tizimi bor - yoʻgʻi uch yil davom etdi va 1961 - yilda gagauz turkchasida taʼlim berish ishlari toʻxtatildi va taʼlim butunlay rus tiliga oʻtkazildi. Gagauz turkchasi esa faqatgina ona tili darslarida o‘rgatila boshlandi.

Gagauz turkchasining ta’lim tili sifatida saqlanib qolishi juda qisqa muddatli bo‘lsa - da, gagauz olimlari bu tilni tadqiq etishda davom etdilar va shu yozma til asosida asarlar yaratdilar. Natijada, juda katta adabiy asarga erishib boʻlmasa - da, gagauz ogʻzaki madaniyatini yozib olishga katta hissa qoʻshdi.

***

Sovet ittifoqi parchalanganidan keyingi davrda Moldova Konstitutsiyasiga koʻra, Gagauz avtonom yeri birinchi marta 1994 - yilning 23 - dekabrida tan olindi. Yangi davrda Gagauz yerining rasmiy tillari gagauz, rumin va rus tillari sifatida belgilandi. Gagauz turkchalari uchun lotin yozuviga asoslangan alifbo qabul qilindi.

Gagauz yerida gagauz turkchasining yozma va madaniy til sifatida rivojlanishini ta’minlash uchun 1995 - yildan keyin koʻplab chora koʻrildi. Shu doirada, ta’lim dasturi boshlangʻich sinflardan e’tiboran turli asarlar bilan boyitildi. Biroq har qancha urinishlarga qaramay, gagauz turkchasi orqali ta’lim berish ishlarini boshlash imkoni boʻlmadi.

Komrat davlat universiteti va Kishinyovdagi ba’zi rasmiy davlat universitetlari bilan Fanlar akademiyasi gagauz turkchasini akademik ta’lim va tadqiq qilishga e’tibor qaratdi. Kirill alifbosida chop etilayotgan «Ana so‘zi» kabi gazetalardan tashqari bir necha yangi gazeta va jurnallar ham nashr etila boshlandi. «GRT» deb nomlangan rasmiy davlat teleradio kanallari bilan ayrim xususiy tashkilotlarda gagauz turkchasida audio va video eshittirishlar vaqti yoki soatlari oshirildi. Shularga qaramay, gagauz turkchasini ommalashtirish nuqtai nazaridan koʻzlangan maqsadga erishildi deyish notoʻgʻri.

Ushbu dastur Turkiya ovozi radiosi uchun professor doktor Gulsum KILLI YILMAZ bilan maslahatlashgan holda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Ph.D) Saida BURKHANIDINOVA tomonidan tayyorlandi. 

 

 

 

 



Aloqador xabarlar