Turkiy tilining sehrli dunyosi - 6
Tatar turklari va ularning sharqiy turklar tarixidagi o‘rni.
Professor doctor Gulsum Killi Yilmaz bilan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Saida Burkhanidinova tomonidan tayyorlangan «Turkiy tilining sehrli dunyosi» deb nomlangan dasturimizning 6 – sonida, qisqacha tatar turklari va ularning sharqiy turklar tarixidagi o‘rni haqida so‘z qilamiz.
***
Turkiy tili 15 - asr boshidan 20 - asrning ilk yillariga qadar sharqda Chagʻatoy, gʻarbda esa O‘smonli degan nom bilan tanilgan ikkita turkiy adabiy til asosida rivoj topdi. Bu tillarni so‘zlashuvchilardan g‘arbiy turklar yuqorida nomi tilga olingan davrda, tarixning eng kuchli va eng uzun umrli davlati bo‘lgan O‘smonli imperiyasi bilan eng porloq va gullagan davrini yashar ekan; sharqiy turklar orasida esa Oltin - O‘rda xonligining parchalanishi bilan yangi ittifoqlar vujudga keldi. Shu doirada Qozon, Qrim, Astraxon, Qosim, Sibir va Turkiston xonliklari tashkil topdi. Qozon tatarlarining tarixi o‘sha paytda Idil daryosi bo‘yida asos solingan Qozon xonligiga borib taqaladi. Bu xonlik, 1552 - yili Ivan Grozniy degan nom bilan tanilgan Ivan IV tomonidan bosib olingan. Xuddi shu sanadan e’tiboran sharqiy turklar tarixida yangi davr boshlandi. Bu davrning davomi bugungi kundagi mustaqil Turkiy Respublikalar va jamiyatlarining chegaralari bosh bo‘lish bilan birga ularning madaniyati va tilining mavjud shaklini olishiga zamin tayyorladi. Boshqacha qilib aytganda sharqiy turklarning rus hukmronligi ostiga kirishining boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi. Shu bois ham Qozon xonligi nafaqat tatar turklari balki butun turk dunyosi tarixida burilish nuqtasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
***
Tatar nomi ilk bor Oʻrxun yozuvlarida “Otuz tatar” va “Toʻquz tatar” tarzida uchraydi. Biroq bitiklardagi bu etnik nomlarda turk qabilalari emas, balki moʻgʻul qabilalari nazarda tutilgan degan fikrlar bor. Tatar nomi keyinchalik Mahmud Qashqariyning mashhur “Divanu Lugati’t – Turk” asarida uchraydi. Mahmud Qoshqariy o‘z asarida tatar turklarini turk qabilasi sifatida qo‘lga oladi. Ba’zi olimlar tatar turklari, turklar bilan mo‘g‘ullar aralashmasidan tashkil topgan metis etnik xalq ekanini ta’kidlaydilar. Biroq ko‘pchilik mo‘g‘ullar istilosi davrida Shimoliy Qora dengizning cho‘l hududlarida ko‘chmanchi qipchoqlar yashaganligi, mintaqaga kelgan mo‘g‘ullarning turk ommasi bilan aralashib, vaqt o‘tishi bilan turk tilini o‘zlashtirgani haqidagi tezisni qo‘llab-quvvatlaydi. Tatar turklarining o‘z nomi bilan tarix sahifasiga chiqishi Oltin - O‘rda davriga to‘g‘ri keladi.
***
Bugungi kunda Idil mintaqasida yashovchi tatar turklari bilan Qrim yarim orolida yashagan tatar turklari Oltin - Oʻrda davrida bir xalq sifatida shakllangan boʻlsalar - da, Qozon va Qrim xonligi davrida bir - biridan uzoqlashgan. Tarix davomida Qrim - tatar turklari 15 – 18 asrlarda O‘smonli chegaralariga doxil bo‘lgan. Idil daryosi bo‘yida yashovchi tatar turklari esa 16 – asrda Chor Rossiyasi tasarrufiga oʻtgan. Bu jarayon Chor Rossiyasidan keyin Sovet ittifoqi bilan davom etar ekan, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi tarkibida davom etmoqda.
***
Dasturimizning keyingi sonida, tatar tili sotsiolingvistik jihatdan qo‘lga olinadi.
Ushbu dastur, «Turkiya ovozi radiosi» uchun «Turkiy tilining sehrli dunyosi» nomi ostida professor doctor Gulsum Killi Yilmaz bilan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Saida Burkhanidinova tomonidan tayyorlandi.