Energiya kun tartibi-32
Turkiya o'zining dengiz hududlarida, ayniqsa Qora dengizda gaz va neft qidiruv faoliyatini jadallik bilan davom ettirmoqda.
Respublika tarixidagi eng katta kashfiyot Qora dengizdagi Sakarya gaz konida amalga oshirildi. Anqara endi tabiiy gazni quruqlikka olib chiqishga tayyorlanmoqda. Bu safar flotga suzuvchi gazni qayta ishlaydigan platforma kemasi qo'shiladi.
Turkiya Kipr oroli atrofidagi uglevodorod inqirozidan keyin birinchi seysmik qidiruv kemasini sotib olishga qaror qildi.
Kipr Rum ma'muriyatining Turkiya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan tashqari 13 xil neft va tabiiy gaz qidirish maydonida xalqaro huquqni mensimagan holda qidiruv ishlari olib borishini e’lon qilishi, ortidan esa, ba'zi xalqaro kompaniyalarning seysmik tadqiqot va burg'ulash kemalari mintaqaga kirishga urinishi Anqarada katta noqulaylik tug'dirdi.
Turkiya Kipr Rum tomoniga, ayniqsa Turkiya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasining qit'a shelfidagi hududlarda qidiruv va burg'ulash faoliyati bilan shug'ullanishiga ruxsat bermadi.
Boshqa tomondan, qidiruv ishlari uchun seysmik tadqiqot kemasini sotib olishga qaror qilindi. “Barbaros Hayrettin Pasha” kemasi 2012-yilda Turk neft aktsiyadorlik jamiyati inventariga qo'shildi. Dengiz ostida 8 kilometr chuqurlikdagi geologik tuzilmalarni tadqiq qila oladigan kema Turkiyaning energiya sohasida ilk qadamlari tashlanishida muhim rol o'ynadi.
Uzunligi 84 metr, kengligi 17 metrdan iborat bo'lgan “Barbaros Hayrettin Pasha” kemasi soatiga 17 km tezlikka ega. Kema ustida vertolyotlar va ular uchun qo’nish porti o’rin olgan.
Kema O'rta yer dengizida o'z bayrog'ini ko'targandan so'ng, Qora dengizda birinchi seysmik tadqiqotlarni amalga oshirdi.
Biroq, Qora dengizdagi salohiyat va O'rta yer dengizi hamda Egey mintaqasida amalga oshiriladigan ishlar hisobga olinib, flotni tez orada kengaytirishga qaror qilindi.
2012 yilda Tuzla kemasozlik zavodida mahalliy imkoniyatlar bilan “Oruch Reis” kemasi qurilishi boshlandi. Kema 2015 yilda suvga tushirildi. 2017 yil aprel oyida O'rta yer dengizida neft va tabiiy gaz qidirish faoliyatlarini boshladi.
Mineral tadqiqotlar va qidiruv agentligi tomonidan boshqariladigan “Oruch Reis” kemasi 87 metr uzunlikka va 23 metr kenglikka ega bo’lib, u dengiz ostida 15 kilometr chuqurlikda neft va tabiiy gaz qidira oladi. Kema 17 dengiz mili tezlikka erisha oladi.
Bu jarayonda seysmik tadqiqotlar yetarli emas edi. Shu sababli burg'ulash ishlarini boshlashga qaror qilindi.
Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan “Fotih” burg’ulash kemasi Norvegiyadan sotib olindi. Ushbu kema yuqori texnologiyali kemalar uchun ishlatiladigan 6-avlod darajasida.
O'z sinfidagi 16 ta kema orasida dunyodagi eng yaxshi 5 ta kema qatoriga kiradi. U dengizda juda yuqori bosim ostida 12120 m chuqurlikda, dunyodagi eng chuqur hudud bo'lgan Mariana chuqurligidan ham chuqurroq hududda burg'ulash ishlarini olib borish imkoniyatiga ega. Ultra chuqur burg'ulash qobiliyatiga ega bo'lgan kemaning uzunligi 229 metr, kengligi esa, 36 metrni tashkil qiladi.
Kemaning 64 metr balandlikdagi ikkita minorasi 1750 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega. Kema faol joylashishni aniqlash tizimi tufayli 6 metr balandlikdagi ulkan to'lqin sharoitida ham barqaror qolib, faoliyatini davom ettira oladi.
“Fotih” kemasi 2018 yilda Turk Petrol Korporatsiyasi tomonidan boshqarila boshlandi. U o'zining birinchi faoliyatini O'rta yer dengizida amalga oshirdi. 2018-yil 29-oktyabrda “Alaniya-1” konida burg‘ulash ishlari boshlandi.
Kema shuningdek, 2020 yilda Istanbulning zabt etilishining 567 yilligi doirasida Qora dengizda birinchi milliy burg'ulash ishlarini amalga oshirdi.
“Tuna 1” konida olib borilgan ishlar avgust oyida o‘z samarasini berdi. “Fotih” burg'ulash kemasi “Tuna 1” konida 2 ming 100 metr chuqurlikda 320 milliard kub metr tabiiy gaz topishga muvaffaq bo’ldi. Oradan atigi 1 yil o‘tib, “Amasra 1” qudug‘ida 135 milliard kub metr tabiiy gaz topildi.
Egey va O'rta yer dengizi bilan bir qatorda, Qora dengizning kashfiyotlar ketma-ketligi va salohiyati tufayli Turkiya burg'ulash kemalari sonini ko'paytirishga qaror qildi.
2018 yilda flot tarkibiga “Yavuz” burg’ulash kemasi qo'shildi. Kema Ispaniyaning “Algeciras” portidan jo‘nab, 2019-yil 22-fevral kuni Marmara dengiziga yetib keldi. Kema 2019 yil 20 iyunda Sharqiy O'rta yer dengizida o'z missiyasini boshladi.
“Yavuz” kemasi 6-avlod ultra chuqur suvli burg'ulash kemasi bo'lib, uning uzunligi 230 metr va kengligi 36 metrni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, Turkiyaning burg’ulash kemalari safiga uchinchi kema “Qonuniy Sulaymon” kemasi qo’shildi. Turkiya ehtiyojlaridan kelib chiqib, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan va Braziliyada faoliyat yuritayotgan “Sertao” nomli kemani 2012-yilda sotib olishga qaror qilindi. 2020-yilda Turk neft korporatsiyasi kemani o'z flotiga qo'shdi. “Tashuju” portiga olib kelingan kemaning nomi “Qonuni Sulton Sulaymon” deb o'zgartirildi.
Usunligi 227 metr va eni 42 metr bo'lgan kema “Turkali-2” qudug'ida birinchi sinovlarini o'tkazdi.
2022 yilga kelib, “Abdulhamid Xon” burg’ulash kemasi ishga tushirildi. Dunyo bo'ylab 7-avlod ilg'or texnologiyaga ega 5 ta burg'ulash kemasidan biri bo'lgan "Abdülhamid Xan" kemasining uzunligi 238 metr va kengligi 42 metrni tashkil qiladi.
Texnik jihozlari va jismoniy xususiyatlari bilan uglevodorodlarni qidirayotgan flotning eng kattasi bo'lgan “Abdülhamid Xan” kemasi, ikki tomonlama xavfsizlik tizimi bilan uglevodorod qidiruv ishlarini olib bormoqda. U 12 ming 200 metrgacha burg'ulash ishlarini olibborish qobiliyatiga ega.
Turkiyaning energiya floti bular bilan cheklanib qolmadi, Izmir Aliaga va Hatay Dörtyoldagi suzuvchi LNG suyultirilgan gaz saqlash va qayta gazlashtirish terminali flotning eng muhim elementlaridan biridir. Seysmik tadqiqotlar, burg'ulash va gaz saqlash kemalaridan so'ng Turkiya yana bir muhim yutuqni amalga oshirdi.
Turkiya o'zining energiya flotiga suzuvchi gazni qayta ishlash platformasini qo'shishga tayyorlanmoqda. Ushbu yangi kema bilan ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirishga harakat qilinmoqda. Ushbu kema bilan xom tabiiy gaz dengizning o'rtasida qayta ishlanishi mumkin va tabiiy gaz kemadan “Filyos” quvur liniyasiga uzatilishi mumkin.
Sakarya gaz konida faoliyat yuritadigan 360 metr kenglikdagi suzuvchi platforma 5 million xonadonning elektrga bo’lgan ehtiyojlarini qondira oladi. Singapurdan yo’lga otlangan kema, taxminan 2 oy davom etadigan safardan so'ng “Filyos” portiga yetib kelishi rejalashtirilgan.