Energiya kun tartibi-27

Terror tashkiloti PKK/YPG Suriya shimolida ishg'ol qilgan hududlarda mahalliy saylovlar o'tkazishga kirishdi.

2157666
Energiya kun tartibi-27

 

Terror tashkiloti PKK/YPG Suriya shimolida ishg'ol qilgan hududlarda mahalliy saylovlar o'tkazishga kirishdi.  Turkiya na Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga, na xalqaro huquqqa to'g'ri kelmaydigan bu tashabbusga keskin munosabat bildirdi.

Turkiyaning mintaqada terror davlati barpo etilishiga yo'l qo'ymasligi haqidagi ogohlantirishlaridan so'ng, terror tashkiloti AQSh tomonidan ham qo'llab-quvvatlangan saylovni ikki marta kechiktirishga majbur bo'ldi.  Saylov 18 avgustga qoldirilgani e'lon qilindi. Hozirda Turkiyaning aniq pozitsiyasi tufayli noqonuniy saylovga urinishlar kutilmayotir.

Qolaversa, bu tashabbusga Suriya milliy koalitsiyasi hamkorlaridan biri bo'lgan Suriya kurd milliy kengashi va mintaqadagi qabilalar ham qarshilik ko'rsatmoqda.

Xo'sh, nega terror tashkiloti AQSh ko'magida mintaqada ustunlikni qo’lga kiritib, qonuniylikka erishmoqchi?

Buning eng muhim sabablaridan biri, Suriyaning energiya manbalarini qonuniylik deb atalgan holda nazorat ostida ushlab turishdir.

Suriya mintaqadagi Eron va Iroq kabi davlatlar bilan qiyoslanadigan darajada bo’lmasa ham neft va tabiiy gaz manbalariga ega. 2011-yilda boshlangan ichki urushdan oldin o’ziga yetarli darajada bo’lgan Suriya rejimi urushning vayronkor ta’siri, terror tashkilotlari va mamlakatdagi tashqi qurolli kuchlarning mintaqaviy hukmronligi sababli energiya manbalarining deyarli barchasining nazoratini qo’ldan boy berdi.

Qolaversa, Furot daryosidagi qishloq xo'jalik yerlari va to'g'onlar terror tashkilotlari tomonidan bosib olindi. Suriyaning neft zaxiralari 2,5 milliard barrelga baholanmoqda. Fuqarolar urushidan oldin Suriyada yiliga oʻrtacha 9 milliard kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarilar edi.

Terror tashkiloti DEASH 2013-yil o'rtalaridan boshlab, mamlakatda o’z ta'sirini o'tkaza boshlaganidan beri energiya sohalarida oldinga siljish strategiyasini davom ettirdi. 2016-yilda terror tashkiloti PKK/YPG bu hududlarning katta qismini AQSh ko’magida qo’lga kiritdi.

SETA tomonidan tayyorlangan “Suriyadagi tabiiy resurslarga qarshi urush” sarlavhali hisobotga koʻra, terror tashkiloti PKK/YPG tomonidan ishgʻol qilingan mintaqadagi “Al-Omar hududi” mamlakatga tegishli boʻlgan eng yirik neft koni hisoblanadi.

Bundan tashqari, bosib olingan Dayr-az-Zor mintaqasi ham neft konlariga boy va mamlakatning muhim tabiiy resurslariga ega hududlardan biridir. Birgina Dayr-az-Zor sharqidagi neft konlari mamlakatdagi barcha energiya resurslarining 30 foizdan ortig'ini tashkil qiladi.

Hisobotga ko'ra, PKK/YPG terror tashkiloti mamlakatning barcha energiya manbalarining qariyb to'rtdan uch qismini nazorat qilayotgani ta'kidlangan. AQSh ma'muriyati tomonidan qo’llab-quvvatlangan PKK/YPG bu konlardan taxminan 1,1 milliard dollar neft daromadi olgani taxmin qilinmoqda.

Terror tashkiloti PKK/YPG va rejim Hasaka hududida neft quduqlarini birgalikda nazorat qilmoqda. Neft ishlab chiqarish davom etayotgan Rumeylan, Suveydiye va Karachok konlarida 350 ga yaqin kichik diametrli quduqlardan kuniga 30-35 ming barrel neft qazib olinmoqda.

Terror tashkiloti Suriyaning eng yirik tabiiy gaz inshooti Konokoni ham egallab oldi. Bu hududda har yili taxminan 1,4 milliard kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarilishi taxmin qilinmoqda.

Terror tashkiloti PKK/YPG ham AQShning harbiy yordami bilan mamlakatdagi muhim to’g’onlarni ishg’ol qildi.


Tanlangan kalimalar: #energetika , #Turkiya

Aloqador xabarlar