Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 25

«Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr» dasturining bugungi sonida mashhur olim, turkolog va tilchi Vilgelm Radlov haqida soʻz qilamiz.

2153982
Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 25

Turkologiya yoki turkiy lahjalari haqida gap ketganda eng avvalo Vilgelm Radlov koʻz oʻngimizga keladi. Zamonaviy turkologiya faniga asos solgan Fridrix Vilgelm Radlov, turk dunyosiga koʻrsatgan xizmatlari tufayli «Turkologiyaning otasi» sifatida tanildi. U 1837 - yili Berlinda, politsiyachilar oilasida tugʻildi. Roppa - rosa 17 yoshida, 1854 – yili Berlin universitetining falsafa fakultetiga oʻqishga kirdi. U falsafadan tashqari tilshunoslikka ham qiziqa boshladi va muhim tilshunos olimlarning lektsiyalarini eshitib, anjumanlarida ishtirok etdi. Tilga boʻlgan ishtiyoqi tufayli arab, fors, xitoy va manjur tili kabi sharq tillarini oʻrgandi. Radlovning sharq tillari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishishida nemis olimi, poliglot Vilgelm Shott katta rol o‘ynadi. Undan moʻgʻul, tatar, manjur va xitoy tilini oʻrgandi. Radlov shu qiziqishi tufayli Rossiyaga borishga qaror qildi va rus tilini o‘rganishga kirishdi. Jena universitetida 1858 – yili doktorlik darajasini oldi va xuddi oʻsha yili Rossiyaga bordi. U Sankt – Peterburg universitetida imtihon topshirib, natijada oʻqtuvchilik diplomini qoʻlga kiritdi. Ortidan esa Barnauldagi maktablardan biriga oʻqituvchi boʻlib tayin qilindi.

Rossiyaga koʻchgan Radlov turkiy qabilalarining tili, tarixi, folklor va etnografiyasi ustida tigʻiz ish olib boradi. Uning haqiqiy ilmiy faoliyati atigi 22 yoshida, umrining 12 yilini oʻtkazgan Sibir safarida boshlanadi. Vilgelm Radlov Sibirda yashagan paytlarida bir tomondan muallimlik qilar ekan, ikkinchi tomondan esa Turkistonda yashagan turli qabilalar bilan tanishib, ularning tili bilan madaniyati haqida ma’lumotlar toʻplaydi. Radlov sayohatlari davomida umumiy turk tili, xalq adabiyoti, folklor, arxeologiya, geografiya, statistika va iqtisod sohalarida materiallar to‘plagan. Uning turklarni yaqindan tanishini, 1866 – yili chop etilgan «Turk qabilalaridagi xalq og‘zaki ijodi namunalari» deb nomlangan ilk asari uchun qalamga olgan muqaddimasidan bilib olishimiz mumkin. U ushbu muqaddimada bu borada: «Dunyoda hech bir til oilasi turk tili qadar keng hududga tarqalmagan. Afrikaning shimoli - sharqiy mintaqasidan Turkiyaga qadar, Rossiyaning janubi - sharqidan Sibir janubi va Gobi choʻlining ichki qismlariga qadar boʻlgan hududda turk tilida soʻzlashuvchi qabilalar yashaydi. Ularning yirik qismi islom dinini qabul qilganidan keyin boshqa xalqlar, ayniqsa, o‘z dindoshlari bo‘lmish arab va forslar ta’sirida qolganlar. Buni koʻproq adabiy asarlarida ko‘rish mumkin. Turklar bu borada faqatgina oʻz tillariga toʻgʻri kelmaydigan arab yozuvini oʻzlashtiribgina qolmay, ayni vaqtda yozuv tillaridan olingan minglab soʻzga ham oʻz tilidan oʻrin berganlar. Eng muhimi bu orqali shunday yozuv tili paydo qilganlarki, buni, ustida rang – barang va turli – tuman yamoqlari bor koʻylakka oʻxshatish mumkin. Bu yozuv tili tabiiy olaroq turk xalqi uchun tushunarsiz doiradan iborat boʻlib, xalq madaniyatini koʻtarish oʻrniga aksincha uning yangi oziqlarni iste’mol qilishiga monelik qilgan desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu esa, uning rivojlanishiga va koʻkarishiga yoʻl qoʻymayotgan edi». – degan soʻzlarga oʻrin bergan.     

Radlovning Rossiyadagi hayoti va ilmiy faoliyatlari Oltoy, Qozon va Peterburg deb uch davrga boʻlinadi. Ilk davri deb hisoblangan 1859 - 1871 yillarda Oltoy va Gʻarbiy Sibir turklarining tili, etnografiyasi va folkloriga oid materiallar toʻpladi. Bunga qoʻshimcha ravishda Sharqiy Qirgʻiz dashtlari, Xakasiya va Yettisuv viloyatlarida ham ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Qozon davri 1871 - 1884 yillarga toʻgʻri kelar ekan, u paytlarda, pedagogik va ma’muriy ishlar bilan shugʻullandi. 1884 - 1918 yillardagi Peterburg davri esa Osiyo xalqlarining tarixi va adabiyoti sohasida «ordinaryus akademik» unvonini olishi bilan boshlandi. Uning turkologiyaga qo‘shgan salmoqli hissalaridan biri runik yozuvlarni topishi bo‘ldi. Shu asosda 1891 – yili Radlov yetakchiligida bir hay’at Mo‘g‘ulistonga borib, u yerda, tadqiqot ishlari yuritadi. Xuddi shu yillarda «Codex Cumanicus», «Qutadgʻu bilig» kabi durdona asarlar ustida xizmati katta boʻldi. Uning eng yirik asari 1888 - yili nashr etilgan «Turkiy lahjalar lug‘ati tajribasi» asaridir. Radlov uyg‘ur qo‘lyozmalari va asarlari bilan ham yaqindan qiziqib, bu borada ko‘plab asar qalamga olgan. U, ilmiy izlanishlardan tashqari ma’muriy ishlar bilan ham shug‘ullangan. Shu doirada 1885 - 1890 yillarda Fanlar akademiyasining Osiyo muzeyi, 1894 - 1918 yillarda Antropologiya va etnografiya muzeyi direktori bo‘lgan. Rus geografiya jamiyati, Sibir tadqiqotlari jamiyati, Rossiya arxeologiya jamiyati kabi muassasalar faoliyatida faol ishtirok etgan. Garchi u universitetlarda dars bermagan bo‘lsa - da Nikolay Fyodrovich Katanov, Platon Mihailovich Melioranskiy, Sergey Yefimovich Malov, Aleksandr Nikolayevich Samoylovich kabi ko‘plab taniqli olimlarni yetishtirishda hissasi kattadir. Radlovning maqolalari va sayohati haqida qalamga olgan xotiralaridan tashqari jami 20 ta muhim asari nashr etilgan. 1918 - yilning 29 - aprelida Peterburgda vafot etgan Radlov, turkologiya sohasida ulkan kashiyotlar va yangiliklar yaratgan olimdir. Uning yirik olim ekanini o‘zi yozib qoldirgan quyidagi so‘zlar isbotlamoqda deyish mumkin: «Men butun umrim davomida yangi ilm, turkologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi uchun mehnat qildim. Qo‘limdan kelganicha bu ilmni rivojlantirishga xizmat qildim. Shu bois ham men olib borgan faoliyatlar, boshqalarining ham yordamiga muhtoj bo‘lgan bu ilm sohasining kamol topishi turkologiyaning davom etishi uchun asosiy unsurdir».

Vilgelm Radlov turk dunyosini turli jihatlardan tadqiq qilgan, turkologiya tarixida yangi davrni ochgan va 81 yillik umrining 60 yilini shu faoliyatlarga bag‘ishlagan turkolog sifatida hamisha tarix sahifalarida qoladi.

«Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr» dasturini, «Turkiya ovozi» radiosi uchun Nazgul Kadirova tayyorladi.

 

 



Aloqador xabarlar