O'zbekistondan xabarlar-29
Senatorlar konstitutsiya loyihasining keng targ’ib qilishmoqda.

Joriy yilning 30 aprel kuni O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi konstitutsiyasining loyihasi uchun referundum o’tkazilishi belgilangan. Shu munosabat bilan Senatorlar joylarda aholi vakillari bilan uchrashuvlar o’tkazib konstitutsiya loyihasining mazmun mohitatini tushuntirib bormoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov va Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova Bo‘stonliq tumani hokimligi xodimlari, davlat organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, ijtimoiy soha vakillari hamda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari bilan uchrashdi.
Unda konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Xususan, Q.Burxonov yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni o‘zgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qo‘yilayotganini taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, ushbu konstitutsiyaviy qoidalarda mustaqilligimizni asrab-avaylash va yana-da mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari ko‘zlangan islohotlar yo‘lidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga eʼtibor va g‘amxo‘rlik kabi muhim qadriyatlar mujassam bo‘lganiga, ular davlatchilikning tamal toshi sifatida mustahkamlanayotganiga urg‘u berildi.
Yana shunday tadbir bir Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Anvar To‘ychiyev ishtirokida bo‘lib o‘tdi, unda bundan 31 yil muqaddam 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning yangi tahriri loyihasiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘z bordi.
— Barchaga maʼlumki, Konstitutsiya davlatimizning asosiy qonunidir, – dedi Anvar To‘ychiyev. – U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beribgina qolmay, xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasidir.
Bundan bir yil muqaddam, xalq muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Konstitutsiyaviy komissiyaga 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Muhimi, Komissiya aʼzolari tomonidan ushbu taklif va munosabatlar, fikr va mulohazalar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Eski tahrirdagi Konstitutsiya 128 ta moddadan tarkib topgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi, o‘zgartirilgan va qo‘shimcha kiritilgan Konstitutsiya 155 ta moddadan iborat. Mamlakat rivoji, ertangi kuni, muxtasar qilib aytganda aholini haq-huquqlari, millat hayotining davomiyligini taʼminlashga qaratilgan milliy strategiyamiz o‘z ifodasini topgan.
Misol uchun, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 48-moddasi “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash choralarini ko‘radi. Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi” degan mazmundagi hayotiy norma bilan mustahkamlab qo‘yildi.
Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida soha xodimlari, senator Anvar To‘ychiyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish bahs munozaralarga boy bo‘lib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati ochib berildi. Joriy yilning 30-aprel kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va unda faol ishtirok etish yuzasidan tushunchalar berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirish, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish ko‘zda tutilmoqda.
Bu albatta, davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Senating Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov hamda senator Abduraxim Irkayev Qashqadaryo viloyatining bir qator hududlarida, xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali hamda Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiya institutida tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etib, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan bu va shu kabi bir qator normalar haqida batafsil tushuntirishlar berdi.
Jumladan, T.Madumarov mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi amalga oshirilib, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich, yaʼni viloyat Kengashlari uchun 2024-yildan, tuman Kengashlari uchun esa 2026-yildan eʼtiboran tugatilayotganligi mamlakatda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar, davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi bo‘lishini taʼkidladi.
O‘z navbatida, mahalliy davlat boshqaruvi sohasida kiritilayotgan mazkur o‘zgarishlar butun davlat hokimiyati tizimini demokratlashtirishga, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini izchillik bilan amalga oshirishga hamda chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishga xizmat qiladi.
Qibray tumani hokimiyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M. Kadirxanova, Qibray tumani hokimi M.Mirkasimov, tuman adliya bo‘limi boshlig‘i D.Matrasulov, tuman hokimligi mutasaddilari, davlat boshqaruv organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, ijtimoiy soha vakillari hamda mahalliy Kengash deputatlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini taʼminlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda masʼuliyatini oshiradi hamda insonga meʼyoridan ortiq huquqiy taʼsir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, yaʼni “sukut saqlash” huquqi belgilanmoqda.
Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qatʼiy belgilanishi inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligini taʼminlaydi.
Tadbir davomida Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi va yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
O‘z navbatida, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimi xodimlari bilan tashkil etilgan Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi.
Qo‘mita raisi mazkur tadbir doirasida maʼruza bilan ishtirok etib, yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida xizmat qilishini taʼkidlab, ayrim muhim va dolzarb masalalarga to‘xtaldi.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oliy Majlisning jamiyat hayotidagi o‘rni, roli va taʼsirini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilmoqda. Xususan, Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek, monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini Senat tomonidan saylash amaliyoti joriy etilmoqda. Shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha aʼzolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilayotganligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik, atrof muhitni muhofaza qilish, huquqiy davlat qurish, inson huquq va erkinliklarining kafolatlari, yoshlar huquqlari himoyasi kabi masalalar Konstitutsiyada nazarda tutilayotgan asosiy yangilik hamda muhim yo‘nalishlar ekanligi eʼtirof etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida suv xo‘jaligi xodimlari yangilanayotgan Konstitutsiya bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Ayni kunlarda Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov Surxondaryo viloyatining bir qator tuman va shaharlarida bo‘lib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, yangi normalarni qo‘shishdan ko‘zlangan maqsadlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga batafsil tushuntirmoqda.
Jumladan, senator viloyatning Sho‘rchi tumanida pedagog rahbar va xodimlar bilan uchrashib, u yerda senator Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati, taʼlim rivojiga doir muhim jihatlar xususida maʼlumotlar berdi.
Tadbir davomida yangilanayotgan Konstitutsiya matnining 50 va 52-moddalarida maktab va maktabgacha taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha qator huquqiy asoslar keltirilgani qayd etildi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 52-moddasida O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi, davlat o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi qatʼiy belgilab qo‘yilgan.
O‘z navbatida, muloqot davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Cho‘lliyev “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida tashkil qilingan tadbirda ishtirok etdi.
Senator mazkur tadbir doirasida maʼruza qilib, O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi borasida ayrim muhim va dolzarb masalalar, asosiy yangiliklari hamda muhim yo‘nalishlar haqida batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, davlat hokimiyatini tashkil etish asoslari, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining maqomi, o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashmoqda, davlat hokimiyatining oliy organlari o‘rtasidagi balans, muvozanat kuchaytirilmoqda. Parlament vakolatlari kuchaytirilib, Senatning hududiy vakillik palatasi sifatidagi maqomi takomillashtirilmoqda.
Shuningdek, yangilayotgan Konstitutsiyada Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlari Senat tomonidan saylanish amaliyotini joriy etish taklif etilayotganligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan fikr va mulohazalar bildirilib, mamlakatimizda yaqinlashib kelayotgan muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etish har bir fuqaroning burchi ekanligi eʼtirof etildi.
Senator va deputatlarning hududdagi uchrashuvlari davom etmoqda.