Yevroosiyo kun tartibi - 30

Dasturimizning bugungi sonida o‘tgan hafta Turk Respublikalari kun tartibida qayd etilgan muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

1963103
Yevroosiyo kun tartibi - 30

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 2023-yilning 16-marti kuni Shushada oʻtkazilishi rejalashtirilgan Turk Davlatlari Tashkilotining favqulodda sammiti Turkiyani qoʻllab-quvvatlash maqsadida Anqarada oʻtkazildi. “Ofat hamda Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va insonparvarlik yordami” mavzusida uyushtirilgan sammitda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Turkiya Prezidentlari, Turkmaniston Xalq maslahati raisi hamda Vengriya Bosh Vaziri ishtirok etdi. Sammitda tabiiy ofatlar, Turk Respublikalarining bunday vaziyatlarda bir yoqadan bosh, bir yengdan qoʻl chiqarishining instutsional tus olishi, Turk sarmoya fondi muhokama qilindi. Sammit yakunida Anqara deklaratsiyasi, Fuqarolik mudofaa mexanizmi va Turk sarmoya fondini tashkil etish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.

Tashrif doirasida Turk Respublikalari liderlari ikki tomonlama uchrashuvlar ham oʻtkazdilar. Navbatdagi sammit joriy yilning oktabr oyida Qozog‘istonning Turkiston shahrida boʻlib oʻtadi. Sammit haqida shuni aytib oʻtishimiz zarur, Turkiyadan boshqa Turk Respublikalari ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi uchun aniq qadamlar tashlashi lozim. Chunki ba’zi Turk Respublikalarida mavzu haqidagi xabarlarda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidentining sammitdagi ishtiroki borasida hech qanday ma’lumot berilmagani e’tiborlardan chetda qolmadi.

Oʻtgan hafta Turkiyada bo‘lib o‘tgan boshqa muhim masala esa Moʻgʻuliston Tashqi ishlar vaziri Batmunh Battsesegning rasmiy tashrifi edi. 2023-yilning 13-marti kuni Turkiyaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan Batmunh Battseseg, Turkiya Vitse-prezidenti Fuat Oʻktay, Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushoʻgʻlu va UNESCOning Turkiya Milliy komissiyasi rahbari Oʻjal Oʻgʻuz bilan alohida-alohida uchrashdi.

Unda ikki tomonlama munosabatlarga oid masalalar muhokama qilindi. Tashqi ishlar vazirlarining mushtarak matbuot anjumanida Battseseg, “Turkiya tomonidan olib borilayotgan insoniy diplomatiyaning dunyo hamjamiyati manfaatiga qoʻshgan hissasi ham Covid-19 davrida hamda Rossiya-Ukraina urushi chogʻida isbotlandi”.-dedi. Turkiya bilan Moʻgʻuliston oʻrtasida uchta shartnoma imzolandi. Bu tashrif uning Moʻgʻuliston Tashqi ishlar vaziri sifatida oxirgi 31 yilda Turkiyaga uyushtirgan ilk tashrifi sifatida qayd etildi.

O‘tgan hafta boshqa Turk Respublikalarida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Shu doirada 2023-yilning 13-14-marti kunlari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Germaniyada bo‘lib qaytdi. Prezident Aliyev Berlinda Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va Germaniya kansleri Olaf Sholts bilan alohida-alohida uchrashdi. Tashrif doirasida Prezident Aliyev Germaniyaning 30 ga yaqin ishbilarmoni bilan uchrashdi.

Qozog‘iston va O‘zbekistonda muhim saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. 2023-yilning 19-marti kuni Qozog‘istonda parlament va mahalliy kengash saylovlari uyushtirildi. Saylovlar Prezident Qasim Jo‘mart Toqayev tomonidan e’lon qilingan siyosiy islohotlar doirasida o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonda keyingiga qoldirilgan yangi Konstitutsiya haqidagi referendum shu yilning 30-aprelda bo‘lib o‘tadi. Bu referendum O‘zbekiston kuchiga-kuch qo‘shishga xizmat qiladi.

 



Aloqador xabarlar