O'zbekistondan xabarlar-28

O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston hamkorligi

1963050
O'zbekistondan xabarlar-28

 

O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston hamkorligi mustahkam poydevorga ega. Umumiy tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimizning o‘xshashligi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda muhim ahamiyatga ega.

Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli bugungi kunda hamkorlikning barcha jihatlarini qamrab olgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston ikki tomonlama aloqalarida, shu jumladan, parlamentlaro hamkorlik yo‘nalishida ham bugun misli ko‘rilmagan yuksalish kuzatilmoqda.

Joriy yilning 17-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamenlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ta’kidlanganidek, parlament a’zolari ko‘magida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalar faol rivojlanib, buning natijasida qo‘shma loyihalar ilgari surilmoqda. Shu bilan birga muloqot chog‘ida parlamentlararo hamkorlik dinamikasi, uni istiqbolda yanada jadallashtirish, bunda hali ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Senat Raisi Qirg‘iziston Jogorku Keneshi bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni davom ettirishga va o‘zaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlarning mavjud salohiyatini maksimal darajada oshirishga qat’iy e’tibor qaratilishini ta’kidlab o‘tdi.

“Ikki mamlakat parlamentlarining hozirgi bosqichdagi asosiy vazifasi yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishda ko‘mak va qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib turibmiz. Parlamentlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiya o‘ziga bildirilgan umidlarni oqlamoqda. O‘ylaymanki, parlamentlarimiz ko‘magi va komissiya faoliyati bilan biz aniq natijalarga erishishimiz mumkin. Shu nuqtai-nazardan komissiyaning yig‘ilishi kun tartibi tomonlar uchun dolzarb bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy, transchegaraviy, mintaqaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini qamrab olgan”.

O‘z navbatida Nurlanbek Azigaliyev Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda so‘nggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan parlamentlararo aloqalar  muhim o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.

“Biz hamkorlikni bundan keyin ham kengaytirishdan manfaatdormiz. To‘g‘ri ta’kidlab o‘tganingizdek, o‘zaro munosabatlar nafaqat parlamentlar o‘rtasida balki, qo‘mitalararo ham aloqalarni mustahkamlash zarur. Parlamentlarimiz muloqoti nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli munosabatlarni kengaytirishga balki, ikki davlatning barcha muhim yo‘nalishlarda hamkorlikdagi harakatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash yo‘lida qonunchilikni takomillashtirishda muhim omil bo‘ladi”.  

Uchrashuv yakuni bo‘yicha ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan muntazam ravishda hamkorlik qilish va fikr almashishni davom ettirishga kelishib olindi.

2023-yil 17-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikning keyingi ustuvor yo‘nalishini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Komissiyaning O‘zbekiston tomonidan hamraisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan munosabatlarni mustahkamlash hamda kengaytirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26-27-yanvar kunlari Qirg‘iziston Respublikasiga qilgan davlat tashrifi natijalarining tarixiy ahamiyatiga, uning doirasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi masalalarini hal etish bo‘yicha muhim ikki tomonlama kelishuvlar imzolanganiga alohida urg‘u berdi.

Tomonlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonining yakunlanishi ikki mamlakat barqarorligi, xavfsizligini mustahkamlashga va birgalikda ravnaq topishiga xizmat qilishiga qat’iy ishonch bildirdi.

Hamraislar tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish va ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish muhimligini yana bir bor tasdiqladi.

Tomonlar mazkur Komissiya doirasidagi parlamentlararo hamkorlikning, shuningdek, parlament delegatsiyalari va ikki mamlakat parlamentlari do‘stlik guruhlarining o‘zaro tashriflarini qayd etdi.

Qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini o‘rganish, shuningdek qonun ijodkorligi faoliyati, parlamentlarning nazorat va vakillik funksiyalarini amalga oshirish tajribasini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi parlamentlari o‘rtasida doimiy aloqalarni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etishini qayd etib, o‘zaro savdo hajmini izchil oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ikki mamlakat tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar yuksak darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirishda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Shuningdek, Komissiya majlisida o‘ziga xos format –  Ikki davlat chegara hududlari rahbarlari kengashi nuqtai nazaridan mintaqalararo hamkorlik istiqbollariga batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Tomonlar chegaradosh hududlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan hamkor tadbirlarni o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, sport, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari alohida muhokama qilindi.

Tomonlar bugungi muzokaralar turli darajalarda erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirishga xizmat qilishini, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Majlis yakunida tomonlar o‘zaro kelishuv asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisi muddatlari xususida kelishuvga erishdi. 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Qirg'iziston

Aloqador xabarlar