Turk adabiyotining mashur vakili, ustoz yozuvchi Yashar Kamol

Yashar Kamol, Turk adabiyotiga 26 ta roman, 11 ta insho, 9 ta reportajlar to‘plami, 2 ta qissa va she’r kabi asar meros qoldirdi.

1958813
Turk adabiyotining mashur vakili, ustoz yozuvchi Yashar Kamol

Hayoti davomida turli adabiy janrda koʻplab asarlar qalamga olgan va odatda Anado‘luni tasvirlagan hikoyalari bilan tanilgan ustoz yozuvchi Yashar Kamol, 1923-yilning 6-oktabrida tavallud topdi.

Uning bolaligi oson kechmadi. Yashar Kamol 3 yoshida baxtsiz hodisa tufayli chap ko‘zidan ayrilgan. Sakkiz yoshida yozishga qiziqib qolgan adabiyotchining tabiatga, atrof – muhit va o‘zi yashayotgan jamiyatga bo‘lgan qiziqishi eng katta ilhom manbai edi.

Ilk kitobi 1943-yili chop etildi

Chukurova va Toros tog‘laridan to‘plagan motam qo‘shiqlarini o‘z ichiga olgan birinchi kitobi 1943 - yilda nashr etildi.

Yashar Kamol 1946-yili harbiy xizmatini oʻtagan Kayserida oʻzining birinchi uzun hikoyasini qalamga oldi.

Istanbulga 1951-yili ko‘chib o‘tgan yozuvchi, shundan keyingi faoliyatini “Yashar Kamol” imzosi bilan davom ettirishga qaror qildi.

Oʻz asarlarida Anadoʻlu xalqining iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini tushuntirishga harakat qilgan Yashar Kamol, ayrim asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi tufayli Yevropada ham tanila boshladi.

“Chaqaloq”, “Doʻkonchi” va “Mamad” deb nomlangan qissalarini ham o‘z ichiga olgan “Jazira” kitobini 1952-yili yozgan adib, bu asarida qashshoqlik, zo‘ravonlik, birdamlik, buzuqlik, tabiatga bo‘lgan ishtiyoq va inson oʻrtasidagi ziddiyatga e’tibor qaratdi.

Ozg‘in Mamad asari katta shuhrat olib keldi

Yashar Kamolning birinchi bobini 1955-yilda qalamga olgan “Ozg‘in Mamad” yirik asari 4 bobdan iborat. Ushbu asar yozuvchining katta shuhrat qozonishiga yo‘l ochdi va mazkur kitob 40 dan ortiq tilga tarjima qilindi.

Taniqli yozuvchi oʻz asarlarida sodda va ravon til uslubini qo‘llash yoʻlini tanlar ekan, roman va hikoyalarida asosan Chukurovadagi inson dramalarini qo‘lga oldi.

Yashar Kamolning 9 ta asari, jumladan “Ozg‘in Mamad” ham ekranlashtirildi va bir necha asari teatr sahnasiga moslashtirildi. Kitoblarida Anadoʻlu haqidagi rivoyat va ertaklardan ham foydalangan yozuvchi, 1970-yildan keyin yozgan romanlarida shahar aholisi hayotini tasvirladi.

Chet elda ikkita, jami yettita universitetning faxriy doktori unvoniga sazovor boʻlgan yozuvchi, 1973-yilda adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod qilib koʻrsatildi va butun dunyoga tanildi. Yashar Kamol keyinchalik ham bir necha bor Nobel mukofotiga nomzod koʻrsatilgan.

She’r, qissa, roman, reportajlar to‘plami, xotira, xikoyalar to‘plami, o‘yin, latifa, maqola va ssenariylar kabi ko‘plab adabiy turda asarlar qalamga olgan Yashar Kamol, Turk adabiyotiga 26 ta roman, 11 ta insho, 9 ta reportajlar to‘plami, 2 ta qissa va she’r kabi asar meros qoldirdi.

Yashar Kamol bir necha o‘rgan yetishmovchiligi va yurak ritmi buzilishi tufayli 2015-yilning 28-fevrali kuni 92 yoshida, Istanbulda vafot etdi.

 


Tanlangan kalimalar: #Turk adabiyoti , #Yashar Kamol

Aloqador xabarlar