O'zbekistondan xabarlar-27

O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining yangi loyihasini referendumga qo’yish masalasi senatorlarimiz tomonidan ko’rib chiqildi.

1960755
O'zbekistondan xabarlar-27

 

2023-yil 14-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Joriy yil 10-mart kuni Qonunchilik palatasi majlisi o‘tkazilib, unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumni tayinlash va uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qarorda, uning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash uchun uni Konstitutsiyaviy sudga yuborish va uning xulosasini olish ham belgilangan edi.
Konstitutsiyaviy sud joriy yil 13-mart kuni o‘z majlisini o‘tkazib, yuqoridagi qarorni o‘rgandi va uni Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi. “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Senatda ko‘rib chiqildi.
Majlisda, ta’kidlanganidek, konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarishlarning uzviy qismi bo‘lib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratadi hamda Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqeilikka va shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtiradi. 
Xalqimizning, ekspert va mutaxassislarning takliflari, xalqaro va xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olingan
“Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi kerak” g‘oyasi asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumhalq muhokamasi o‘tkazilib, jami aholidan uni takomillashtirish bo‘yicha 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan va ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olgan. 
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida BMT, YeXHT, ShHT, YeI, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin mamlakatlar konstitutsiyalari puxta tahlil etildi. 
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama qilindi, 10 ga yaqin xorijiy va xalqaro ekspertizalardan o‘tkazilib, ular tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekiston davlatining huquqiy maqomi bo‘yicha qat’iy normalar kiritilmoqda
Ilk marotaba Konstitutsiyada O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligi o‘zgarmas qoida sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu qat’iy norma jonajon Vatanimiz mustaqilligini asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarni jadal davom ettirish hamda huquq ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda ahil qo‘shnichilik va strategik hamkorlikka sodiq qoladi 
O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik prinsiplari bilan bir qatorda davlatlar hududiy yaxlitligi prinsipining ham e’tirof etilishi yurtimizning xalqaro huquqning umume’tirof etilgan g‘oyalariga sodiq ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada oshiradi.
Senatorlar tomonidan qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzni eritish” oson bo‘lmagani, bu juda katta siyosiy iroda, mashaqqatli mehnat talab etgani, birgina qardosh Qirg‘iziston bilan 30 yillik chegara muammosi yechilgani hisobiga, 2 milliondan ziyod vodiy aholisi o‘z yaqinlari va qarindosh-urug‘lari bilan erkin bordi-keldi qilish imkoniga ega bo‘lgani alohida ta’kidlandi. 
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda
Loyihada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati sifatida muhrlab qo‘yilmoqda.  Senatorlar ushbu norma butun Konstitutsiya mazmuniga singdirilganligini ta’kidlab o‘tdilar. Xususan, inson huquq va erkinliklari qonunlar, davlat organlari va ular mansabdor shaxslari faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilaydi, deb aks ettirilmoqda. 
Shu bilan birga inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Loyihada “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson huquqlari borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga ko‘paymoqda. Xususan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi, har bir shaxs yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi, ushbu huquqning cheklanishi va turar joyda tintuv o‘tkazishga faqat sud qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi haqida jinoyat protsessida shaxs daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlovchi norma kiritilmoqda.
Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi ilk marotaba Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yilmoqda. 
Ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyiliga qaratilgan ijtimoiy davlat belgilari o‘z ifodasini topdi
O‘zbekistonni ijtimoiy davlat deb belgilash – bundan buyon davlatning ustuvor siyosati ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlashga, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatishga qaratilishidan dalolat berishi ta’kidlandi.
Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda.
Muhokamada davlat o‘z zimmasiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashish, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish bo‘yicha  majburiyatni olayotganligi ham ijtimoiy davlatga xos ekanligi ta’kidlandi.
Har bir inson uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekanligi, davlatning uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyli bo‘lish huquqini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish majburiyati belgilanmoqda.


Senatorlar tomonidan o‘tgan yili mamlakatda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgani, bu yil 90 ming hamda 2-3 yilda 200 ming oilani uy-joyli qilish rejalashtirilganligi ta’kidlandi. Ushbu konstitutsiyaviy norma mazkur marralarga erishish 
va bu boradagi ishlarni davom ettirish uchun kafolat bo‘lishi qayd etildi. 
Aholi sog‘lig‘ini saqlashning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlanmoqda
Majlisda loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘payganligiga, xususan, ilk marotaba har bir insonning sog‘lig‘ini saqlash huquqi hamda aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi Konstitutsiya darajasida e’tirof etilayotganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat aholiga bir qator tibbiy xizmatlarni bepul ko‘rsatish majburiyatini o‘z zimmasiga olmoqda. 2023 yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinishi, ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshirilishi ta’kidlandi.
Ta’lim olish huquqi va o‘qituvchilar – Konstitutsiya himoyasida
Loyihada ilk marotaba oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar kiritilmoqda. 
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi kafolatlanmoqda. Senatorlar 2017 yilgacha oliygohlarga kirish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelganligi, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgarib, grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetganini alohida ta’kidlab o‘tdilar. 
Senatorlar ushbu normalar yosh avlodning zamonaviy mutaxassisliklarni egallashi, oliy ma’lumotli bo‘lishi, ta’lim tizimini barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan muhim qoidalar belgilanganligini alohida ta’kidladilar.
Shu bilan birga alohida ehtiyojlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning tashkil etilishi, ularni hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishini yo‘lga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi. 
Loyihada davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlang‘ich professional ta’lim bepul ekanligi ham belgilanmoqda. Muhokamada so‘nggi olti yilda bolalarning bog‘cha bilan qamrovi 27 foizdan 70 foizga oshgani hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar bu borada yangi marralarga erishish imkonini berishi ta’kidlandi.
Senatorlar tomonidan o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish borasidagi normaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Majlisda ushbu norma yurtimizda o‘tgan olti yil ichida o‘qituvchining qadrini ko‘tarish, uning nufuzi va mavqeini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni mustahkamlashi va o‘qituvchilarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Majburiy mehnat taqiqlanishining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilanmoqda.
Uzoq yillar davomida jamiyatimizda ulkan muammo bo‘lgan va yurtimizning xalqaro imijiga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnatga to‘liq barham berildi. 2009 yildan beri mamlakatimizga tamg‘a bo‘lib kelgan “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining “paxta boykoti” 2022 yilda bekor qilinganligi ham bu boradagi ishlarimizning amaliy natijasi bo‘ldi. 
Senatorlar bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnatining taqiqlanishi Asosiy qonunimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib qo‘yilayotganligi ushbu salbiy illatning tarixda qolishi uchun kafolat bo‘lishini ta’kidladilar.
Bozor mexanizmlari yanada rivojlantiriladi va xususiy mulk daxlsizligi kafolatlanadi
Milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirish sohalariga ham alohida e’bor qaratilib, davlat tomonidan bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilishni ta’minlash mexanizmlari belgilanmoqda.
Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida 2030-yilga borib aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravarga va daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish vazifasi qo‘yilgan. Taklif etilayotgan normalar ushbu marralarga erishish va iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyihada mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi,  tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda. Bu esa, iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratishi ta’kidlandi.
Yoshlar, bolalar, ayollar huquqlari – davlat himoyasi ostida bo‘ladi 
Loyihada inson huquqlari va erkinliklari, bolalar, yoshlar huquqlari, oila masalalariga bag‘ishlangan kafolatlar kuchaytirilmoqda. Xususan, yoshlar, bolalar, ayollar, oila haqida g‘amxo‘rlik qilish davlat 
va jamiyatning eng muhim vazifasi sifatida muhrlanmoqda. Davlat tomonidan yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlari himoya qilinishi belgilanmoqda.


Senatorlar yangi O‘zbekistonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat 
va jamiyat ishlaridagi ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida dadil qadamlar qo‘yilganligini qayd etdilar. 
Xususan, ilk marotaba xotin-qizlarning milliy parlamentimizdagi ulushi BMT tavsiyalariga mos 32 foizga yetdi. Ayollar ulushi davlat xizmatida – 33 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida– 46 foizni, ta’limda – 74 foizni, tibbiyotda – 77 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqin ayollarimiz davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. 
Senatorlar loyihada aholimizning 18 milliondan ortig‘ini tashkil etuvchi yoshlar masalasiga bag‘ishlangan alohida bob kiritilayotgani muhim ahamiyatga egaligini alohida ta’kidladilar. 
Xususan, yoshlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olmoqda. Ushbu qoidalar yoshlar hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini ta’minlashi ta’kidlandi.
Fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilishga oid normalar konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda
Fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlashga bag‘ishlangan maxsus huquqiy normalar, hususan davlat tomonidan atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash yuzasidan choralar ko‘rishi belgilanmoqda.
Majlisda ushbu konstitutsiyaviy norma yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida belgilangan 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish, iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqaradigan zararli gazlar hajmini yalpi ichki mahsulot hisobida 
10 foizga qisqartirish kabi maqsadlarga erishish uchun poydevor bo‘lishi alohida ta’kidlandi. 
Shu munosabat bilan senatorlar fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sirini oldini olish maqsadida davlat shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratadi, deb ta’kidladilar.
Fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalariga oid normalar yanada  rivojlantirilmoqda
Fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi konstitutsiyaviy jihatdan yanada kuchaytirilmoqda, ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilib, fuqarolik jamiyati institutlariga ta’rif berilmoqda va ular faoliyati kafolatlari belgilanmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi ishtirokini ta’minlash Hukumatning eng muhim vazifalari sifatida belgilanmoqda.
Senatorlar o‘tgan 6 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi 25 baravarga oshganligini, nogironligi bo‘lgan shaxslarning 472 ta jamoat birlashmasi, 150 ta milliy madaniy markazlar faoliyatini budjetdan moliyalashtirish tizimi joriy etilganligini va konstitutsiyaviy normalar bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab bo‘lishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Majlisda loyihadagi ushbu normalar ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etishi, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashi, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, yurtimizda so‘z va axborot erkinligini yanada yuksaltirish uchun zamin hozirlashi qayd etildi.
Davlat hokimiyati tizimi tubdan isloh etilib, parlamentarizm yanada kuchaymoqda
Davlat hokimiyatini tashkil etish asoslari, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining maqomi, o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashmoqda, davlat hokimiyatining oliy organlari o‘rtasidagi balans, muvozanat kuchaytirilmoqda. Parlament vakolatlari kuchaytirilib, Senatning hududiy vakillik palatasi sifatidagi maqomi takomillashtirilmoqda. 
Amaldagi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lgan bo‘lsa, loyihaga asosan ularning soni 12 ta bo‘lmoqda. Senatning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga oshmoqda.
Loyihaga muvofiq, ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olinib, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish  va ma’qullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilayotganligi, Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuv o‘tkazish tartibi joriy etilayotganligi Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatish jarayoni yanada demokratlashtirilayotganligi qayd etildi.
Yangilayotan Konstitutsiyada Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek monopoliyaga  va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyotini joriy etish taklif etilayotganligi qayd etildi.
Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod bo‘yicha avval Senatda maslahatlashuvlar o‘tkazilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilayotganligi bildirildi.
Majlisda Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish vakolatining Bosh qomusda mustahkamlanayotganligi mahalliy Kengashlarga hokimning raislik qilishiga oid tartib bekor qilinayotgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitda ular faoliyatini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishi, Senatning hududlar manfaatlarini ifodalaydigan organ sifatida mahalliy Kengashlar mas’uliyatli va xalqchil bo‘lishi uchun mas’uliyatini oshirishi ta’kidlandi.
Senatorlar tomonidan Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida quyi palataga kiritish huquqi berilayotganligi yuqori palataning qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini, shu jumladan, xalqni qiynayotgan masalalarning qonuniy yechimini hal etish bo‘yicha faoliyati natijadorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Yalpi majlisda Senat tarkibini ixchamlashtirish orqali uning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida senatorlar soni amaldagi 100 тадан 65 taga o‘zgarayotganligi, bunda Senatni shakllantirishning amaldagi tartibi, shu jumladan, joylardan teng vakillikni saqlab qolinishi muhokama qilindi. Ushbu norma Senat faoliyatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar mohiyatiga monand modernizatsiyalash imkonini berishi ta’kidlandi.
Hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilmasligi belgilanmoqda
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish to‘g‘risidagi norma hokimiyat vakolatlarini bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga va hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, tegishli normativ-huquqiy bazani tayyorlash, mahalliy vakillik va ijroiya davlat hokimiyati organlari faoliyatining izchilligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida, ushbu tartib Toshkent shahar va viloyatlarda 2024-yildagi navbatdagi vakillik organlariga saylov natijalari bo‘yicha, tuman va shaharning davlat hokimiyati vakillik va ijro organlariga nisbatan 2026-yil 1-yanvardan qo‘llanilishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi. 
Sud hokimiyati mustaqilligi kafolatlari kuchaytirilmoqda
Senatorlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga sudlar faoliyati mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, sudyalar daxlsizligi va muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muhim normalar kiritilayotganligi odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish uchun muhim kafolat bo‘lishini ta’kidlab o‘tdilar. 
Ayniqsa sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat budjetidan amalga oshirilishi va u odil sudlovni to‘liq, mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy norma chinakam adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. 
Fuqarolarga sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqining berilishi mutlaqo yangicha demokratik tartib bo‘lib, fuqarolarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish imkonini beradi.
Majlisda Konstitutsiyaning yangi tahriri ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lishi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishi e’tirof etildi.
Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar natijasida Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalari hajmi 
65 foizga oshdi. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarning soni va mazmuni Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish zaruratidan dalolat berishi ta’kidlandi.
Muhokamalar natijasida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilinib, unga ko‘ra referendum 2023 yil 30 aprel kuniga tayinlandi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar