Yevrosiyo kun tartibi - 22

Dasturimizning bugungi sonida o‘tgan hafta Turk Respublikalarda yuz bergan voqealar haqida so‘z qilamiz.

1938154
Yevrosiyo kun tartibi - 22

Ozarbayjon va Qozog‘iston Prezidentlari o‘tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif uyushtirdilar. Ushbu tashrifi chog‘ida, “Abu-Dabi barqarorlik haftaligi - 2023” sammitida ishtirok etdilar. 2023-yilning 15-yanvari kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ldi. Prezident Aliyev, Abu Dabida Prezident Shayx Muhammad bin Zoid al-Nahyon bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid masalalar muhokama qilindi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim Jo‘mart Toqayev, 2023 – yilning 16 – 18 - yanvari kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif uyushtirdi. Prezident Toqayev, Birlashgan Arab Amirliklari Davlat rahbari Shayx Muhammad bin Zoid al-Nahyon tomonidan tantanali ravishda kutib olindi. Shundan so‘ng delegatsiyalar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv ortidan tomonlar o‘rtasida 9 ta shartnoma imzolandi. Ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Tashrif doirasida Prezident Toqayev arab amirlari va nufuzli arab investorlari bilan alohida - alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti Toqayev, arab ishbilarmonlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, joriy yilning 17-19-yanvari kunlari rasmiy tashrif bilan Shveytsariyada bo‘lib qaytdi. Davos Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etgan Ilhom Aliyev ushbu forum doirasida Latviya va Litva Prezidentlari, Xorvatiya va Niderlandiya Bosh vazirlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa ittifoqi kabi xalqaro tashkilot va kompaniya rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ozarbayjonning energiya resurslarini Yevropaga yetkazib berish masalasi kun tartibida o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 17-18-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Singapur Respublikasida bo‘lib qaytdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Singapur Prezidenti Halima Yoqub va Bosh vazir Li Syan Lun bilan alohida - alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida tomonlar oʻrtasida 7 ta shartnoma va “Oʻzbekiston-Singapur” sarmoyaviy kompaniyasini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi. Mirziyoyev tashrifi doirasida Li Kuan Yu nomidagi xalq diplomatiyasi maktabiga tashrif buyurib, mamlakatning yetakchi ishbilarmonlari bilan uchrashdi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi.

O‘tgan hafta Turkmanistonga muhim tashriflar uyushtirildi. 18-yanvar kuni Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov Ashxobodga bordi. Rustam Minnixanov unda, Turkmaniston parlamenti raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi. 2023-yil 19-yanvar kuni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ldi. Bosh vazir Mishustin avvalom bor Ashxoboddagi turkman-rus maktabida bo‘ldi. Keyinroq Mishustin Prezident Serdar Berdimuhamedov va Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan alohida-alohida uchrashdi. Muzokaralardan so‘ng Mixail Mishustin Turkmaniston-Rossiya biznes forumida ishtirok etdi. Shuningdek, Ashxobod shahrida Rossiya savdo uyining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Voqealardan ko‘rinib turganidek Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari o‘tgan haftada chet elga muhim tashriflar uyushtirdilar. Ushbu tashriflar davomida iqtisodiyot, asosiy kun tartibiga aylandi. Ana shunday o‘zaro tashriflar tufayli Turk Respublikalariga chet el sarmoyalari kiritilmoqda.

 


Tanlangan kalimalar: #Ozarbayjon bilan Qozog‘iston

Aloqador xabarlar