O'zbekistondan xabarlar-20

O'zbekiston Respublikasi Senat qo’mitalarining 2022 yilda amalga oshirgan ishlari qisqacha muhokama etildi.

1937301
O'zbekistondan xabarlar-20

 

2023 yilning 18-yanvar kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining ham hisobat majlisi bo’lib o‘tdi.

Tadbirda senatorlar, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar kengashi a’zolari, qator tegishli vazirlik va idoralar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Hisobot davri  qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil  faoliyati,  parlament diplomatiyasini  samarali targ‘ib qilish bo‘yicha eng faol davrlardan biri bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Jumladan, 2022-yilda Qo‘mita tomonidan 9 ta qonun ko‘rib chiqilib, Senat yalpi majlislari muhokamasiga kiritilgani, qator muhim xalqaro bitim va shartnomalar ratifikatsiya qilingani qayd etildi. Senatorlar davlat chegarasi va transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish bilan bog‘liq masalalarni uzil-kesil tartibga solish yo‘lida muhim qadam bo‘lgan Qirg‘iziston bilan davlat chegarasining ayrim uchastkalarini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma va Andijon (Kampirobod) suv ombori to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilinishining alohida ahamiyatini ta’kidladi.

Xalqaro mehnat tashkilotining qurilishda xavfsizlik va mehnat gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirishga, qurilish sohasida xavfsizlik va mehnat gigiyenasi bo‘yicha xalqaro standartlar samarali joriy etilishini ta’minlashga ko‘maklashdi.

Izmir shartnomasining ratifikatsiya qilinishi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun huquqiy asos yaratdi.

2022-yilda Qo‘mita tomonidan 10 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi. Ularda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksportni kengaytirish yo‘lidagi mavjud to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga qaratildi. Jumladan, Qo‘mita tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha imzolangan “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish holati to‘g‘risidagi axboroti muntazam ravishda tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasining barcha diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ular biriktirilgan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarida ishlar samaradorligi to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.

Hududlar bilan o‘zaro hamkorlik, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha Qo‘mitaning yangi yondashuvlari qatorida tadbirkorlik subyektlarini o‘ylantirayotgan eng dolzarb muammolarni joylarda o‘rganish tashkil etildi. Misol uchun, mazkur o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha Qo‘mita tomonidan Farg‘ona viloyatida xalqaro, hududlararo transport yo‘laklarini, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha Transport vazirligining axboroti tanqidiy ruhda eshitildi.

Qo‘mitaga kelib tushgan fuqarolarning ko‘plab murojaatlari asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi faoliyati yuzasidan hisobot tinglandi.

Qo‘mita tomonidan Parlament diplomatiyasi konsepsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro tashabbuslarini xalqaro maydonda targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik bo‘yicha guruhlarning 30 dan ortiq majlislari o‘tkazildi. Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar – Parlamentlararo ittifoq (PA), YeXHT Parlament Assambleyasi (EXHT PA), MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” qabul qilindi.

Fuqarolar bilan muloqot qilish davom ettirildi. 2022-yilda Qo‘mita a’zolari tomonidan 3 mingga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi, fuqarolar ishtirokida 3137 ta sayyor va shaxsiy qabul tashkil etildi. Murojaatlarning katta qismi ijobiy hal etildi.

Respublika hududlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq Qo‘mita xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan izchil hamkorlikni davom ettirdi. Ularning takliflari asosida mamlakatimiz aholisini o‘ylantirayotgan bir qator dolzarb masalalar yuzasidan muhokamalar tashkil etildi.

 

19-yanvar kuni esa Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda Qo‘mitaning 2022-yildagi faoliyati yuzasidan jamoatchilikka axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, Qo‘mita qonunchilik, nazorat-tahlil faoliyatiga, joylarda aholini qiynab kelayotgan masalalarni ijobiy hal etish va ularga amaliy ko‘mak berish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, qolaversa, joylarda sayyor qabullar tashkil etish kabi ishlarga e’tibor qaratdi.

Xususan, Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 2 800 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi. Joylarda sayyor qabullar o‘tkazildi va 5 000 dan ziyod fuqarolarning muammolari tinglandi. Ko‘plab fuqarolarga huquqiy tushuntirish va yuridik maslahatlar berildi.

Oilaviy sharoiti sababli moddiy yordam so‘rab, ish haqini undirishda yoki kredit mablag‘lari ajratilishida va boshqa ijtimoiy masalalarda amaliy yordam so‘rab qilingan murojaatlar nazoratga olinib, ijobiy hal qilinishi ta’minlangan. Qo‘mita a’zolarining sa’y-harakatlari bilan aliment bilan bog‘liq 100 dan ortiq murojaatlar o‘rganilib, aliment pullari undirib berilgan.

Qo‘mita tomonidan jami 18 ta senator so‘rovi yuborilgan. Hududlar manfaatiga daxldor bo‘lgan 50 ga yaqin masala ko‘rib chiqilgan, ularning 30 ga yaqinini qonunlar tashkil etadi.

Shuningdek, Qo‘mita tomonidan qator qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring o‘tkazilib, ularni takomillashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq takliflar tayyorlandi va Senat Kengashi muhokamasiga kiritildi.

Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tomonidan hududlarda prokuratura faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida o‘rganish va tadbirlar tashkil etildi.

Qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazorat qilinishi yuzasidan Bosh prokurorning hisoboti, huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati hamda norma ijodkorligi faoliyati bo‘yicha adliya vazirining axboroti, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining axboroti eshitildi.

Bundan tashqari, 40 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlarining aholining murojaatlari bilan ishlash holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berilgan.

Shuningdek shu kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mitaning 2022-yildagi qonunchilik va parlament nazorati faoliyati borasida amalga oshirgan ishlari haqida axborot berildi.

Qo‘mita raisi Q.Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida 15 ta qo‘mita majlisi o‘tkazilib, ularda 63 ta masala ko‘rib chiqilgan. Jumladan, 10 ta qonun, 5 ta Senat qarori, 4 ta axborot, 4 ta hisobot va Vazirlar Mahkamasiga 1 ta parlament so‘rovi yuborish hamda 1 ta parlament so‘rovi natijalari haqidagi masala muhokama qilingan.

Ta’kidlanganidek, Qo‘mita qonunchilik faoliyati doirasida Senat yalpi majlislarida 9 ta qonunni ma’qullash va 1 ta qonunni rad etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida Qo‘mita tomonidan 14 ta tadbir o‘tkazildi. Xususan, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirlari hamda Milliy gvardiya qo'mondonining axborotlari eshitildi. Shuningdek, Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisobotlari, avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Bundan tashqari, IIV tomonidan Senatga kiritilgan axborotda qayd etilgan holatlar, xususan, huquqbuzarliklar oldini olish va ularning profilaktikasi holati yuzasidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, sohada uchrayotgan, shuningdek, fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolar bilan yaqindan tanishish maqsadida Qo‘mita a’zolari, viloyat IIB, Milliy gvardiya, prokuratura va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida Qashqadaryo, Andijon va Namangan viloyatlarida o‘rganishlar olib bordi.

Qo‘mita tomonidan bir qator qonunlar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Navoiy viloyatlarida o‘rganishlar olib borildi.

Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan bir qator xalqaro ilmiy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Shuningdek, Qo‘mita a’zolari xalqaro hamkorlik doirasida tashkil etilgan bir qator tadbirlarda ishtirok etdi.

Bundan tashqari, Qo‘mita a’zolari 2022-yil davomida Senat yalpi majlislarida muhokama qilingan qonunlar va boshqa masalalarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish hamda fuqarolarning huquqiy ongini oshirish maqsadida doimiy ravishda targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borishdi.

2022-yilda Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 6 mingdan ziyod yozma murojaatlar ko‘rib chiqildi. Nazoratga olingan va yuborilgan 905 ta murojaatdan 165 tasi ijobiy hal etildi.

Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralarni ko‘rish maqsadida 415 ta uchrashuv o‘tkazilib, ko‘tarilgan muammolarni joyida hal qilish choralari ko‘rilgan. Qo‘mita a’zolari tomonidan Senat binosida va hududlarda jami 4 309 nafar fuqaro qabul qilindi. Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida jami 11 ta senator so‘rovi yuborilgan. Natijada hududlarda aholini qiynab kelayotgan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, yo‘l qurilishi va davlat ehtiyojida buzilgan uylar uchun ajratilgan yer maydonlariga kommunikatsiya tarmoqlarini o‘tkazib berilishi bilan bog‘liq muammolar hal etildi.

Bundan tashqari, Qo‘mita tashabbusi bilan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani “Changtepa”, “Turkiston” va “Beshboy” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Changtepa” MFY da qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyiha doirasida hududda jami 4,7 mlrd so‘m hisobidan 9,6 km ichimlik suvi tarmoqlari va 1 ta inshoot qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, obyektda suv minorasini o‘rnatish va xonadonlarni tarmoqqa ulash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Majlis yakunida Qo‘mitaning 2023-yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi ham qizg‘in muhokama qilindi. 

Majlisda onlayn tarzda ishtirok etgan hududlardan saylangan senatorlar ham olib borgan amaliy ishlari yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi. Bunda ayniqsa, hududlarda fuqarolar manfaatlari bilan bog‘liq masalalar, hal etilayotgan ijtimoiy sohadagi muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

Majlis yakunida Qo‘mitaning qarori qabul qilinib, unda joriy yil ustuvor vazifalari belgilab olindi.

 

20-yanvar kuni bo’lsa Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qo‘mitaning 2022-yildagi faoliyati hamda 2023-yil birinchi yarim yilligida amalga oshiradigan ustuvor vazifalari haqida axborot berildi. 

Majlisda Qo‘mita a’zolari, doimiy asosda ishlovchi senatorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tgan vaqt mobaynida Qo‘mita tomonidan qonunchilik faoliyati doirasida 4 ta qonun va 2 ta masala dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritildi.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 7 ta hududda (Farg‘ona, Namangan, Andijon, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy va Xorazm viloyatlari) xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, muammolarini tizimli ravishda hal etish borasida o‘rganish ishlari olib borildi va ushbu masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Ularda asosiy e’tibor xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish va ish bilan ta’minlash, ushbu yo‘nalishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratildi.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq 44 vazirlik va idoralarda Qo‘mita ekspertlari ishtirokida gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etilishi holati o‘rganildi.
2022-yil 11-iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining xorijda ishlab qaytgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.

Shuningdek, 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi va uni 2021–2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi bo‘yicha har chorakda tegishli vazirlik va idoralar axborotlari eshitib borildi hamda ortda qolayotgan bandlar ijrosi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berib borildi.
2022-yil davomida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarni himoya qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga 18 ta senatorlik so‘rovi yuborildi. 

Xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini oshirish, rahbar ayollar safini yanada kengaytirish, yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Etakchi ayollari muloqoti” platformasi tashkil etilishi ta’minlandi. Jamiyat muammolariga befarq bo‘lmagan va o‘z tajribasidan kelib chiqib, masalalarga yangicha yondasha oladigan eng faol yetakchi ayollarni saralash masalalari ko‘rib chiqildi va mazkur platformaga 14 ta hududdan jami 182 nafar ayol biriktirildi.
Fuqarolar bilan muloqot qilish davom ettirildi. Hisobot davrida 2022-yilda Qo‘mitaga 2 028 ta murojaat kelib tushdi. Barcha murojaatlar nazoratga olinib, tegishli ravishda ko‘rib chiqilishi ta’minlandi.

Qo‘mita tomonidan tomonidan vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida 23 marotaba fuqaro qabuli o‘tkazilib, 620dan ziyod murojaatlar eshitildi va katta qismi ijobiy hal etildi.
Shuningdek, Qo‘mita tomonidan 2023-yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish reja haqida ham axborot berib o‘tildi.

20-yanvar kuni Senatning yana bir qo’mitasi Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining hisobot majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘mitaning 2022-yil mobaynida amalga oshirgan faoliyati muhokama qilindi. Majlisda senatorlar, ekspertlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyat mudirlari, yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vasitalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida Qo‘mita tomonidan 20 ta majlis o‘tkazilib, ularda faoliyatga doir 60 ga yaqin  masala ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, Qonunlarning hududlardagi ijro holati, Davlat dasturi, Prezident farmoni va qarorlarining ijrosini o‘rganish maqsadida nazorat tahlil faoliyati doirasida 9 ta tadbirlar amalga oshirilgan. Natijada dolzarb masalalar yuzasidan 2 ta Senat qarori va 7 ta qo‘mita qarori qabul qilinib, aniqlangan kamchiliklarni ijobiy hal etish choralari ko‘rilgan.

Xususan, Qo‘mitaning oilaviy bolalar uylariga berilayotgan bolalar sonini 3-5 nafar etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanib, Hukumat qarorida aks ettirilgan. Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib berish amaliyoti joriy etilgan.

Teatrlar tomonidan sahnalashtirilgan asarlar bo‘yicha 2009-2021 yillardagi mavjud qarzdorlik yuzasidan 63 nafar ijodkorga 193 ta mualliflik asari uchun jami 2,9 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Bundan tashqari, Qo‘mita o‘rganishlari natijasida Urganch tumanida maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati uchun 200 o‘rinli o‘quv binosi, 150 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona va oshxona binolarida to‘liq qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilishiga erishildi.

Hisobot davrida Qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 784 ta yozma murojaat kelib tushdi. Shundan, 156 tasiga tushuntirish berildi, 260 ta (33 foiz) nazoratga olingan murojaatdan 135 tasi ijobiy hal etildi hamda turli takliflar bo‘yicha yo‘llangan 15 ta murojaatga tegishli tartibda munosabat bildirildi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 1 791 ta yozma murojaat ko‘rib chiqildi. 287 ta sayyor va 529 shaxsiy qabul tashkil etildi. Ushbu qabullarda 2000 dan ortiq masala ijobiy hal qilindi. Qo‘mita a’zolari tomonidan murojaatlarda aniqlangan masalalar yechimini topish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 31 ta senator so‘rovi yuborildi. 

Qo‘mita faoliyati davomida dolzarb mavzularda davra suhbatlari, seminar va xalqaro darajadagi uchrashuvlar hamda respublika darajasida sport musobaqalari tashkil etildi.

Majlis davomida Qo‘mitaning 2023-yildagi ustuvor vazifalari ma’lum qilindi. Jumladan, madaniyat va san’at ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar ijrosini o‘rganish, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan Andijon va Farg‘ona viloyatlarida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish, mahallalarda tashkil etilgan aholini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari faoliyatini tahlil qilish kabi masalalar Qo‘mitaning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi.

Shu tariqa Senatning barcha qo‘mitalari hisobat majlislari bo’lib o’tmoqda.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar