O'zbekistondan xabarlar-10

Joriy yilning 14 noyabr kuni Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Bahtiyor Sayfullaevning “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Osman Mesten bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

1906848
O'zbekistondan xabarlar-10

 

Joriy yilning 14 noyabr kuni Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Bahtiyor Sayfullaevning “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Osman Mesten bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari hamda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Dastavval tomonlar 10-11 noyabr' kunlari Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti a'zo davlatlar uchun samarali va manfaatli bo‘lganini,  unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga tadbiq etishda parlamentlar imkoniyatlaridan foydalanish zarurligiga e'tibor qaratdilar.  

Ta'kidlanganidek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keng qamrovli sheriklik darajasida har tomonlama rivojlanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi loyihalarni hayotga tatbiq etish dolzarbligi ta'kidlandi.

Muloqot davomida parlament faoliyati samaradorligini oshirishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashish, jumladan, qo‘mitalarning o‘zaro aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega ekani, bu o‘z navbatida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni saqlab turish, tajriba almashish, turli tadbirlarda ishtirok etish imkonini berishi alohida qayd etib o‘tildi.

Shu kunning o’zida Senatning yalpi majlisi oldidan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo’mitasining majlisi bo’lib o’tdi.

Unda senatorlar, Vazirlar Mahkamasi vakillari, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashining yoshlar masalalariga mas'ul doimiy Komissiya raislari, vazirlik va idoralar mas'ullari, Yoshlar parlamenti a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastavval 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

Hukumat vakillari tomonidan davlat dasturi ijrosi yuzasidan atroflicha ma'lumotlar berildi.

Senatorlar davlat dasturidagi ayrim vazifalar ijrosi kechikayotganiga e'tibor qaratishdi. Xususan, tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn yo‘nalishlarida yetuk mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, kinoshaharlarni barpo etish borasidagi ishlarni yanada jonlantirish lozimligi alohida ta'kidlandi.

Majlisda “Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta'minlash choralari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida”gi masala ham muhokama etildi.

Ta'kidlanganidek, mamlakatda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 48 ta davlat muzeyi va ularning 73 ta filialida qariyb 2,5 mln muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda. Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta'minlash sohasida ayrim hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar dolzarbligicha qolayotgani ta'kidlandi.

Xususan, sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjud. 2008 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “Muzeylar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida Madaniyat vazirligi muzeylarni boshqarish sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida qayd qilingan. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi PF–6199-sonli Farmoni bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalari va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob'ektlari O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga o‘tkazilgan.

Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda bo‘lib, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etmoqda.

Hukumat tomonidan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartiblari belgilangan, xolos. Biroq Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.

Shu kabi muammo va kamchiliklar muzeylardan ko‘plab noyob eksponatlar o‘g‘irlanishi yoki qalbakisiga almashtirib qo‘yilishiga olib kelmoqda.

Jumladan, respublika bo‘yicha 14 ta muzeyning 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklari talon-taroj qilingan.

Umuman, 30 yilda madaniy meros ob'ektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trln so‘mdan oshgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta'minlash borasida olib borilgan profilaktik ishlar, ko‘rilgan choralar hamda ko‘zda tutilayotgan rejalar to‘g‘risida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qo‘yilgan parlament so‘rovini yalpi majlis muhokamasiga olib chiqish masalasi Qo‘mita a'zolari tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.

Majlis yakunida kun tartibidagi masalalarga doir Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.


Tanlangan kalimalar: #Osman Mesten , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar