O‘zbekiston xabarlar-06
Tanzila Narbayeva “Better Cotton Initiative” (BCI) nodavlat notijorat tashkiloti menejeri Reychel Bekket bilan uchrashdi.
Joriy yilning 14 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva “Better Cotton Initiative” (BCI) nodavlat notijorat tashkiloti menejeri Reychel Bekket bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani, bu undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirgani alohida ta’kidlandi.
Konstruktiv va amaliy jihatlarni qamrab olgan muloqot davomida O‘zbekiston va “Better Cotton Initiative” o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlarni joriy etish, ularni tegishlicha litsenziyalashtirish hamda eng birinchilar qatorida mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarimizda kuzatuvchanlik tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar BCIning Toshkentdagi vakolatxonasini tez kunlarda ta’sis etilishi yuzasidan kelishib oldilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, BCI “paxta dalasidan sotuvgacha” bo‘lgan butun ishlab chiqarish jarayonini sertifikatlash bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning mingdan ortiq a’zosi mavjud bo‘lib, ular qatoriga H&M, Gap, IKEA, Levi Strauss, Zara, Hugo Boss, Adidas, Puma kabi 80 dan ziyod dunyoning eng yirik brendlari ham kiradi.
***
Shuningdek shu kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʼmitasining kengaytirilgan majlisida Oʼzbekistonning Saudiya Аrabistoni Podshohligi, Oʼmon Sultonligi, Quvayt va Isroildagi elchilarining hisobotlari tinglandi. Eshituvda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, davlat korxonalari rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va OАV vakillari ishtirok etdi.
Oʼzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, shu jumladan, toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalarni jalb etish, eksportni kengaytirish va respublika hududlariga turistlar oqimini koʼpaytirishga qaratilgan aniq loyihalar, ularni ijrosi boʼyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Ochiq muhokamada diplomatik missiyalarning keng koʼlamli masalalari va ustuvor vazifalari koʼrib chiqilib, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Xorijda respublikaning iqtisodiy manfaatlarini targʼib qilish borasidagi tizimli kamchiliklar koʼrsatib oʼtildi.
Elchixonalar tashabbusi bilan boshlangan mamlakatimiz hududlaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi muammolarga alohida eʼtibor qaratildi. Senatorlar elchixonalar tomonidan siyosiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yoʼnalishlarida muayyan ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, diplomatik missiyalar rahbarlarining iqtisodiy diplomatiya yoʼnalishidagi faoliyatida amaliy natijalar yoʼqligi tanqid qilindi. Jumladan, respublika hududlariga biriktirilgan mazkur elchixonalarning ishlari qoniqarsizligi qayd etildi. Xususan, Isroil (Buxoro viloyati), Quvayt (Jizzax viloyati), Saudiya Аrabistonidagi (Surxondaryo viloyati) elchixonalar taklif qilgan loyihalarning birortasi ham bugun amalga oshirilmayapti.
Bundan tashqari, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, hamkor davlatlarning shaharlari oʼrtasida qardoshlik munosabatlarini yoʼlga qoʼyish borasida tizimli va samarali ish olib borilmayotgani taʼkidlandi.
Senatorlar milliy sayyohlik va hunarmandchilik mahsulotlarini xorijda targʼib qilish borasidagi natijalar pastligidan ham xavotir bildirdi. Xususan, 2022 yilning birinchi yarim yilligida Oʼzbekistonga Saudiya Аrabistonidan 446 nafar, Oʼmondan 98 nafar, Isroildan 2679 nafar va Quvaytdan bor-yoʼgʼi 235 nafar sayyoh kelgan, bu esa mavjud salohiyatga mutlaqo mos kelmaydi.
Shuningdek, parlament aʼzolari investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish jarayonida respublika diplomatik missiyalarining taklif va murojaatlarini koʼrib chiqishda tegishli boshqarmalar va kompaniyalar, shuningdek, joylardagi hokimliklar bilan oʼzaro aloqa zaifligi va ishlar uncha tez amalga oshirilmasligi yuzasidan tanqidiy fikrlarini bildirdi.
Oʼzbekiston elchixonalari bilan hamkorlikni tegishli tarzda muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi. Majlis doirasida senatorlar neftь va gaz qazib olish, neft-kimyo, agrobiotexnologiya, farmatsevtika va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning barcha imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Oʼzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga ular faoliyati samaradorligini oshirish boʼyicha batafsil tavsiyalar berildi va aniq vazifalar qoʼyildi. Majlis yakunlari boʼyicha Oliy Majlis Senati qoʼmitasi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shuningdek Senat qomitasi tomonidan 15 oktabr kuni O‘zbekiston hamda Qozog‘iston va Rossiya parlamentlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyalarning navbatdagi majlislariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi chaqirildi.
Yig‘ilishda senatorlar, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimizning Qozog‘iston va Rossiyadagi elchilari ishtirok etdi.
***
Joriy yilning 27-28 oktabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasining navbatdagi kuzgi sessiyasi doirasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qozog‘iston va Rossiya parlamentlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyalarning navbatdagi majlislari kun tartiblariga kiritilgan masalalar muhokama qilindi.
Komissiyalarning majlislariga tayyorgarlik kurish, tadbirlarni mazmunan boyitgan holda natijadorligini ta’minlash va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.
Shu bilan Oliy Majlis Senatida shu va shu kabi muhim masalalar yuzasidan ishlar ketmoqda.