O'zbekistondan xabarlar-03

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatida mehnat munosabatlari va kasaba uyushmalari yo‘nalishida xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

1885235
O'zbekistondan xabarlar-03

 

Joriy yilning 21 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi – Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbaeva Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining navbatdagi yigʼilishida ishtirok etish uchun O’zbekistonga tashrif buyurgan Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasining vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Moʼgʼiliston kasaba uyushmalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Tanzila Narbaeva O’zbekistonda soʼnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbuskorligi natijasida mehnat munosabatlari tizimida sezilarli oʼzgarishlar boʼlgani, sohada tashkiliy-huquqiy, qonunchilik hamda xalqaro standartlarni joriy etish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilganini taʼkidladi.

Muloqot davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etilishida xalqaro maydonda tan olingan Oʼzbekiston tajribasi alohida qayd etildi.

Shuningdek, bolalar mehnatini va majburiy mehnatni oldini olish borasida fuqarolik jamiyati institutlari, kasaba uyushmalari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlik olib borilayotganligi alohida eʼtirof etildi.

Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik alohida oʼrin tutishi, soʼnggi yillarda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat sharoitlarini takomillashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tomonlar mehnat munosabatlarini takomillashtirishda mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ushbu jarayonlarda kasaba uyushmalari faoliyatini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Xususan, 2021 yilda Oʼzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining faoliyatiga alohida toʼxtalib oʼtildi.

Taʼkidlanganidek, Kengashning oʼtgan davrdagi faoliyati davomida qator tadbirlarni amalga oshirib, mehnat munosabatlarini takomillashtirishda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qoʼshdi.

Uchrashuv yakunida mehnat munosabatlari yoʼnalishida hamkorlikdagi loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar