O'zbekistondan xabarlar-02

Joriy yilning 13 sentyabr kuni, Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼttiz ikkinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi.

1882633
O'zbekistondan xabarlar-02

 

Joriy yilning 13 sentyabr kuni, Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼttiz ikkinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi.

Unda Senat, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Yalpi majlisni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʼrinbosarini saylash masalasi koʼrib chiqildi.

Unda “Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʼgʼrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 9 va 15-moddalariga hamda “Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʼgʼrisida”gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq Murat Kallibekovich Kamalov Oliy Majlis Senati Raisining oʼrinbosari lavozimidan ozod etildi.

Аmanbay Tleubaevich Orinbaev Oliy Majlis Senati Raisining oʼrinbosari etib saylandi.

Bu borada Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Xabaringiz bor, 29-yalpi majlisda senatorlar tomonidan hududlardagi ayrim muammoli masalalar koʼtarilgan edi.

Ularni har tomonlama oʼrganish va hal etish choralarini belgilash maqsadida mutasaddi vazirlik va tashkilotlar belgilangan edi.

32-yalpi majlisda kun tartibidagi masalalardan tashqari ushbu muammolar yechimi boʼyicha amalga oshirilgan ishlarga qisqacha toʼxtalib oʼtildi.

Tanqidiy muhokamalar davomida vazirlik idoralarning shunchaki axborot yoki hisobotlari emas, senatorlar tomonidan berilayotgan savollarga aniq javob berishi aytib oʼtildi.

Muhokamalar davomida Senat Raisi Tanzila Narbaeva - Senat yalpi majlislariga tanqidiy masalalarni olib chiqish, bu kimningdir ishidan ayb qidirish emas. Аksincha, aholi vakillarini qiynayotgan muammolarga yechim topishdir. Bizga tashkilotning ish faoliyati yuzasidan axborot yoki hisoboti emas, savollarga aniq javob berishi soʼraladi, - deya taʼkidlab oʼtdi.

Shuningdek, Senat yalpi majlisida Navoiy va Samarqand viloyatlarida yangi ish oʼrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash boʼyicha amalga oshirilgan ishlarni oʼrganish natijalari muhokama etildi.

Mazkur viloyatlarda ishsizlikni kamaytirish borasida muayyan natijalarga erishilgan. Xususan, qariyb 120 ming ishsiz fuqaroga mehnat organlari tomonidan bandlik xizmatlari koʼrsatilgan. 31 ming nafar fuqaro boʼsh ish oʼrinlariga joylashtirilgan.

Shu bilan birga yangi ish oʼrinlarini yaratishda bir qator kamchiliklarga yoʼl qoʼyilgan.

Ish oʼrinlari toʼgʼrisidagi umumiy hisobotni shakllantirishda takrorlanuvchi raqamlarni chegirib tashlash, soliq organi va Yagona milliy mehnat tizimi elektron maʼlumotlari bazasiga muvofiqligini taʼminlash ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Jumladan, Samarqand viloyatida turizm yoʼnalishida yakka tartibda tadbirkorlik subʼektlarini tashkil etish hisobiga yaratilgan 5,2 ming ish oʼrni bir vaqtning oʼzida tadbirkorlikni rivojlantirish yoʼnalishida yaratilgan ish oʼrinlarida ham takror qayd etilgan.

Senat raisi Tanzila Norboeva ushbu masala yuzasidan fikr bildirib, yangi ish oʼrni yaratish hisobotbozlik uchun boʼlmasligi kerakligiga eʼtibor qaratdi. Baʼzan bir millionlab ish oʼrni yaratildi, degan hisobotlar beriladi, lekin bu yoqda odamlar xorijga ish izlab ketayotgan boʼladi. Bunday holatlarga chek qoʼyish, yangi ish oʼrinlari real yaratilishi, qolaversa, bu ish oʼrni ishga kiruvchining manfaatdorligini ham taʼminlashi kerak.

Аlbatta, hisobotlar ham kerak. Lekin turli idoralar hisobot yigʼadi, ammo ular baʼzan bir xil raqamlarni qamrab oladi va yakunda raqamlar amaldagidan koʼpayib ketadi. Mana shunday tafovutlarni yoʼq qilish kerak. Elektron tizimlarni mukammal ishlab chiqish orqali bunga erishish zarur.

Yangi ish oʼrinlari yaratgan ayrim tadbirkorlik subʼektlari roʼyxatdan oʼtganiga bir-ikki oy boʼlishiga qaramay, faoliyatini toʼxtatib qoʼyganligi qayd etildi.

Hududlarda yangi ish oʼrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida belgilangan vazifalar, xususan, ish oʼrinlarini soha, tarmoq va hududlar kesimida inventarizatsiyadan oʼtkazish, asossiz ravishda oshirib koʼrsatilgan ish oʼrinlarini aniqlab, hisobotlarni qayta shakllantirish, “Shaffof qurilish” platformasida gʼolib boʼlgan pudrat korxonalari tomonidan oʼz loyihasida koʼrsatilgan ish oʼrinlarida bandlikni taʼminlash ustidan monitoring modulini yaratish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasining Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʼarmalari byudjetlarining 2022 yil birinchi yarim yilligi ijrosi toʼgʼrisidagi hisoboti muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida mahalliy byudjetlarning sarflanishidagi bir qator Byudjet kodeksiga nomuvofiq boʼlgan harakatlarga toʼxtalib oʼtildi.

Bu borada Senat Raisi T.Narbaeva Sirdaryo viloyatida 2 mlrd soʼmdan ziyod qoʼshimcha manbalar moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarga yoʼnaltirilganini, xalq deputatlari Kengashining qarorisiz mahalliy byudjetlarning qoʼshimcha manbalarini sarflash mumkin emas boʼlsada, Toshkent viloyatida hokimliklarning tegishli farmoyishlari bilan mahalliy byudjetlarning qoʼshimcha manbalari hisobidan 33,5 mlrd soʼm turli tadbirlarga sarflab boʼlingach, keyinchalik Kengash qarorlari qabul qilinganini alohida taʼkidlab, ushbu hudud masʼullardan izoh soʼradi.

Senat yalpi majlisida kun tartibidagi yana bir masala “Elektron raqamli imzo toʼgʼrisida”gi Qonun qizgʼin muhokamalarga sabab boʼldi. Yil sayin internet tarmoqlari orqali masofadan (onlayn) xizmatlar koʼrsatish rivojlanyapti.

Аyniqsa, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron hujjat aylanishi ortib borayotgani tufayli elektron raqamli imzodan foydalanish ommalashdi.

Maʼlumki, “Elektron raqamli imzo toʼgʼrisida”gi Qonun 2003 yilda qabul qilingan. Bugungi kunda unga qator oʼzgartirishlar kiritishga boʼlgan ehtiyojdan kelib chiqib, qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Jumladan, Аvstraliya, Koreya, АQSh va bir qator rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda yuridik shaxslarga elektron raqamli imzodan foydalanishga ruxsat etilmoqda.

Qonunning maqsadi elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʼlib, buning uchun sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlari belgilanmoqda.

Bular – elektron raqamli imzodan foydalanish uchun huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy, texnik va boshqa shart-sharoitlar yaratish, elektron raqamli imzoni talab qiladigan virtual xizmatlar turlarining ochiqligi va sifatini taʼminlash, majburiy texnik talablar, normalar va qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi ilmiy-texnik tadqiqotlarni ragʼbatlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va boshqalar.

Davlat organlarining maxfiy maʼlumotlarining axborot xavfsizligini taʼminlash maqsadida Idoralararo elektron axborot almashinuvida faqat milliy standartlar asosida ishlab chiqilgan elektron raqamli imzodan foydalanishga ruxsat etilmoqda.

Foydalanuvchilarga doimiy ravishda oʼzi bilan maʼlumot tashuvchi qurilmalarni (fleshka) olib yurishga hojat qoldirmaslik maqsadida «bulutli texnologiyalarda» elektron raqamli imzo kalitlaridan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, Qonunda roʼyxatga olish markazining faoliyatiga qoʼyiladigan asosiy talablar belgilanmoqda. Oʼzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish amaliyoti joriy etilmoqda. Elektron raqamli imzolar kalitlari egalarining huquq va majburiyatlari mazkur Qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Qonunda yana bir yangilik “Ishonchli uchinchi taraf xizmati” nazarda tutilmoqda. Ushbu xizmat axborot va elektron hujjatlarni almashish paytida elektron raqamli imzoning imzo qoʼyayotgan shaxsga tegishli ekanligini aniqlash imkonini beradi.

Muhokamalar soʼnggida mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shu bilan birga Oliy Majlis Senatining 32-yalpi majlisida Oʼzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʼgʼrisidagi axboroti eshitildi. Аxborotni vazir oʼrinbosari Furqat Siddiqov oʼqib eshittirdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda tashqi siyosat sohasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yurtimizning xalqaro maydondagi salohiyatini kengaytirish va xorijiy davlatlar bilan keng qamrovli hamda oʼzaro manfaatli aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.

2022 yil birinchi yarim yilligida Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida 500 dan ortiq oliy va yuqori darajadagi tashrif, uchrashuv va muloqotlar amalga oshirilgan.

Buning natijasida joriy yil 1 iyulь holatiga koʼra, Oʼzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari kesimida belgilangan tovarlar eksporti prognozi 4 mlrd 642 mln dollarga bajarilgan.

Qayd etilganidek, oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida va diplomatik kanallar orqali 90 ta savdo-iqtisodiy, transport hamda madaniy-gumanitar va boshqa sohalariga oid ikki tomonlama hujjatning imzolanishi taʼminlangan.

Vazir axborotiga koʼra, respublika hududlariga biriktirilgan elchixonalar tomonidan umumiy qiymati 13,4 mlrd dollarlik 386 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi vaqtda tegishli vazirlik va idoralar bilan ushbu loyihalarni amalga oshirish boʼyicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, muhokamalar jarayonida vazirlik faoliyatida mavjud bir qator kamchiliklarga ham eʼtibor qaratildi.

Xususan, mamlakatimiz 140 dan ortiq davlatlar bilan diplomatik aloqalarni oʼrnatilganiga qaramay, investitsion hamkorligimiz ularning atigi 25 foiz yaʼni 35 ta mamlakat bilan olib borilishi, salbiy ahamiyatga ega boʼlmoqda. Gruziya, Daniya, Niderlandiya, Irlandiya, Braziliya, Portugaliya, Bangladesh, Gretsiya kabi salohiyatli mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari yoʼlga qoʼyilmagan.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda Oʼzbekistonning ayrim elchixonalari tomonidan erishgan natijalar qoniqarli darajada emas. Elchixonalar tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan loyihalarning 50 foizi amaliyotga tatbiq etilmasdan qolib ketmoqda.

Turizmni targʼib qilish, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish yoʼnalishida elchixonalarimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar sezilarli natija bermagan.

Oʼz navbatida, senatorlar keng jamoatchilikning asosli tanqidlaridan biri boʼlgan xorijdagi mehnat migrantlarimizni qoʼllab-quvvatlash masalasiga ham eʼtibor qaratdi.

Jumladan, Oʼzbekistonning mehnat migrantlarini qoʼllab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yangi ish oʼrinlarini yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish ishlari amalga oshirilmagani tanqid qilindi. Xususan, mehnat migrantlari uchun yangi yoʼnalishlar yaratish doirasida Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya va Litva kabi xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama hujjatlar imzolanishida sustkashlikka yoʼl qoʼyilgan.

Xorijiy sayyohlar uchun E-visa veb-sayti orqali Oʼzbekiston elektron vizasini olishda turli texnik nosozlik va qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi va Oʼzbekistonning xorijdagi elchixonalarining rasmiy veb-saytlaridagi maʼlumotlar muntazam ravishda yangilanib borilmaydi. Investorlar, ishbilarmonlar va sayyohlar uchun yetarli maʼlumot va havolalar joylashtirilmagan.Yuqoridagi masalalar inobatga olinib, vazirlik axboroti yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Shu va shu kabi kun tartibidan oʼrin olgan boshqa muhim masalalar koʼrib chiqilib Senatning oʼttiz ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi.

Yalpi majlis davomida senatorlar tomonidan 13 ta masala, shu jumladan 5 ta qonun muhokama etildi.

Shuning bilan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼttiz ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar