O'zbekistondan xabarlar-16

O'zbekiston Oliy Majlis Senatining yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

1865669
O'zbekistondan xabarlar-16

 

O'zbekiston Oliy Majlis Senatining yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida Qonunda qayta koʼrib chiqilishi lozim boʼlgan qator masalalar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasida uzrli sabablar boʼlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʼtgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berilishi, alohida hollarda, masalan homiladorlik, bola tugʼilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq koʼrib chiqilayotgan qonun bilan mazkur normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bunga asos sifatida Qonun bilan kiritilayotgan boshqa oʼzgartishlar koʼrsatilgan. Xususan, endilikda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy oʼtgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʼrikdan oʼtganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Аmmo, nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʼrikdan oʼtganidan keyin qancha muddat davomida oʼtkazilishi noaniqligicha qolgan.

Shunga koʼra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, yaʼni homiladorlik, bola tugʼilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning oʼzida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu oʼz navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli eʼtirozlariga sabab boʼlishi mumkinligi qayd etildi.

Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan boʼlsa, shuningdek alohida hollarda, jumladan homiladorlik, bola tugʼilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlar mavjud boʼlganda tibbiy koʼrikdan oʼz roziligi bilan oʼtkaziladi.

Qonun bilan kiritilayotgan oʼzgartishga asosan, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki oʼrtada bolasi (bolalari) boʼlgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek homilador ayol va uning tugʼilajak bolasini oʼz bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy koʼrikdan oʼtish ixtiyoriy hisoblanishi koʼrsatilmoqda.

Mazkur oʼzgartishlarga asosan, endilikda yuqorida qayd etilgan ayrim shaxslarning tibbiy koʼrikdan oʼtishi nikohlanuvchi shaxslarning aynan oʼz roziligi bilan emas, balki ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi qayd etilmoqda.

Bundan tashqari, amaldagi tahrirda nazarda tutilgan bir tarafning kasalligi mavjud hollar Oila kodeksiga kiritilayotgan oʼzgartishlar jarayonida eʼtibordan chetda qoldirilgan. Bu esa, oʼz navbatida bu toifadagi shaxslar huquqlarining cheklanishiga olib keladi.

Shu bilan birga Oila kodeksiga kiritilayotgan oʼzgartishga koʼra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʼrikdan oʼtilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Biroq ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur oʼrganilib, tahlil qilinmagan.

Jumladan, qonun tashabbuskorlari tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlarda nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjud emasligi yoki ularning qisqaligi bayon etilgan boʼlsa-da milliy qonunchiligimiz tizimi oʼzaro yaqin boʼlgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud. Masalan, Rossiya (1 oydan kam boʼlmagan va 12 oydan koʼp boʼlmagan muddatda), Аrmaniston (1 oydan kam boʼlmagan 3 oydan koʼp boʼlmagan), Ozarbayjon va Qozogʼiston (1 oy muddatda) hamda boshqa koʼplab mamlakatlarda nikoh tuzishda tegishli muddatlar saqlanib qolgan.

Аmaldagi norma va qoidalar, yaʼni nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan oʼtuvchilarning oʼz qarorlarini puxta oʼylab koʼrishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan oʼtishga yoʼl qoʼymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin etilmoqda hamda bu boʼyicha tegishli qator qonunosti hujjatlari ham qabul qilinganligi taʼkidlab oʼtildi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonunni rad qilish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, Senatning yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 2061-moddasiga oʼzgartish kiritish haqida”gi Qonun koʼrib chiqildi.

Muhokamada Qonunni ishlab chiqishda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholining daromadlari, ularning ijtimoiy-psixologik holati, shuningdek, oilalarni saqlab qolish boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tashkilotlarning takliflari inobatga olinmaganligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Xususan, xotin-qizlarga nisbatan zoʼravonlik masalalari boʼyicha qonunchilikni ishlab chiqishga doir BMT tavsiyalarida oiladagi zoʼravonlik sodir etganlikda ayblangan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash va shuning uchun huquqbuzarlar uchun nomaqbul jazo turi sifatida qarash kerakligi nazarda tutilgan.

BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qoʼmitasi Oʼzbekistonning 6-davriy hisoboti boʼyicha yakuniy tavsiyalarida himoya koʼrsatmalarini bajarmaganlik uchun tegishli tiyib turuvchi jazo choralarini qoʼllash kerakligi taʼkidlangan.

Shuningdek, “Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisidagi konventsiyasi”ning 35-tavsiyasida himoya choralarini qoʼllash zoʼravonlikdan jabrlangan yoki zoʼravonlik natijasida jabrlangan xotin-qizlarga moliyaviy, byurokratik yoki shaxsiy xususiyatga ega haddan ortiq yukni qoʼllashni nazarda tutmasligi bayon etilgan.

Muhokama jarayonida tazyiq oʼtkazgan va (yoki) zoʼravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʼlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun belgilangan jazo amalda jabrlanuvchiga yuk sifatida tushayotganligi qayd etildi.

Mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning fikriga koʼra, tazyiq va zoʼravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderini buzgani uchun jarimaga tortish Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisida konventsiyasining 2-moddasi (xotin-qizlarga nisbatan har qanday kamsituvchi hatti-harakatlar va harakatlarni sodir etishdan oʼzini tiyish) boʼyicha Oʼzbekistonning oʼz zimmasiga olgan majburiyatlarini buzishiga olib kelish ehtimolini kuchaytiradi.

Bu esa, oʼz navbatida Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi koʼrsatkichlariga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin.

Hukumatning 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 3-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandida ham tazyiq va zoʼravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga zoʼravonlikdan jabrlanuvchini davolash, maslahat berish, yordam koʼrsatish boʼyicha maxsus markazga joylashtirish xarajatlarini, moddiy zararni qoplash hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyati yuklangan.

Majlis davomida oiladagi tazyiq va zoʼravonlikning oldini olish uchun nafaqat javobgarlikni oshirish, balki birinchi navbatda maʼnaviy, tarbiyaviy hamda oilani kelgusida har tomonlama moddiy va barkamol jihatdan yashab ketishini taʼminlash uchun tegishli tizimli va mantiqiy bogʼliq boʼlgan ketma-ket choralarni keltirib chiqaruvchi qonun normalarni ishlab chiqish zarur ekanligi taʼkidlandi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 2061-moddasiga oʼzgartish kiritish haqida”gi Qonunni rad qilish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.

Kun tartibidagi keying masala “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi.

Qonun Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʼgʼrisidagi kodeksga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Muhokama jarayonida Qonunda qayta koʼrib chiqilishi lozim boʼlgan qator masalalar mavjudligi taʼkidlandi.

Xususan, Qonunda sud ishlarini yuritishda iltimosnoma bildirish yoki shikoyat qilish chogʼida davlat organlari va tashkilotlari hamda advokatlarning oʼz murojaatlarini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni elektron shaklda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali sudlarga taqdim etishi mumkinligi nazarda tutilgan. Biroq amaldagi jinoiy, maʼmuriy, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilikda “murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin”ligi qayd etilgan boʼlib, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, advokatlar tomonidan sudga elektron hujjat tarzida murojaat qilish boʼyicha cheklov yoʼq. Shu munosabat bilan, mazkur kodekslarga qoʼshimchalar kiritish masalasini oʼrganib chiqish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksining

475-moddasiga kiritilayotgan qoʼshimchaga koʼra, hukm eʼlon qilinganidan keyin sudning rasmiy veb-saytiga erkin foydalanilishi cheklangan rejimda elektron hujjat tarzida joylashtirilishi va hukm joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manziliga oid havola mahkumga, oqlangan shaxsga ular sudga maʼlum qilgan telefon raqamlariga «SMS-xabar» yoki elektron manzilga elektron xabar orqali yuborilishi belgilangan.

Taʼkidlash joizki, amaliyotda jinoyat ishlari boʼyicha sudlarda fuqarolarning shaxsiy hayoti yoki davlat sirlari bilan bogʼliq ishlar ham koʼrib chiqiladi. Mazkur ishlar boʼyicha sud hukmining elektron tarzda veb-saytga joylashtirilishi, uni kelgusida begona yoki maʼlumot bilan tanishishga ruxsati boʼlmagan shaxslar koʼrishi hamda oʼzining boshqa maqsadlarida undan foydalanishiga zamin yaratishi mumkin. Shuning uchun ushbu masalani yana bir marotaba koʼrib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Umuman olganda, Qonun bilan joriy etilayotgan yangi tizim qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini keltirib chiqaradi.

Jumladan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ular sudga maʼlum qilgan telefon raqamlariga «SMS-xabar» yoki elektron manziliga elektron xabar orqali xabardor qilish va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishi tartibini huquqiy eksperiment tariqasida joriy etish, uning amaliyotda samaradorligini baholash, sud va advokatura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu tartibni toʼlaqonli qoʼllash boʼyicha amaliyot ham yoʼlga qoʼyilmagan.

Bundan tashqari, aholining joriy etilayotgan tizim boʼyicha fikrini ham oʼrganish zarur.

Shu bois, mazkur tizimni huquqiy eksperiment tariqasida ayrim hududlarda joriy etish va sinovdan oʼtkazish masalasini koʼrib chiqish maqsadga muvofiq.

Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olib, mazkur Qonunni rad etish toʼgʼrisida Senat qarori qabul qilindi.

Shuningdek, majlisida Oʼzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Kodeksni ishlab chiqishda qator ijobiy maqsadlar, xususan, jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruktsiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi masʼuliyatini oshirish koʼzlangan.

Аmmo muhokamalar davomida senatorlar Kodeksda ayrim normalarni qoʼllash mexanizmlari yetarlicha ochib berilmaganini taʼkidladi.

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan. Bu esa hokimiyat vakolatlarini suisteʼmol qilish va boshqa korruptsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi.

Shuningdek, Kodeksda belgilangan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan turar joylarni xususiylashtirish yoʼllari yaʼni, yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish hamda obligatsiyalarini olish yoʼllarini tartibga soluvchi amalda biror-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, mulkdorlar bilan shartnoma asosida turar joy buzilishi va uning oʼrnida yangi turar joy qurilishi mumkinligi, shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi va turar joyni qurish uchun zarur ruxsatnoma olinganidan keyin kuchga kirishi Kodeksda aks ettirilgan boʼlsa-da, shartnomaning qaysi turi haqida soʼz yuritilayotganligi mavhum qolgan.

Vaholanki mazkur masalalar shartnomaviy huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksida ham oʼz aksini topmagan.

Shu bilan birga, qonunchilik texnikasi qoidalariga lozim darajada rioya qilinmagan. Baʼzi normalar bir-biriga zid. Qator moddalar bilan davlat organlariga diskretsion (cheklanmagan) vakolatlar berilgan hamda Kodeksda qoʼllanilgan bir qator havolaki normalar yetarli asoslarga ega emas. Oʼz navbatida, ushbu holatlar turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Muhokama yakunida Kodeks jamiyat uchun muhim boʼlgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishini inobatga olinib, milliy qonun hujjatlari, ilgʼor xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etilgan holda, Kodeksni takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq deb topildi.

Shu bois Kodeks senatorlar tomonidan rad etildi.

Bundan tashqari yalpi majlisda kun tartibidagi boshqa muhim qonun loyihalari va masalalar ko’rib chiqildi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar