O'zbekistondan xabarlar 15-qism

2022 yilning 27 iyul kuni O'zbekiston Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

1860610
O'zbekistondan xabarlar 15-qism

 

Majlisni Komissiya raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Unda Respublika va hududiy Komissiya a'zolari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning mart oyida oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan Prezident Farmoni va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosining borishi muhokama qilindi.

Senat Raisi kirish so‘zida ta'kidlaganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning manfaatini himoya qilishning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, 20 ta normativ-huquqiy hujjat (3 ta Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni, 2 ta qarori va 14 ta Hukumat qarori) loyihalari ishlab chiqildi va belgilangan tartibda Hukumatga kiritilgan. Ulardan 3 tasi qabul qilingan va ijroga qaratilgan.

Shuningdek, Mazkur qarorlar bilan, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tartibga soluvchi 4 ta Nizom, 1 ta “Yo‘l xarita” va 1 ta prognoz ko‘rsatkich tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Respublika komissiyasi tomonidan mahalladagi xotin-qizlar faoli ishini samarali tashkil etish hamda xotin-qizlar bilan ishlash masalasida namunaviy tizim yaratish tartibi ishlab chiqildi, ushbu jarayonda mutasaddi vazirlik va idoralarning hamda ularning quyi tuzilmalarining vazifalari ishlab chiqildi, Respublika komissiyasi a'zolari hududlarga biriktirildi hamda joylarda mazkur tartib asosida ishlar tashkil etildi.

Xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan alohida ishchi guruh tashkil etilib, qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Majlis doirasida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining “2022 – 2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturni 2022 – 2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi”da belgilangan vazifalar ijrosining borishi yuzasidan hisoboti eshitildi.

Majlisda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan hududlarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturi shu kunga qadar qabul etilmagani, rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quvlar boshlanmaganligi, xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash ishlari sust borayotganligi, shu bilan birga, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta'minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil qilish ishlariga yetarli e'tibor qartilmayotganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni belgilash, ayol tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish, xotin-qizlarning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlarining moliyaviy resurslarini jalb qilish ishlari sust olib borilayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Muhokamalardan kelib chiqqan holda, yil yakuniga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasida 100 nafar istiqbolli xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadlarida o‘qitilishini hamda ularning milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishini tashkil etish, joriy yilning sentyabriga qadar har bir tumanda kamida bittadan xotin-qizlarning bandligini ta'minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Komissiyaning hududlarga biriktirilgan a'zolariga har oyda hududlarda Prezident farmoni va qarorlarida belgilangan vazifalar hamda komissiya majlislarida berilgan topshiriqlar ijrosining borishini, uning sifatini manzilli tahlil qilib borish, Respublika darajasida hal etiladigan muammolarni tegishli vazirlik va idora bilan birgalikda hal etish choralarini ko‘rib borish hamda natijalari bo‘yicha Respublika komissiyasiga axborot kiritib borish topshirildi.

Shu bilan birga, Komissiyaning navbatdagi majlislarida ushbu topshiriqlar ijrosining borishi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, hudud rahbarlari va Komissiya a'zolarining axborotlarini eshitib borish belgilandi.

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar