Yevrosiyo kun tartibi-43

Dasturimizning bugungi sonida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rahbarligida uyushtirilgan IX global Boku forumi haqida so‘z qilamiz.

1847190
Yevrosiyo kun tartibi-43

2022-yilning 16-18-iyuni kunlari Boku shahrida Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz tomonidan IX global Boku forumi boʻlib oʻtdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rahbarligida uyushtirilgan mazkur forumda dunyoning 53 davlatidan 400 ga yaqin vakil ishtirok etdi. Bokudagi forumda Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili, Albaniya Prezidenti Ilir Meta, Bosniya va Gersegovina Prezidentlik kengashi raisi Shefik Jaferovich, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus va Turk davlatlari tashkiloti oqsoqoli Binali Yildirim ishtirok etdi. Ulardan tashqari ko‘plab sobiq prezident, parlamentning sobiq spikeri, sobiq bosh vazir va vazirlar, xalqaro tashkilotlarning bosh kotiblari, ekspertlar qatnashdi. Bu yil global Boku forumi “Global dunyo tartibidagi tahdidlar” mavzusida o‘tkazildi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev IX global Boku forumining ochilishida ishtirok etib, unda nutq so‘zladi. Global va mintaqaviy xavfsizlik, energiya xavfsizligi masalalariga toʻxtalgan Prezident Ilhom Aliyev, Janubiy Kavkazda tinchlik va osoyishtalikni oʻrnatish yoʻlida qilgan faoliyatlari haqida gapirdi. Armanistonning kerakli qadamlarni tashlashda ikkilanayotganini va Qorabogʻ uchun alohida maqom berish masalasini koʻtarishga harakat qilayotganini qayd etgan Prezident Ilhom Aliyev, “Agar Armaniston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini shubha ostiga qoʻyishni davom etsa unda Ozarbayjonning boshqa chorasi qolmaydi va Armanistonning hududiy yaxlitligini shubha ostiga qoʻyadi”.-dedi. Aliyev, Armanistonning Zangezur yoʻlagini ochishi kerakligini ta’kidladi. Zangezur yo‘lagi haqida aytib o‘tish joizki, Ozarbayjon energetika vaziri o‘rinbosari Elnur Soltanov yuqorida nomi tilga olingan forumdagi nutqida Ozarbayjonning kelajakda Zangezur yo‘lagi orqali Yevropaga elektr energiyasi eksport qilishi mumkinligi va Zangezur yo‘lagining Yevropa oʻlkalariga foydali boʻlishini qayd etdi. Prezident Ilhom Aliyevning qo‘shimcha qilishicha, Minsk guruhi so‘nggi 28 yil ichida hech qanday muammoni hal qilmagan va bu guruh faoliyati buzilgani uchun endi unga ehtiyoj qolmagan. Prezident Ilhom Aliyev ham Prezidentlik saroyida forumga kelgan ayrim mehmonlarni qabul qildi.

Forumda ishtirok etgan mehmonlar Ozarbayjonning mintaqaviy tinchlik, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik, energiya ta’minoti va tezkor transport yoʻlidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar. Bokudagi majlislar yakun topgach mehmonlar, Qorabog‘ga tashrif buyurishdi. 19-iyun kuni Shusha shahrida global Boku forumining muhokama paneli boʻlib oʻtdi.

IX global Boku forumida xalqaro munosabatlar, urush va mojarolar, energiya xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muammolar kabi dunyo kun tartibidagi muhim masalalar muhokama qilindi. Ishtirokchilarning aksariyati Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish, urush va mojarolarni zudlik bilan to‘xtatish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ko‘paytirish, suv resurslarini muhofaza qilish va tejash borasida kelishib olganliklarini bildirdi. Forumda dunyo kun tartibining jadal tusda o‘zgarayotgani ta’kidlanib, tegishli qarorlarni qabul qilish va amalga oshirish mexanizmlarini hayotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.

Mana shunday xalqaro tadbirlar tufayli Ozarbayjon Qorabog‘ masalasini, xalqaro hamjamiyatga e’lon qilish imkoniga muyassar boʻldi. Bu forum xalqaro sohada Ozarbayjon kuchiga-kuch qoʻshmoqda. Xulosa qilib aytish mumkinki, birinchisi 2013-yilda o‘tkazilgan global Boku forumi nufuzli xalqaro platformaga aylandi.

 



Aloqador xabarlar