O'zbekistondan xabarlar-09
Joriy yilning 13 iyun kuni Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yigirma yettinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi.
Joriy yilning 13 iyun kuni Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yigirma yettinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi.
Unda Senat, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Videokonferentsaloqa tarzida oʼtkazilayotgan yalpi majlisni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshqardi. U bugungi kunda dolzarb boʼlib turgan konstitutsiyaviy islohotlar boʼyicha alohida toʼxtaldi.
Oliy Majlis palatalarining joriy yil 20 maydagi qoʼshma qarori bilan shu masala yuzasidan kelib tushadigan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʼyicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgan edi. Shu kungacha komissiya 3 marta yigʼilish oʼtkazdi.
Oʼtgan qisqa vaqt ichida 20 mingdan ziyod taklif kelib tushgan. Tahlil etadigan boʼlsak, individual, jamoaviy (korxona va tashkilotlarning mehnat jamoalaridan), siyosiy partiyalar, faol blogerlardan takliflar kelib tushayotganini kuzatish mumkin. Bu, albatta, Konstitutsiyamizga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish zaruriyati xalqimiz tomonidan nafaqat toʼgʼri qabul qilinayotganini, balki bu jarayonda ularning qanchalik faol ishtirok etayotganini anglatadi.
Ushbu jarayon bizga aholining yosh jihatidan qaysi qatlami siyosiy faol ekanini ham koʼrsatmoqda. Kelib tushgan takliflarning qariyb 70 foizi 18–30 yosh oraligʼidagi aholiga tegishli.
Yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun muhokama qilindi va senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, mamlakatda keyingi yillarda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik printsiplari asosida oʼtkazishda xalq hokimiyati va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiyalash boʼyicha bir qator amaliy choralar koʼrilmoqda.
Bu esa, bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilib, ularning tavsiyalariga asosan Oʼzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga tegishli oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritildi.
Ushbu Qonun bilan Saylov kodeksiga, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʼgʼrisida”gi, “Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʼgʼrisida”gi hamda “Oʼzbekiston Respublikasining referendumi toʼgʼrisida”gi qonunlarga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Xususan, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʼgʼrisida”gi Qonunda saylov okrugining hududi boshqa maʼmuriy-hududiy birlik tarkibiga oʼtkazilganda yoki uning hududida yangi maʼmuriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinishi belgilanmoqda.
Bunda deputat saylov okrugining hududi joylashgan xalq deputatlari Kengashi yoxud yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikda shakllantirilgan xalq deputatlari Kengashi tarkibiga kiradi, deputatning vakolatlari muddati esa mazkur xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiqlashtirilmoqda.
Saylov kodeksida esa, yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikdagi xalq deputatlari mahalliy Kengashiga saylovni oʼtkazish uchun saylov okruglari sonini belgilash va ushbu saylov okruglarini, saylov komissiyalarini tuzish, saylovni oʼtkazishga doir qoidalar mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, “Oʼzbekiston Respublikasining referendumi toʼgʼrisida”gi Qonuniga kiritilayotgan oʼzgartirishlar orqali referendum oʼtkazuvchi komissiyalar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʼrib chiqish tartibi, chet davlatlarda turgan fuqarolarni ovoz beruvchi fuqarolarning roʼyxatlariga kiritish, referendum oʼtkazuvchi komissiya aʼzolari boʼla olmaydigan shaxslar doirasi belgilanmoqda.
Qonun qabul qilinishi natijasida maʼmuriy-hududiy birliklar tashkil etilganda yoki maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralari oʼzgarganda deputat tegishli mahalliy Kengash tarkibiga kirishi va vakolatlari muddati davom ettirilishi, yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikda mahalliy Kengashga saylovni oʼtkazish uchun saylov okruglari sonini belgilash va ushbu saylov okruglarini tuzish, huddi shuningdek saylov komissiyalarini tuzishi, shuningdek, yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini oʼtkazishga oid munosabatlar huquqiy tartibga solinishiga erishilishi qayd etildi.
Shuningdek Yalpi majlisda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sud raisi saylandi
Ushbu lavozimga Kozimdjan Fazilovich Kamilov sudьyalik lavozimida boʼlishning muddatsiz davriga, besh yil muddatga saylandi va Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Yalpi kun tartibda belgilangan masalalardan “Davlat mulkini boshqarish toʼgʼrisida”gi Qonun xam senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida mazkur qonunni qabul qilishga boʼlgan ehtiyojlar sanab oʼtildi.
Birinchidan, ayni vaqtda davlat mulkini boshqarish boʼyicha yagona Qonun mavjud emas. Soha bir qancha qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinib, amaliyotda turli hil noaniqliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ushbu sohaga oid 8 ta qonun, 11 ta Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti va 13 ta Vazirlar Mahkamasi qarorlari mavjud. Frantsiya, Finlyandiya, Irlandiya, Vengriya, Ukraina, Janubiy Koreya, Xitoy, Filippin, Gruziya, Qozogʼiston hamda boshqa davlatlarda davlat mulki va uni boshqarish bilan bogʼliq munosabatlar tegishli yagona qonunlar bilan tartibga solinadi.
Ikkinchidan, amaldagi qonun hujjatlarida davlat mulkiga egalik qilish, yaʼni aynan qaysi mulklarni davlatda saqlab qolish, qaysilarini xususiylashtirish boʼyicha aniq mezonlar mavjud emas.
Ushbu mezonlarning boʼlmaganligi sababli iqtisodiyotda davlatning ishtiroki yuqoriligicha qolmoqda. Bugungi kunda respublikada 24 927 ta davlat muassasalari va 2 113 ta davlat ishtirokidagi korxonalar mavjud.
Uchinchidan, davlat ishtirokidagi korxonalar turli xil davlat tashkilotlari va nazorat qiluvchi funktsiyalarga ega organlar tomonidan boshqarilmoqda. Bu esa ushbu sohada davlat siyosatini bir hilda yuritish imkoniyatini cheklamoqda. Respublikada faoliyat koʼrsatayotgan 2 113 ta korxona 70 tadan ortiq vazirlik va idoralar tomonidan boshqarilmoqda. Frantsiya, Finlyandiya, Norvegiya, Xitoy, Singapur, Malayziya, Rossiya, Qozogʼiston va boshqa davlatlarda davlat mulki maxsus idora yoki davlat xoldingi tomonidan boshqariladi.
Toʼrtinchidan, davlat mulkini boshqarish samaradorligi va ularni saqlash xarajatlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish talabi qonun hujjatlari bilan belgilanmagan. Yaʼni qaysi davlat tashkilotida qancha davlat mulki bor, ular qanday va qaysi manbalar hisobiga boshqarilmoqda kabi masalalar oshkor etilmasdan qolmoqda.
Beshinchidan, davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlarini, yaʼni kuzatuv kengashi aʼzolari va ijro organi rahbarlariga qoʼyiladigan talablar, ularni saylash, faoliyati natijalarini baholash kabi masalalar qonun darajasida hal etilmagan. Bugungi kunda 189 ta korxonalarda kuzatuv kengashi mavjud boʼlib, ulardagi 796 ta davlat vakillaridan bor yugʼi 79 tasi yoki 10 foizi mustaqil aʼzolar hisoblanadi.
Oliy Majlis Senatining yigirma yettinchi yalpi majlisi yakunlandi
Shu bilan Senatning 27 -yalpi majlisda jami boʻlib Senatorlar tomonidan 6 ta masala, shu jumladan 5 ta qonun muhokama qilindi.