Yevrosiyo kun tartibi-40

Dasturimizning bugungi sonida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Qirg‘iz Respublikasiga uyushtirgan rasmiy tashrifi haqida so‘z qilamiz.

1836237
Yevrosiyo kun tartibi-40

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2022-yilning 26-mayi kuni Qirg‘izistonga bir kunlik rasmiy tashrif uyushtirdi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Toqayevni Bishkekdagi Ala-Archa davlat saroyida rasmiy marosim bilan kutib oldi. Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng ikki davlat rahbari o‘zaro va hay’atlararo uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvlar yakunida Prezidentlarning qo‘shma deklaratsiyasi hamda ikki davlat o‘rtasidagi 13 ta shartnoma imzolandi.

Jurnalistlar uchun uyushtirilgan matbuot anjumanida Prezident Sadir Japarov Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida qo‘shma tijoriy-logistik zona qurilishini boshlaganliklari va uzoq yillar davomida hal qilinmagan Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi yuk tashuvchi mashinalarning o‘tishi haqidagi muammolarni hal qilajaklarini ma’lum qildi. Prezident Toqayev esa qozoqlarga eng yaqin qardosh xalqning qirg‘izlar ekanini qayd etdi. Prezidentlar qoʻshma savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganliklarini so‘zlariga ilova etdilar.

Bugungi kunda ma’lum bir muddatgacha Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga raislik qilayotgan Qirg‘iziston, huddi shu kuni gibrit formatda Birinchi Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi forumini o‘tkazdi. Rossiya, Armaniston va Belarus rahbarlari ushbu forumda onlayn tarzda ishtirok etishdi. Yig‘ilishda ittifoq masalalari muhokama qilinib, ushbu masalalar yuzasidan berilgan savollarga javob berildi. Forumda 15 davlatdan 2,5 ming kishi ishtirok etdi.

Yevrosiyo Iqtisodiy forumidan so‘ng Prezidentlar Japarov bilan Toqayev Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetining yangi ochilgan Bishkek filialiga tashrif buyurdilar. Keyinroq Prezidentlar, qozoq shoiri Abay Kunanbayev haykalini ochdi. Prezident Japarov Kunanbayev haykali ochilish marosimida, yaqin orada Qozog‘istonda Chingiz Aytmatov va Manas haykallari o‘rnatilishini ma’lum qildi.

Shu kuni Qozog‘iston Senati, Qirg‘izistonga harbiy-texnik jihatdan yordam ko‘rsatish haqida imzolangan ikki tomonli kelishuvni ma’qulladi. Qozog‘iston avval ham Qirg‘iziston armiyasiga harbiy-texnik jihatdan yordam bergandi.

Prezident Qasim-Jomart Toqayevning Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan voqealardan keyin tashqi va ichki siyosatni yana-da faolroq yurita boshlagani kuzatilmoqda. Bunga misol qatori Prezident Toqayevning Bishkekka uyushtirgan tashrifi oldidan Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Rossiyaga uyushtirgan rasmiy tashrifini aytishimiz mumkun. Qo‘shnilar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish Qozog‘istonning tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkekdagi uchrashuvda, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida 2003-yili imzolangan hamkorlik shartnomasini qayta ko‘rib chiqishni va ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taklif qildi. Qirg‘iziston bilan Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjon misolida bo‘lganidek munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarib, ikki davlat bir millat siyosatini olib borishi mumkin. Rossiya-G‘arb urushi, Afg‘onistondagi vaziyat va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bunday yaqin hamkorlikni talab qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Qirg‘izistonga uyushtirgan tashrifi samarali o‘tdi. Ayniqsa bojxona, transport va xavfsizlik sohalarida muhim shartnomalar imzolandi. Qirg‘iz-qozoq hamkorligining mustahkamlanishi Turkistonning yanada kuchliroq bo‘lishiga xizmat qiladi.

 

 



Aloqador xabarlar