Yevrosiyo kun tartibi-38

Dasturimizning bugungi sonida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Turkiya Respublikasiga uyushtirgan tashrifi haqida so‘z qilamiz.

1829268
Yevrosiyo kun tartibi-38

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev joriy yilning 10-11-may kunlari Turkiyaga birinchi tashrifini amalga oshirdi. Qozog‘iston hay’atining Anqaradagi birinchi bekati Anitkabir bo‘ldi. Keyinroq Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Prezident Qasim Jomart Toqayevni Prezidentlik kulliyasida rasmiy marosim bilan kutib oldi. Marosimdan so‘ng Prezidentlar o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Natijada, Turkiya bilan Qozog‘iston o‘rtasida 15 ta shartnoma imzolandi. Prezidentlar ikki davlat oʻrtasida strategik sheriklikni kengaytirish toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonotni imzoladilar. Shu tariqa Turkiya bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar “kengaytirilgan strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi. Beshtepedagi Milliy kutubxonada ham bo‘lgan Prezident Toqayev, nomi tilga kutubxonaga kitoblar sovg‘a qildi.

Prezident Toqayev 2022-yilning 11-may kuni turk ishbilarmonlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘ktay ham ishtirok etdi. Toqayev bu yerda so‘zlagan nutqida, pandemiya davrida ham Qozog‘istondagi turk sarmoyasi kamaymagani, hozirda 4 mingga yaqin turk kapitali ishtirokidagi kompaniyaning o‘z faoliyatini Qozog‘istonda davom ettirganini, kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan Konstitutsiyaviy referendumdan so‘ng investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishini ta’kidladi. Prezident Toqayev ayrim turk shirkatlarining rahbarlari bilan esa alohida-alohida uchrashdi. Sammit doirasida 1 milliard dollarlik shartnoma imzolandi.

Prezident Toqayevning Anqaraga bo‘lgan tashrifi bir necha jihatdan muhimdir. Avvalom bor tashrif doirasida, Turk Aerokosmik sanoati va Qozog‘iston Engineering kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Kelishuv memorandumiga ko‘ra, Turkiyaning Insonsiz havo transporti ANKA Qozog‘istonda ishlab chiqariladi. Bu orqali, Qozog‘iston Ankaning Turkiyadan tashqaridagi birinchi ishlab chiqarish bazasiga aylandi. Mudofaa sohasida, razvedka ma’lumotlarini almashish bo‘yicha Anqarada imzolangan kelishuvlar mintaqada muvozanatni saqlash va Qozog‘iston xavfsizligi nuqtai nazaridan nihoyatda muhimdir.

Yana joriy yilning 13-mayidan e’tiboran ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ikki barobarga ko‘paytirildi. Bundan buyon ikki davlat oʻrtasida haftasiga 124 havo qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvga ko‘ra Qozog‘iston, Turkiya uchun tranzit o‘tish hujjatlari kvotasi miqdorini 2 mingdan 15 mingga oshirdi. G‘arb, Rossiyani chetlab o‘tuvchi transport yo‘laklariga murojaat qilayotgan shu kunlarda Turkiya va Qozog‘iston muhim tranzit davlatlar sifatida bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirmoqda.

Endilikda 5 milliarddan oshgan qoʻshma tovar ayirboshlash hajmini prezidentlar, 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib oldi. Ikki tomonlama munosabatlar dinamikasi ushbu maqsadga yaqin yillarda erishish imkonini bermoqda. Eslatib o‘tamiz, Turkiya Qozog‘istonning eng yirik beshinchi savdo sherigi hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Toqayevning Turkiyaga uyushtirgan tashrifi judayam samarali o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa mudofaa, razvedka, iqtisodiyot, innovatsion texnologiyalar va transport sohalarida muhim kelishuvlar imzolandi. Turk-qozoq hamkorligining mustahkamlanishi, Turk dunyosining yana-da kuchli bo‘lishiga hissa qo‘shadi.



Aloqador xabarlar