O'zbekistondan xabarlar-05
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva xalqaro konferentsiyada ishtirok etti.
Joriy yilning 16 may kuni Janubiy Аfrika Respublikasining Durban shahrida gibrid shaklda “Bolalar mehnatiga barham berish boʼyicha 5-Global konferentsiya” boʼlib oʼtdi.
Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir bolalar mehnati va majburiy mehnat muammosi, ushbu muammoni bartaraf etish boʼyicha davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan koʼrilayotgan choralar, bola huquqlarini taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan eʼlon qilingan “2021 yil Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili” doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Yuksak saviyada oʼtkazilgan ushbu xalqaro tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbaeva, Xalqaro mehnat tashkilotining bosh direktori Gay Rayder, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi bosh direktori Sharran Barrou, Xalqaro ish beruvchilar konfederatsiyasi bosh direktori Suares Santos, Xalqaro mehnat tashkilotiga aʼzo 187 davlatdan 4 mingga yaqin vakillar ishtirok etdi.
Xalqaro mehnat tashkilotiga aʼzo davlatlardan faqatgina Oʼzbekiston qisqa muddatda bolalar mehnati va majburiy mehnatni butunlay bartaraf etish borasida amalga oshirgan ishlari, mehnat sohasidagi xalqaro standartlarga toʼliq rioya etayotgan davlat sifatida xalqaro va mintaqaviy darajadagi yirik tashkilotlar qatorida tadbirning ochilish marosimida kirish soʼzi bilan ishtirok etdi.
Tadbirda Senat Raisi T.Narbaeva soʼzga chiqib, mamlakatimizda soʼnggi yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar singari, mehnat munosabatlarini xalqaro normalar asosida tartibga solish borasida ijobiy natijalarga erishilganligini taʼkidladi.
Bu borada birinchi navbatda milliy qonunchilikni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish, institutsional bazani rivojlantirish, monitoring va tadqiqotlar olib borish, qishloq xoʼjaligini modernizatsiya qilish borasida keng koʼlamli ishlar amalga oshirilganligini qayd etdi.
Xususan, 2019-2021 yillar davomida bu boradagi milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida 32 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi, har yili Xalqaro mehnat tashkilotining oʼrtacha ikkita konventsiyasi ratifikatsiya qilinayotganligi, bu sohada bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik choralarining kuchaytirilganligi samarali choralardan biri boʼlganligi taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʼyicha milliy hamda hududiy komissiyalarning tashkil qilinganligi, ushbu masalalar boʼyicha Milliy maʼruzachi institutining taʼsis etilganligi bu sohadagi ishlarni samarali muvofiqlashtirib borish imkoniyatini yaratgan.
Bundan tashqari, bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikning yoʼlga qoʼyilganligi, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda koʼrilayotgan choralar samarali boʼlganligiga alohida toʼxtalib oʼtildi.
Аytish joizki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining kuchli siyosiy irodasi hamda mavjud muammolarga tizimli yondashuv asosida koʼrilgan choralar natijasida soʼnggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga batamom barham berildi. Ushbu natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Tadbir davomida xalqaro konferentsiya ishtirokchilari tomonidan bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar yuksak baholandi. Sohada erishilgan natijalar mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini joriy etish, aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi, shuningdek Oʼzbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna boʼlishi lozimligi taʼkidlandi.
Xususan, Oʼzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi yoʼli toʼgʼri va samarali ekanligi oʼz tasdigʼini topdi. Milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga implementatsiya qilishdan tortib, bu boradagi ishlarga barcha idoralarni jalb etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish oʼz samarasini berdi, - deydi Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Gay Rayder.
Qisqa vaqt ichida bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga toʼliq barham bergan Oʼzbekiston tajribasi bugungi kunda barcha davlatlarga oʼrnak boʼladi. Kuchli siyosiy iroda, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, shuningdek samarali xalqaro hamkorlik natijasida mehnat munosabatlari tizimi jahon andozasi darajasiga koʼtarildi, - deydi Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi Bosh direktori Sharan Barrou.
Xalqaro tadbir oʼz ishini 20 mayga qadar davom ettiradi, unda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʼyicha amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari boʼyicha maʼruza bilan qatnashib, fikr almashishi koʼzda tutilgan.