O'zbekistondan xabarlar-01

O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli

1815018
O'zbekistondan xabarlar-01

 

Joriy yilning 13 aprel kuni O'zbekiston poytaxti Toshkentda “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusidagi ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda YEXHT bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda senatorlar va deputatlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, xalqaro tashkilot hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva nutq so‘zlab, so‘nggi yillarda mamlakatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning to‘laqonli ishtirok etishini taʼminlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab o‘tdi.

Aytish joizki, shu kunga qadar respublikada bu sohada xalqaro huquq normalari va standartlarga muvofiq 2 ta qonun, 40 ga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilingan.

Bugungi kunda parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajada bo‘lib, 32 foizni tashkil etmoqda. Xotin-qizlarning boshqaruv lavozimidagi ulushi 27 foiz, siyosiy partiyalarda esa 44 foizga yetdi.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, Parlamentlararo ittifoqning 2021 yilgi “Siyosatdagi ayollar” xalqaro reytingida O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar orasida 45-o‘rinni egallab, top-50 talikdan joy olgan.

Muhokamalar davomida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish va tashkil etishda ayol senator va deputatlarning ishtirokini kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini olib borish, bu jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini keng jalb etish masalasida ham so‘z yuritildi.

Xususan, 2022-2026-yillarda O'zbekiston iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirishga qaratilgan Milliy dastur va 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining joylardagi ijrosini samarali tashkil etish muhim ahamiyatga egaligi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.

Forumda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish, ularni davlat boshqaruvi idoralarida qarorlar qabul qilish darajasida ishlashiga erishishga oid taklif hamda fikr-mulohazalar bildirildi, shuningdek, ishtirokchilar yangi g‘oyalarni ko‘rib chiqish uchun to‘rtta yo‘nalishda muhokamani davom ettirdi.

Xususan, mahalliy Kengashlarning yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari faoliyati samaradorligi masalalari, yoshlar parlamenti aʼzolarining mahalliy ijro organlari bilan samarali ishlashi tizimi, atrof muhit muammolarini hal etishda va ekologik siyosat yuritishda ayollarning o‘rnini oshirish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Forum yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar umumlashtirilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.


Tanlangan kalimalar: #Tanzila Norboyeva , #YEXHT , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar