Yevroosiyo kun tartibi-30

Dasturimizning bugungi sonida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi haqida soʻz qilamiz.

1801268
Yevroosiyo kun tartibi-30

2022-yil 12-mart kuni Turkmaniston xalqi yangi prezidentini sayladi. Taxminan 6,2 million aholiga ega Turkmanistonda 3 million 460 ming 80 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. To‘qqiz nomzod kuch sinashgan va muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida saylovchilarning 97,17 foizi ishtirok etdi. Turkmanistondagi saylovni Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Turk davlatlari tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti hay’atlari yaqindan kuzatdi. Ular saylov ortidan uning, xalqaro majburiyatlar va standartlar hamda mahalliy qonunchilikka rioya etilgan holda o‘tganini qayd etdi.

Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi saylovning yakuniy natijasini, 2022-yil 15-mart kuni e’lon qildi. Ushbu natijaga ko‘ra nomzodlardan Turkmaniston Vazirlar kengashi raisi o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov 72,97 foiz ovoz olib, mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi. Saylov natijalariga ko‘ra, 9 nafar nomzod orasidan Turkmaniston davlat jismoniy tarbiya va sport instituti rektori o‘rinbosari Xidir Nunnayev 11,09 foiz ovoz bilan ikkinchi, Marv viloyati hokimi o‘rinbosari Agadjan Bekmurodov esa 7,22 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Turkmanistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Serdar Berdimuhamedov 2022-yil 19-mart kuni qasamyod qilib, o‘z vazifasini boshladi. Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetining muhandislik va texnologiya fakultetini bitirgan va 2008-2011 yillarda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya akademiyasida aspirantura o‘qidi. Shuningdek, 2011-2013 yillarda Jenevada Yevropa xavfsizligi bo‘yicha tahsil olgan. 2011-2019-yillarda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan Berdimuhamedov, 2016-2018-yillarda Turkmaniston parlamentida deputat, 2019-2020-yillarda mahalliy hokimiyatda gubernator o‘rinbosari va gubernator lavozimlarida ish yuritdi. Keyinchalik Turkmaniston sanoat va qurilish vaziri bo‘ldi. Serdar Berdimuhamedov prezident etib saylangunga qadar Turkmaniston Vazirlar kengashi raisi o‘rinbosari edi.

Serdar Berdimuhamedovning tashqi va ichki siyosatda otasi – sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov siyosatini davom ettirishi kutilmoqda. Oxirgi yillarda Serdar Berdimuhamedov otasi o‘rniga chet elda va mamlakatda uyushtiirlgan tadbir va uchrashuvlarda ishtirok etayotgandi.

Ayni paytda Gurbanguli Berdimuhamedov hokimiyatdan ketmadi. Turkmanistonni 15 yil boshqargan Berdimuhamedov, Turkmaniston parlamentining yuqori palatasi – Xalq ishlari bo‘limi raisi lavozimida ishlashda davom etadi.

Prezident Serdar Berdimuhamedov tashqi siyosatda betaraflik siyosatini davom ettiradi va yaqin atrofdagi davlatlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga e’tibor qaratadi. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Turkmanistonning tashqi siyosatida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan davlatlardir.

Afg‘onistondagi vaziyat Turkmanistonga bevosita daxldor bo‘lgani uchun prezident Berdimuhamedov Afg‘oniston yetakchiligi bilan yaqin munosabatlarini uzmaydi. Qolaversa Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlashga harakat qiladi. Turkmanistonning yangi prezidenti Turk tilida so‘zlashuvchi davlatlar bilan turli sohalarda, ayniqsa energetika va transport sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida ahamiyat beradi. Chunki Turkmanistonning strategik joylashuvi shuni talab qiladi.

 

 



Aloqador xabarlar