Yevrosiyo kun tartibi-20
Dasturimizning bugungi sonida Turkiyaning Yevrosiyo davlatlari bilan bo‘lgan munosabati 2021-yil qanday o‘tgani haqida soʻz qilamiz.
Afsuski Covid-19 pandemiyasi o‘tgan 2021-yili ham davom etdi. Shu bois chegaralar vaqti-vaqti bilan yopilib, mamlakatlar milliy iqtisodiyotlarini qayta tiklash bilan ovora bo‘ldi. Turkiya mana shu qiyinchiliklarga qaramay Yevrosiyo geografiyasida joylashgan davlatlar bilan aloqalarini saqlab, oʻzaro tashriflar amalga oshirdi.
Shu doirada Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an 2021-yil 15-16-iyun kunlari Ozarbayjonga rasmiy tashrif uyushtirdi. Tashrif davomida Shusha deklaratsiyasi imzolandi. Prezident Erdo‘g‘anning 2021-yil 26-oktabr kuni Ozarbayjonga uyushtirilgan tashrifi chog‘ida “Fuzuli” nomidagi Xalqaro aeroport xizmatga ochildi. Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafa Shentoʻp, vazirlar va boshqa turli hay’at yil davomida amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘lib qaytdi.
2021-yilning 29-sentabri kuni Prezident Erdo‘g‘an Sochida Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi. Putin Prezident Erdoʻgʻan bilan 2021-yil tez-tez telefon orqali gaplashgan liderlardan biri boʻldi.
Prezident Erdoʻgʻan 2021-yil 27-28-noyabr kunlari Turkmanistonga tashrif uyushtirdi. Ikki davlat oʻrtasida sakkista shartnoma imzolandi. Erdoʻgʻan 2021-yil 28-noyabr kuni “Kelajak tomon birgalikda” degan nom ostida oʻtkazilgan 15-Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etdi. Undan oldingi ya’ni, 14-Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti 2021-yil 4-mart kuni Prezident Erdoʻgʻanning davriy rahbarligida “Covid-19 dan keyin mintaqaviy hamkorlik” nomi ostida onlayn uyushtirilgandi.
2021-yilning 27-iyuni kuni Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat O‘ktay Turkiya-O‘zbekiston hukumatlararo qo‘shma iqtisodiy komissiyasining VI yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga bordi.
2021-yilning 5-10-mart kunlari Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘lu Markaziy Osiyoning uchta davlati shu jumladan Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda boʻlib qaytdi. Chavushoʻgʻlu Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsulligi, Bishkekdagi Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti qoshidagi Salomatlik markazi va pandemiyaga qarshi kurash laboratoriyasi ochilishida ishtirok etdi.
Turkiya Respublikasi Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar 2021-yilning 28-iyunidan 2-iyuligacha rasmiy tashrif bilan Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘ldi.
2021-yili Gruziya, Ukraina va Qirg‘iziston Prezidentlari amaliy tashrif bilan Turkiyaga keldi. 2021-yil 1-iyun kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili Turkiyaga Bosh vazir sifatida ilk tashrifini yoʻlga qoʻydi. 2021-yil 10-aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Istanbulda edi. 2021-yilning 9-11-iyuni kunlari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Turkiyaga ilk tashrifini amalga oshirdi.
Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an 2021-yil 31-mart kuni onlayn tarzda o‘tkazilgan “Turkiston: Turk dunyosining ma’naviy poytaxtlaridan biri”,- nomli Turk kengashning (Bugungi Turk Davlatlari Tashkloti) norasmiy sammitida ishtirok etdi. 2021-yil 12-noyabr kuni Istanbulda Prezident Erdo‘g‘an mezbonligida Turk kengashining 8-sammiti bo‘lib o‘tdi.
2021-yil ham og‘ir yil bo‘lishiga qaramay, Turkiyaning Yevrosiyo davlatlari bilan bo‘lgan aloqalari barqaror ravishda saqlanib qoldi. O‘zaro tashriflar amalga oshirilib, rejalashtirilgan xalqaro tashkilotlar sammitlari o‘tkazildi. Mintaqa davlatlaridan Ukraina, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qirg‘iziston Turkiyaning Qurolli Insonsiz havo transportlarini xarid qilib oldi. Xulosa qilib aytganda, 2021-yilda Turkiya Yevrosiyo geografiyasidagi davlatlar bilan aloqalarini mustahkamladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.