Yevrosiyo kun tartibi - 19

Dasturimizning bugungi sonida 2021-yil Yevrosiyo geografiyasida qanday o‘tgani haqida soʻz qilamiz.

1758153
Yevrosiyo kun tartibi - 19

2021-yil COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash davom etdi va davlatlar bu jarayonda oʻz iqtisodiyotlarini tiklash bilan band boʻldi.

Joriy yilda Yevrosiyo geografiyasining ko‘plab mamlakatida saylovlar oʻtkazildi. Masalan, 2021-yil 10-yanvarda Qirg‘izistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovi va boshqaruv shaklini belgilash bo‘yicha referendum, Qozog‘istonda mahalliy va umumiy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Parlament saylovlari Armanistonda 2021-yil 20-iyun, Rossiyada 2021-yil 17-19-sentabr, Qirgʻizistonda 2021-yil 28-noyabrda o‘tkazildi. 2021-yil 2-oktabrda Gruziyada mahalliy saylovlar uyushtirildi. 2021-yil 24-oktabr kuni O‘zbekistonda Prezident saylandi.

Farg‘ona vodiysidagi chegara muammolari 2021-yili ham davom etdi. Aprel oyi oxirida Qirg‘iziston-Tojikiston chegara chizig‘ida sodir bo‘lgan voqeada o‘nlab inson halok bo‘ldi, yuzlab kishi tan jarohati oldi. Qirg‘iziston-Tojikiston chegara chizig‘ida yil davomida turli tarangliklar qayd etildi.

Aytishimiz mumkinki, mintaqa uchun yilning eng muhim voqeasi Afg‘onistonda Tolibonning hokimiyatni qo‘lga olishi bo‘ldi. Barcha davlatlar, xususan, Markaziy Osiyo respublikalari Afg‘oniston kelajagi va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini turli platformalarda muhokama qila boshladi. Afg‘onistonga mintaqa davlatlaridan gumanitar yordam materiallari jo‘natildi.

2021-yili Ozarbayjon Qorabog‘ni qayta tiklash ishlarini muvaffaqiyatli ravishda davom ettirdi. Armaniston ham Ozarbayjon ham Turkiya bilan munosabatlarini normallashtirish uchun qadam tashlay boshladi. Bu boradagi ilk qadamlar transport sohasida amalga oshirildi.

Rossiya-G‘arb munosabatlaridagi ziddiyat 2021-yili ham kuzatildi. Ukraina va Belorusda sodir bo‘lgan voqealar Rossiya-G‘arb mojarosining bir aksi hisoblanadi.

2021-yili Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkiloti, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kabi mintaqaviy tashkilotlarning davriy yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. 2021-yilning 5-6-avgusti kunlari Turkmanistonning Avaza sayyohlik mintaqasida Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlarining 3-maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

2021-yili Turk Respublikalari mustaqilligining 30-yilligini nishonladi. Mavzu bo‘yicha turli qo‘shma tadbirlar tashkil etildi. Turk kengashi bahorda norasmiy, kuzda esa rasmiy sammitlar uyushtirdi. 2021-yil 31-mart kuni, “Turkiston: Turk dunyosining ma’naviy poytaxtlaridan biri” deb nomlangan norasmiy Turk kengashi sammiti onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi. Sammitda Qozogʻistonning Turkiston shahri Turk dunyosining maʼnaviy poytaxtlaridan biri deb eʼlon qilindi. 2021-yil 12-noyabr kuni Istanbul shahrida Turk kengashning 8-sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit doirasida tashkilotning yangi binosi ochildi. Sammit yakunida 121 moddadan iborat Istanbul deklaratsiyasi imzolandi. Tashkilot nomi “Turk Davlatlari Tashkiloti” deb o‘zgartirildi. Yig‘ilishda tashkilotning yo‘riqnomasi hisoblangan Turk dunyosi 2040 Vizyon hujjati qabul qilindi. Bundan tashqari, 2021-yilning 27-28-sentabr kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahrida Turk tilida so‘zlashuvchi davlatlar Parlament Assambleyasining (TurkPA) 10-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, 2021-yil mintaqa davlatlari uchun muhim o‘zgarishlar yili bo‘ldi.



Aloqador xabarlar