O'zbekistondan xabarlar 19-qism

Xitoy Raisi Oʻzbekiston Prezidentini diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan tabrikladi.

1757305
O'zbekistondan xabarlar 19-qism

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Xitoy Xalq Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan oʻz nomimdan Sizga va Siz orqali doʻst Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon oʻtgan 30 yilda Xitoy-Oʻzbekiston aloqalari izchil rivojlanib, muvaffaqiyatlarga erishdi hamda tinchlik-totuvlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik ruhidagi davlatlararo munosabatlarning yorqin namunasiga aylandi. Xususan, mamlakatlarimiz islohotlar, ochiqlik, taraqqiyot va qayta tiklanish borasida bir-biridan oʻrganmoqda va tajriba almashmoqda, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarini birlashtirib, oʻzaro yordamlashmoqda, bu esa har tomonlama strategik sherikligimizning mohiyatini toʻliq aks ettiradi.

Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarining rivojiga katta ahamiyat qaratmoqdaman hamda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligidan foydalanib, Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligimini bildiraman.

Faoliyatingizga muvaffaqiyatlar va mustahkam sogʻlik tilayman.

Doʻst Oʻzbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

 

Xitoy hukumatining Yevroosiyo ishlari bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekistonga keldi

Xitoy hukumatining Yevroosiyo ishlari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

O‘zA ma’lumotiga ko‘ra, kecha tashrif doirasida poytaxt Toshkentda «Ikki tomonlama hamkorlik va davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish» mavzusida simpozium bo‘lib o‘tdi.

Dastlab delegatsiya yetakchisi O‘zbekiston - Xitoy munosabatining hozirgi ahvoli haqida so‘z yuritib, jumladan, keyingi yillarda har ikki davlatda ro‘y berayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar, tizimli islohotlar o‘rtasidagi uyg‘unlikka alohida e’tibor qaratdi. Bundan tashqari Xitoyning tashqi siyosati, Markaziy Osiyo bilan munosabati, ayniqsa, O‘zbekiston bilan aloqalariga batafsil to‘xtaldi.

XXR hukumatining Yevroosiyo ishlari bo‘yicha maxsus vakili o‘zining keng qamrovli ma’ruzasi davomida mutaxassislar diqqatini qator muhim va dolzarb masalalarga jalb etdi. Xususan, O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari va turli sohalardagi amaliy sheriklik, Davlat boshqaruvi mavzusi, jumladan, Xitoy Kommunistik partiyasi 19-chaqiriq 6-plenumi yakunlari, Xitoyning Markaziy Osiyoga doir siyosati va “Xitoy - Markaziy Osiyo” doirasidagi hamkorlik, Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘zbekiston tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so‘zga chiqib, o‘zaro munosabatning o‘ziga xos jihatlarini tahlil etishdi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi Buyuk Ipak yo‘li paydo bo‘lgan davrlarda boshlangan, asrlar mobaynida davom etib kelayotgan aloqalar, ayniqsa, keyingi yillarda misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.

Ikki davlat BMT, SHHT kabi ko‘plab yirik xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. 

Bugungi kunda Xitoy O’zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri. Birgalikda turli soha, tarmoqlarda o‘nlab xalqaro ahamiyatga molik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida, shuningdek infratuzilmalarni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar, masalan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston avtomobil va temir yo‘llari barpo etish  rejasi ilgari surilgan.

Shu ma’noda anjuman dasturiga ko‘ra belgilangan masalalar muhokamasi chog‘ida ikki tomonlama aloqani mustahkamlash nuqtai nazaridan, Xitoy tajribasidan kelib chiqqan holda yana qanday ishlar amalga oshirish mumkin, degan savolga birgalikda javob izlandi. 

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbir davomida tomonlarning ikki mamlakat keng ko‘lamli hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan muayyan g‘oya, takliflari ilgari surildi.

 

Buxoro viloyatida birinchi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi

Yangi yilning ilk kunida  Turkiyaning «Aksa Enerji» kompaniyasi tomonidan O’zbekistonning Buxoro viloyati Buxoro tumanida qurilgan,  quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirildi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mazkur stansiyani O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga ulash bo‘yicha ishlar jadallashtirilyapti. Stansiya yaqin 2-3 kun ichida tarmoqqa quvvat uzatishni boshlaydi.

Ushbu issiqlik elektr stansiyasi Buxoro viloyatida birinchisi hisoblanadi. Stansiya yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Loyiha qurilmalarining foydali ish koeffitsiyentining yuqoriligi hisobiga yillik 260 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobidan qo‘shimcha 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Qurilish davomida 500 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritgan bo‘lsa, loyiha ishga tushishi natijasida 100 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar