O’zbekistondan xabarlar 18- qism

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi.

1754062
O’zbekistondan xabarlar 18- qism

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Sammitda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda joriy yilgi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi 2022 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish va epidemiologik xavfsizlikni ta’minlashda yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

MDHni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari asosiy e’tiborni uchta: siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikka qaratishni taklif etdi.

MDH makonida to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bog‘liqligini mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.

Ishtirokchilarning e’tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda barqaror “yashil” taraqqiyotga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining raqobatli ustunliklari va bir-birini to‘ldirib turishidan foydalangan holda ta’minlash masalalarini hal qilishga doir yangi yondashuvlar ishlab chiqish dolzarb ekani qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirdi. Mamlakatimiz 40 dan ziyod ko‘p tomonlama bitimni imzoladi va tashkilotning 23 ta organiga qo‘shildi. O‘tgan yilda O‘zbekiston ilk bor MDHga raislik qildi.

2021 yilda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi o‘ttiz foizdan ziyodga oshdi, qariyb mingta qo‘shma korxona tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston MDH doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi hamda sammit ishtirokchilari va ular orqali birodar xalqlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Koreya tomonidan taqdim etilayotgan kvotalar hamda shartnomalar soni keskin kamaygan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatining 2021 yil yakunlari haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan malaka talab etilmaydigan Ye-9-viza turi orqali fuqarolar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb etiladi.

Bandlikka ruxsat berish tizimi, ya’ni EPS orqali vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda fuqarolarni yollash uchun mas’ul idoralar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi hisoblanadi. Ishchi organlar esa Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati, ya’ni HRD Korea va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisoblanadi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasining Konvando, Muju, Inje, Kyosan hamda Xongchon provinsiyalari o‘rtasida Ye-8 viza bilan qishloq ho‘jaligi sohasiga 5 oylik ishlarga jalb qilish bo‘yicha tuzilgan memorandumlarga asosan respublika hududlaridan 420 nafar fuqaro tashkiliy tarzda jo‘natilgan. bugungi kunda taxminan 50 mingga yaqin fuqarolarimiz Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.

Ye-9 ishchi vizasi Koreya Respublikasining Bandlik va mehnat vazirligi, Ye-8 ishchi vizasi esa Koreya Respublikasining Adliya vazirligi tasarrufiga kiradi. Ushbu tizimlar mutlaqo bir biriga yaqin hamda bog‘liq emas.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan imzolangan anglashuv memorandumlariga muvofiq, Koreya tomonidan taqdim etilayotgan kvotalar hamda shartnomalar soni so‘nggi yillarda keskin kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda agentlikning Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi ushbu masalaga yechim topish maqsadida Koreya Respublikasining Kvangju, Changvon, Kimxe, Pusan kabi yirik shaharlari, Bandlik va mehnat vazirligi, HRD tashkilotining hududiy boshqarmalari, Chet ellik ishchilarni qo‘llab-quvvatlash markazlari, ish beruvchilar va sohaga oid mutaxassislar bilan uchrashuv hamda muzokaralar olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, bunga koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat, mehnat migrantlarining karantin qoidalari va mamlakat qonunlariga rioya qilishi kabilar bilan birga, ish joyini tashlab ketish, mehnat shartnomasi, viza muddati tugagach noqonuniy qolib ketish, ish beruvchi bilan kelisha olmaslik va nizoli holatlarning tez-tez vujudga kelishi, odob-axloq, muomala madaniyati va sanitariya-gigiyena masalalariga ahamiyat bermaslik va boshqa shu kabi holatlar sabab bo‘lmoqda.

Bugun Koreyada Respublikasida noqonuniy ishlayotgan fuqarolar, kelgusida Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan fuqarolarning ketishlariga to‘siq bo‘lmoqda.



Aloqador xabarlar