Yevroosiyo kun tartibi - 16

Dasturimizning bugungi sonida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga uyushtirgan tashrifi haqida soʻz qilamiz.

1748419
Yevroosiyo kun tartibi - 16

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 5-6-dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldi. Qozog‘iston Prezidenti Qasim Jo‘mart Toqayev Prezident Shavkat Mirziyoyevni “Nursulton Nazarboyev” nomidagi xalqaro aeroportda kutib oldi. 6-dekabr kuni Prezident Mirziyoyev uchun Oq o‘rdada rasmiy marosim uyushtirildi. Marosimdan so‘ng ikki davlat rahbarlari o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar hay’atlar ishtirokida davom etdi.

Muzokaralar natijasida ikki qardosh davlatning tegishli idoralari oʻrtasida ekstraditsiya, tabiiy ofat, kosmik, elektr energiyasi, savdo sohalarida hamkorlik shartnomalari hamda transport, sanoat sohalaridagi loyihalar boʻyicha qoʻshma harakat rejalari imzolandi. Qasim Joʻmart Toqayev va Shavkat Mirziyoyev ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar maqomini ittifoqchilik darajasiga koʻtarishni nazarda tutuvchi deklaratsiyani imzoladilar. Ittifoqlik deklaratsiyasi qo‘shma kengash tuzishni nazarda tutadi. Ikki davlat prezidentlari savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida oʻzaro maxsus vakillarni tayinladilar.

Hujjatlarni imzolash marosimidan so‘ng Toqayev va Mirziyoyev OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazdi. Liderlar matbuot anjumanida birgalikda savdo hajmini 10 milliard dollarga chiqarishni maqsad qilganliklarini ma’lum qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi hozirda 4,5 milliard dollar atrofida. Islom Karimov davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan kam bo‘lganini inobatga olsak, erishilgan nuqta va maqsadli ko‘rsatkich tahsinga sazovor.

O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev Nur-Sultonda Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda Mirziyoyev oʻzaro munosabatlarni bu darajaga ko‘tarishda Nazarboyevning sa’y-harakatlarining beqiyos ekanini ta’kidlab, unga minnatdorchilik bildirdi.

Tashrif yakunida ikki davlat prezidentlari Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston elchixonasining yangi binosini tantanali ravishda ochib berdi. Prezidentlar elchixonaning xotira daftariga imzo chekdilar.

Tashrif doirasida Qozog‘istonning Turkiston shahrida III Qozog‘iston-O‘zbekiston mintaqalararo hamkorlik forumi uyushtirildi. Nur-Sultonda esa Qozog‘iston-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va 2 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi.

Qozog‘istonda imzolangan ittifoq deklaratsiyasi ham Oʻrta Osiyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiyani jadallashtirish, ham da xorijiy davlatlar aralashuvining oldini olish nuqtai nazaridan juda muhim. Oʻrta Osiyo respublikalari 1990-yillarda abadiy birodarlik shartnomasini imzolagandi. Ittifoqlik deklaratsiyasi abadiy birodarlikni amalda mustahkamlaydigan jarayonga zamin yaratdi. Aytmasak ham qozoqlar, “O‘zbeklarni oʻz birodarim” deyishadi.

Qozog‘istonlik jurnalist Amangeldi Kurmetuli ta’kidlaganidek, “davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning strategik darajadan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishi, bu davlatlarning bir-biriga iqtisodiy, ijtimoiy va harbiy yordam ko‘rsatishga tayyor”.-degan ma’noni anglatadi. Bundan tashqari, oʻzbekistonlik jurnalist Abduvali Saybnazarov ham taʼkidlaganidek, ittifoqlik deklaratsiyasining imzolanishi, O‘rta Osiyo mintaqasining barqarorligi va rivojlanishi uchun muhim qadamdir.

G‘arbda Turkiya bilan Ozarbayjon, sharqda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston bir-birlari bilan yana-da yaqin hamkorlik qilib, Turk Davlatlari Tashkilotining kuchayishiga yana-da ko‘proq hissa qo‘sha oladi. Qozog‘iston bilan O‘zbekistonning oxirgi yillardagi Turk dunyosiga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgani ham buning dalilidir.

Ikki davlatning chegara hududlarida ochilgan savdo va transport markazlari, ularning mintaqaviy va xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, imzolangan kelishuvlar va savdo hajmining tez sur’atlar bilan ortib borishi kabi ijobiy o‘zgarishlar Qozog‘iston va O‘zbekistonning ittifoq davlat jarayonini muvaffaqiyatli ravishda yuritishidan dalolat bermoqda.

 

 



Aloqador xabarlar