Yevroosiyo kun tartibi-14

Dasturimizning bugungi sonida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning Turkmanistonga uyushtirgan rasmiy tashrifi haqida soʻz qilamiz.

1742038
Yevroosiyo kun tartibi-14

2021-yilning 27-28-noyabri kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Turkmanistonga tashrif uyushtirdi. 2021-yilning 27-noyabri kuni Prezident Erdo‘g‘anni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobodda rasmiy marosim bilan kutib oldi. Davlat rahbarlari kutib olish marosimlari ortidan o‘zaro va hay’atlaro uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlardan keyin ikki davlat o‘rtasida sakkizta shartnoma imzolandi. Sog‘likni saqlash, ta’lim, ommaviy axborot vositalari, chorvachilik, bank va tashqi aloqalar sohalarida imzolangan shartnomalar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ikki davlat prezidentlari imzosi bilan 9 moddadan iborat qo‘shma bayonot e’lon qilindi.

Shundan so‘ng matbuot anjumani uyushtirildi. Anjumanda liderlar mushtarak savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganliklarini bildirdi. Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, ikki davlatning qoʻshma savdo hajmi 2 milliard atrofida.

Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻanga Turkiya-Turkmaniston hamkorligini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Davlat ordeni taqdim etildi. 2017-yili ta’sis etilgan va yuqorida nomi tilga olingan ustun mukofot bugungacha Vladimir Putinga berilgan edi.

Prezident Erdoʻgʻan Turkmanistonga oxirgi marta 2015-yili tashrif uyushtirgan. Turkiya jihatidan Turkmaniston, Markaziy va Janubiy Osiyoga ochilgan darvoza sifatida alohida oʻringa ega. Har ikki davlat ham transport sohasidagi salohiyatidan to‘liq foydalandi deyolmaymiz. Zangazur yo‘lagi ochilsa, ikki davlat o‘rtasidagi quruqlikdagi transport masofasi yanada qisqaradi. Sharq-g‘arbiy oʻrta yoʻlagi Ko‘k yo‘lakdek xalqaro transport tarmoqlari ham Turkiya va Turkmanistonni bir-biriga yana-da tigʻiz bog‘laydi.

Prezident Berdimuhamedov Ozarbayjon Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabbarovni oxirgi 10 kun ichida ikki marta qabul qildi. Uchrashuvda transport va energetika sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingani bildirildi. Turkmaniston bilan Ozarbayjon Kaspiy dengizidagi “Doʻstlik” energetika koni muammosini muzokaralar yoʻli bilan yechgandi. Turkman tabiiy gazi kelajakda Turkiya va G‘arbga eksport qilinishi mumkin. Oʻtkazilishi rejalashtirilgan Ozarbayjon-Turkiya-Turkmaniston uch tomonli sammitida, munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

2021-yil 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida “Kelajakka birgalikda qadam tashlaylik” mavzusi ostida 15-Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda Ozarbayjon, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston Davlat rahbarlari ishtirok etdi.

Unda Prezident Erdo‘g‘an tashkilotning davriy raisligini Turkmaniston Prezidenti Berdimuhamedovga topshirdi. Prezident Erdo‘g‘an sammitda so‘zlagan nutqida TURKOVAC vaksinasi tasdiqlangach, butun insoniyat xizmatiga taqdim etishlarini yetkazdi. Shuningdek, Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natishning zarurligini ta’kidladi va tashkilotga a’zo davlatlarni Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan aloqalarini rivojlantirishga chaqirdi.

Sammit yakunida davlat rahbarlari tomonidan Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi imzolandi. Ilm-fan va texnologiya, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va ekologiya, tarix, madaniyat, adabiyot va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha mukofatlar topshirildi. Sammit doirasida biznes-forum ham tashkil etildi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Prezident Erdo‘g‘anning Turkmanistonga tashrifi samarali bo‘ldi.

 

 

 



Aloqador xabarlar