Yevroosiyo kun tartibi - 13

Dasturimizning bugungi sonida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga uyushtirgan tashrifi haqida soʻz qilamiz.

1738770
Yevroosiyo kun tartibi - 13

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-noyabr kuni Rossiyaga rasmiy tashrif uyushtirdi. Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan Mirziyoyev, oʻzaro munosabatlarning bugungi kundagi darajasidan mamnunligini bildirdi. Mirziyoyev shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmining 7 milliard dollarga yaqinlashganini maʼlum qildi. Kremldagi uchrashuv yakunida ikki davlat oʻrtasida 18 shartnoma imzolandi.

Tashrif doirasida ikki davlat oʻrtasida 3 ta yirik forum boʻlib oʻtdi. Ular navbatdagi Rossiya-O‘zbekiston mintaqalararo hamkorlik forumi, Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumi va Rossiya-O‘zbekiston media-forumidir.

Ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston mintaqalararo hamkorlik forumida 14 milliard dollarlik shartnoma imzolandi. Rossiya, strategik jihatdan hamkorlik qilgan davlatlar bilan mintaqalararo hamkorlik forumlarini oxirgi yillarda tez-tez o‘tkazib kelmoqda va bu forumlar faqatgina mahalliy boshqaruv organlari bilan cheklanib qolmay, barcha sohalarni oʻz ichiga olgan va qisqa muddatda ikki tomonlama munosabatlarning lokomotivi vazifasini zimmasiga olgan tashkilotga aylanmoqda.

Ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumida 35 shartnoma imzolandi. O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikkala davlat rektorlari o‘tgan yilning may oyida Buxoroda alohida forum o‘tkazgan edi. So‘nggi bir necha yil ichida hukumatlararo kelishuvga ko‘ra yuzlab rossiyalik oʻqituvchi O‘zbekistonda rus tilida dars bermoqda. Ta’lim sohasida Rossiyaning O‘zbekiston bilan boʻlgan hamkorligi yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Navbatdagi Rossiya-O‘zbekiston media-forumida ikki davlat matbuot sohasida hamkorlikni rivojlantirish, chet el propagandasiga qarshi tajriba almashilishi qayd etildi. Ikki mamlakat davlat rahbarlari axborot xavfsizligi boʻyicha qoʻshma bayonotni imzoladilar.

Joriy yilning 18-noyabri kuni O‘zbekistonning “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Toshkent-Sochi yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozini amalga oshirdi. Transport sohasida Rossiya O‘zbekiston uchun strategik davlat hisoblanadi.

Tashrif haqidagi xabarlarda Mirziyoyevning prezident etib saylanganidan keyin ilk rasmiy tashrifini Rossiyaga qilgani taʼkidlanmoqda. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Mirziyoyev prezident etib saylanganidan keyin ilk xorijiy tashrifini Turkiyaga amalga oshirdi. Prezident Mirziyoyev 2021-yilning 12-noyabri kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turk davlatlari tashkilotining 8-sammitida ishtirok etgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlik apparati ikkala davlat o‘rtasida bu yil 50 dan ortiq oliy darajadagi o‘zaro tashriflar amalga oshirilganiga e’tibor qaratmoqda.

Bu holatning ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilayotganini aytish mumkin. Masalan, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan rus shirkatlari soni ikki mingdan oshdi va Rossiya Xitoydan keyin O‘zbekistonga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan davlat hisoblanadi. Shu bois ham Rossiya va O‘zbekiston bundan buyon o‘zaro savdoda dollardan asta-sekin voz kechib, mahalliy valyutadan foydalanish haqida qaror qabul qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari haqiqatdan ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Ruslarning O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurishi ham buning yorqin dalilidir. Shu bilan birga O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti va Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi kabi Rossiya yetakchilik qilgan tashkilotlar tarkibiga qo‘shilish masalalariga kirmay, o‘zining mustaqil siyosatini olib borishda qarorli ekanini namoyon etmoqda.



Aloqador xabarlar