O'zbekistondan xabarlar 6-qism

O‘zbekistonda Etnosport assotsiatsiyasi tashkil etildi.

1718842
O'zbekistondan xabarlar 6-qism

 

O'zbekiston poytaxti Toshkent shahrida 8-oktabr kuni “O‘zbekistonda etnosportning rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi. O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirni O’zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Bilol Erdo‘g‘on ochib berdi.

“O‘zbekistonda milliy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish O’zbekiston rahbariyati tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri va nomoddiy madaniy merosni asrash, shuningdek, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hamda ommalashtirish sohasidagi asosiy masalalardan biridir.

Xalq o‘yinlari qadimdan davlatchilik shakllanishi, jamoani birlashtirish va himoya qilishda ham yuksak ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda ular shaxsni jismonan sog‘lom, qat’iyatli, sabr-matonatli, hozirjavob va ma’naviy yetuk bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bir xalqning tarixi ming yillar davomida shakllangani uning moddiy va madaniy boyliklarida, etnografiyasida aks etadi. Shunday ekan, fursatdan foydalanib, barchaga O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi ochilishi haqida ma’lum qilaman”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Shundan so‘ng Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Bilol Erdo‘g‘on so‘zga chiqib, xalq o‘yinlari hamda ularning ahamiyati haqida nutq so‘zladi. Bundan tashqari, mehmon O‘zbekistonga beshinchi marta tashrif buyurgani va uning tarixi hamda qadriyatlaridan katta taassurotda ekanini aytdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi rahbari sifatida Oybek Norinboyev tanishtirildi.

Butunjahon etnosport konfederatsiyasi, uning raisi Bilol Erdo‘g‘on hamda O’zbekiston turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasida Milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirishga doir hamkorlik memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi o‘rtasida ham memorandum imzolandi.

 

O‘zbekiston va Hindiston investitsiyalarni jalb etish va rag‘batlantirish agentliklari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

12 oktyabr kuni O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va Hindistoning Savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Investitsiyalarni jalb etish va rag‘batlantirish agentliklari o‘rtasida Investitsiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumini imzolash tadbiri o‘tkazildi. Ushbu tadbir onlayn shaklda amalga oshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston va Hindiston elchilari Dilshod Ahatov va Manish Prabhat, O‘zbekiston Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori o‘rinbosari Oybek Elmuratov hamda Hindiston Investitsiyalarni jalb etish va rag‘batlantirish agentligi rahbari Dipak Bagla ishtirok etdi.

Hindiston tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda jadallik bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va, ayniqsa, biznes yuritish bo‘yicha xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyoz va qulayliklarni ijobiy baholadi.

Anjumanda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida iqtisodiy kooperatsiya, xususan, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda ulkan imkoniyatlar mavjudligi, Hindistonning yuqori investitsiya salohiyati va O‘zbekiston bozorida o‘z ishtirokini kengaytirishga bo‘lgan qiziqishi bu sohadagi aloqalarni yanada jadallashtirishga asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokidagi 200 dan ortiq yangi korxona tashkil etilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Ikki mamlakat investitsiya hamkorligi imkoniyatlarini ilgari surishda salohiyatli yo‘nalishlarni aniqlash, o‘zaro munosib sheriklar topish, investitsiya tashabbuslari to‘g‘risida tajriba va tegishli ma’lumotlar almashish, shuningdek, har ikki mamlakatda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum, seminar va davra suhbatlarida o‘zbek va hind biznes vakillari ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. 

O‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda bu yo‘nalishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilish uchun imzolangan ushbu Anglashuv memorandumi huquqiy zamin bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengash vazirlar uchrashuvida qatnashdi

Qozog’istonning Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashga aʼzo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining VI  yig‘ilishida ishtirok etdi.

O’zbekiston TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda mintaqada xavfsizlikni taʼminlash va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, pandemiyadan keyingi davrda iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirish masalalari, shuningdek Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat muhokama qilindi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 12 oktyabr kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi.


Tanlangan kalimalar: #Bilol Erdo'g'an , #etnosport , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar