O'zbekistondan xabarlar 3-qism

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevani qabul qildi

1709480
O'zbekistondan xabarlar 3-qism

 

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Bishkekka rasmiy tashrifi doirasida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi.

Parlament yuqori palatasidan maʼlum qilishlaricha, Qirg‘iziston Prezidenti mustaqillikning 30 yilligi nishonlanayotgan kunlarda amalga oshirilgan ushbu tashrifning ahamiyati va muhimligini qayd etdi. Shuningdek, u qardosh o‘zbek xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan qutladi.

Tomonlar munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Prezident Sadir Japarov do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va strategik hamkorlik tamoyillariga asoslangan Qirg‘iziston - O‘zbekiston munosabatlari yuksak darajaga yetganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ikki davlat rahbarlarining ochiq va ishonchli aloqalari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashning muhim asosi ekanini taʼkidladi. Shu nuqtai nazardan Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama hamkorlikda joriy yilning mart oyida Toshkentga amalga oshirgan davlat tashrifi muhimligini taʼkidladi.

Sadir Japarov O‘zbekistonning gender siyosatni amalga oshirish, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari, shu jumladan, "Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti" tashabbusiga yuqori baho berdi. Shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan "Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollari muloqoti" biznes-forumiga muvaffaqiyat tiladi va bunday loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati rahbari Tanzila Norboyeva samimiy mehmondo‘stlik uchun Qirg‘iziston tomoniga chin dildan minnatdorlik bildirdi. Senat rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yetkazdi hamda O‘zbekiston rahbari Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Suhbat davomida tomonlar yuksak darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning huquqiy asosini mustahkamlash va samarali parlament nazoratini taʼminlash, ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik, shu jumladan, chegara hududlarining mahalliy munitsipal Kengashlarining samarali aloqalarini faollashtirishga qaratilgan ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishni taʼkidladilar. Bundan tashqari, ikki mamlakat aholisining keng qatlamlari o‘rtasida yaqin madaniy-gumanitar aloqalar va muloqot uchun barcha zarur qulay shart-sharoitlar yaratishning muhimligini taʼkidladilar.

Uchrashuv chog‘ida, shuningdek, ikki tomonlama ahamityatga molik boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirish chora-tadbirlarini kelishib oldi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiyaning Bishkekka  rasmiy tashrifi doirasida 21 sentyabr kuni Qirg‘iziston Jokorku Keneshi torag‘asi Talant Mamitov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O’zbekiston Parlament yuqori palatasidan maʼlum qilishlaricha, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqalar va ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida hamkorlik qilish nuqtai nazaridan munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari xususida fikr almashildi.

O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijalari, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning muhim masalalari haqida so‘z bordi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva qayd etganidek, davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli munosabatlar barcha sohalardagi hamkorlikning izchil ijobiy dinamikasi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi 4 yil mobaynida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobardan oshgani va o‘tgan yili 900 million dollardan ortgani ikki tomonlama aloqalar tobora faollashib borayotganining yorqin misollaridan biridir.

Bundan tashqari, gender tenglikni taʼminlash, birgalikda tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro parlament tuzilmalari va tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarida hamkorlik qilishga eʼtibor qaratildi.

Qirg‘iziston Jokorku Keneshi torag‘asi Talant Mamitov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarga, O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlariga yuqori baho berdi.

Talant Mamitov O‘zbekiston bilan hamkorlik Qirg‘iziston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tanzila Norboyevaning Qirg‘izistonga tashrifi munosabatlarning yana-da rivojlanishiga yaxshi turtki berdi.

Oliy Majlis Senati raisi va Jogorku Kenesh torag‘asi O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish uchun chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib oldilar.

Tomonlar parlament nazoratini amalga oshirishda tajriba almashish, qonunchilik faoliyati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va parlament diplomatiyasini faol targ‘ib qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

 

Bishkekda "Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollari muloqoti" xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi aʼzolari Bishkek shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

O’zbekiston Parlament yuqori palatasidan maʼlum qilinishicha, delegatsiya aʼzolari tashrif doirasida 22 sentyabr kuni “Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollari muloqoti” xalqaro biznes-forumida ishtirok etdi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollarining mintaqaviy iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash uchun ularning barqaror muloqotini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda vazirliklar, xalqaro tashkilotlar, biznes birlashmalari, fuqarolik jamiyati vakillari, tadbirkor ayollar va OAV vakillari qatnashdi.

Tanzila Norboyeva Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkor ayollarining bunday keng formatdagi va ikki mamlakat vakillari delegatsiyalari ishtirokidagi muloqoti ilk bor o‘tkazilayotganini, shuningdek mazkur biznes-forum xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochib berishini taʼkidladi.

- O‘zbekiston  Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida raislik doirasida ham mintaqaviy, ham ikki tomonlama formatlarda tadbirkor ayollar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat beradi, - dedi Oliy Majlis Senati raisi.

Forum davomida tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyat va istiqbollar yaratish, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlarida malakalarni mustahkamlash, mamlakat va mintaqaviy darajada tadbirkor ayollarni birlashtirish, ishtirokchi mamlakatlar tadbirkorlari tajribasini namoyish etish hamda o‘tkazish va boshqa masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. O‘tgan besh yilning o‘zida ikki tomonlama tovar aylanmasi deyarli o‘n barobar o‘sdi va 2020 yil yakuniga ko‘ra 900 million dollardan ortiqni tashkil etdi.

- O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — dedi O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi. — 2020 yilda tadbirkor ayollar soni 172,4 mingga yetdi. Mamlakatning har bir hududida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda har yili 30 mingga yaqin ayolga tadbirkorlik, kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Forum Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tadbirkor ayollari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar bajarilishiga ko‘maklashishi taʼkidlandi.

Ushbu tadbir parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida yuksak darajada ahil qo‘shnichilik, strategik hamkorlik va mintaqada ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha ilgari erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi. Ishtirokchilarning boy tajribasi esa xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

 



Aloqador xabarlar