O'zbekistondan xabarlar 83-qism

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot chog'ida Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat bo‘yicha fikr almashdilar.

1691688
O'zbekistondan xabarlar 83-qism

 

Kecha, 15 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat bo‘yicha fikr almashdilar.

Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida yaqin aloqalar va hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

 

Xorazm viloyati musiqali drama teatri jamoasi ijodiy safar bilan Turkiyaga bordi.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY va Anqara shahri Kechioren tumani hokimligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan hamda  “Xiva shahri - Turk dunyosi poytaxti” dasturi doirasida o‘zbek san’tkorlarining konserti tashkil etildi.

Unda Xorazm viloyati musiqali drama teatri direktori D.Ibragimova boshchiligidagi raqs va musiqa ansambli jamoasi o‘z madaniy dasturi bilan ishtirok etdi.
Tadbirda Turkiyaning ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, akademik, ishbilarmon doiralari va xorijiy diplomatiya korpusi, shuningdek, OAV vakillari qatnashdilar.
Konsert dasturi avvalida ko‘hna Samarqand, Buxoro, Xiva va Qo‘qon shaharlarining boy madaniy va tarixiy me’rosi hamda Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari aks etgan videolavha tomoshabinlarning e’tiboriga havola qilindi.
Tadbir qatnashchilari o‘zbek xalqining nomoddiy madaniy meroslaridan biri va YUNЕSKO repre zentativ ro‘yxatidan joy olgan “Lazgi”  raqsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ham tanishdilar.
TURKSOY tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Bilal Chakiji o‘z nutqida O‘zbekiston davlat mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan TURKSOY tashkiloti nomidan o‘zbek xalqini muborakbod etar ekan, mamlakatga bardavom tinchlik-xotirjamlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi. 
O‘z navbatida Kechioren tumani hokimi Turgut Altinok bunday  madaniy tadbirlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdi. 

Bo‘lib o‘tgan konsertdagi madaniy chiqishlar tadbir qatnashchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.

 

Londonda Alisher Navoiy g‘azallari va Abdulhamid Cho‘lpon she’rlari ingliz tilida chop etildi.

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy g‘azallari va atoqli shoir Abdulhamid Cho‘lpon she’rlaridan iborat to‘plam Londonda ingliz tilida nashr etildi.

Alisher Navoiy g‘azallari va Cho‘lpon she’rlari taniqli ingliz shoiri Endryu Staniland tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Kitob O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan chop etildi.
To‘plamdan  Alisher Navoiyning 12 ta mashhur g‘azali, jumladan, “Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulru kelmadi”, “Ko‘rgali husnungni zoru mubtalo bo‘ldum sango”, “Xo‘blar ming bo‘lsalar, men xastag‘a bir yor bas”, “Ne navo soz aylagay bulbul gulistondin judo”, “O‘zga bo‘ldi yoru mehri manda boqiydur hanuz”, “Kimsa hargiz ko‘rmadi chun ahli davrondin vafo”, “Ne bahor o‘lg‘ayki bir gul hajridin badholmen”, shuningdek, Cho‘lponning “Go‘zal”, “Buzilgan o‘lkaga”, “Go‘zal Turkiston”, “Ko‘ngil”, “Sharq qizi”, “Mahmud Xo‘ja Behbudiy xotirasi” kabi 14 ta she’ri o‘rin olgan.
Endryu Staniland kitob  haqidagi o‘z fikrlarini o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekistonga safari davomida o‘zbek xalqining boy madaniy merosi  va mumtoz she’riyatidan ilhomlanib, “Yangi Devon. Hazrat Alisher Navoiy” to‘plamini yaratganini ta’kidladi. 
U o‘zbek shoirlari asarlarining ingliz tilidagi tarjimalari yo‘qligini hisobga olib, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy g‘azallarini, shuningdek, zamonaviy o‘zbek she’riyatining atoqli namoyandalaridan biri Abdulhamid Cho‘lpon asarlarini tarjima qilishda o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi. Natijada, Alisher Navoiyning 12 g‘azali va Abdulhamid Cho‘lponning 14 she’ridan iborat ushbu to‘plam dunyo yuzini ko‘rdi. 

Muallifning fikricha, “Ingliz kitobxonlari uchun Navoiy XV asrda yashagan Temuriylar shoiri”. Navoiy va  Cho‘lpon ijodining bir to‘plamga jamlanishi o‘zbek adabiyotining o‘tmish an’anasi va davomiyligini nazarda tutadi. Shu bilan birga, ingliz she’riyat ixlosmandlari uchun buyuk shoirlarning asarlaridagi o‘xshashlik va ziddiyatni aniqlay olish imkoniyati yaratilgan.
Ingliz shoirining aytishicha, tarjimada mualliflar fikrlarini saqlab qolgan holda Navoiy va Cho‘lponni ingliz tiliga tarjima qilish juda mushkul. Ammo ushbu tarjimada asliyatni yo‘qotmaslikka harakat mavjud. She’rlarning vaznini saqlab qolgan holda ularni so‘zma-so‘z tarjima qilish ham oson kechmadi.

O‘zbek she’riyatiga Yevropa uslubini olib kirgan Cho‘lpon qalamiga mansub she’rlar ingliz kitobxoniga ancha yaqin. Navoiy g‘azallarini tushunish uchun esa mumtoz adabiyotdan xabardor bo‘lish lozim. 
Endryu Staniland tarjima jarayoni davomida o‘zbekistonlik navoiyshunos Aidaxon Bumatov va Cho‘lpon she’rlarini chuqur o‘rgangan adabiyotshunos olim Avazxon Haydarov bilan yaqin hamkorlik qildi.
Muallifga ko‘ra, u o‘zining yangi tarjima kitobini O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga, shuningdek, o‘zbekistonlik hamkasblari va do‘stlariga bag‘ishlaydi.

“Ular O‘zbekistonning kelajagi. Keyingi o‘ttiz yil ularning qo‘lida”, deya qayd etdi Endryu Staniland.
U ayni paytda o‘zbek miniatyurachi rassomi Davlat Toshev bilan birgalikda Navoiy g‘azallari tarjimalaridan iborat rang- tasvirli  kitob yaratish ustida ishlamoqda.

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar