O'zbekistondan xabarlar 80-qism

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni qator xorijiy davlatlar yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qildi.

1681322
O'zbekistondan xabarlar 80-qism

 

O’zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Ular davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O’zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va demokratik yangilanishlarning yangi dasturini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar, xalqaro maydonda mamlakat nufuzi mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etildi.
O‘tgan hafta Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konferensiyaning samarali natijalari yuqori baholandi.
Ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afg‘oniston bo‘yicha yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilindi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyev atoqli davlat arbobi, o‘z mamlakatining haqiqiy yetakchisi sifatida yurtdoshlarining haqli hurmat-e’tirofiga va xalqaro maydonda yuksak obro‘ga sazovor bo‘lganini ta’kidladi.
Mirziyoyevning mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, turli yo‘nalishlarda sermahsul ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi beqiyos ekani qayd etildi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Rossiya-O‘zbekiston aloqalarining butun ko‘lami yanada kengayishiga ishonch bildirildi.
Telefon muloqoti chog‘ida O‘zbekiston-Rossiya strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgani, eng avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.

 

O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari ikki va ko‘p tomonlama formatdagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar


Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan suhbatda ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Prezident Mirziyoyevning yetakchiligida O‘zbekiston o‘z mintaqasida erishayotgan peshqadamlik rolini tobora mustahkamlab borayotganini Turkiya katta mamnuniyat bilan kuzatib borayotgani va buni qo‘llab-quvvatlashi alohida ta’kidlandi.
“Siz, Janobi oliylari bilan oramizdagi samimiy do‘stlikni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik qardoshlik rishtalaridan kuch olgan yaqinlikning bir timsoli deb bilaman va bundan quvonaman”, deb aytgan Turkiya yetakchisi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali hamkorligining jadal rivojlanishiga xizmat qilayotgan o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, joriy yil boshidan tovar ayirboshlash qariyb ikki baravarga ko‘paydi, 230 dan ortiq yangi qo‘shma korxona tashkil etildi, muhim madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarlari bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar hamda joriy yil yakuniga qadar O’zbekistonda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini ta’kidladilar.

 

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti O‘zbekiston Prezidentini telefon orqali tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi


Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan muloqotda O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va keng ko‘lamli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha va dasturlarning amalga oshirilishini davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Elboshi Prezident Mirziyoyevning mashaqqatli mehnati va katta siyosiy tajribasi O‘zbekistonning yanada ravnaq topishiga, uning xalqaro nufuzi yuksalishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Bugun O‘zbekiston o‘z davlatchiligini jipslashtirish va mustahkamlash, o‘z xalqi farovonligini oshirish yo‘lida yuksak cho‘qqilarni zabt etayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Nursulton Nazarboyev O’zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bundan buyon ham shiddatli rivojlanishi va katta maqsadlarga erishishda davom etishiga ishonch bildirdi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi bilan telefon orqali muloqot qildi

Rossiya Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan suhbatda O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilayotgan faol parlamentlararo almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo ittifoq va MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi yaqin va konstruktiv muloqotni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Matviyenko xonim Prezident Shavkat Mirziyoyev qarorlar qabul qilishdagi vazmin yondashuvi va samarali davlat siyosatini amalga oshirayotgani tufayli O‘zbekistonda va uning tashqarisida haqli hurmat-e’tibor qozonganini ta’kidladi.
“Respublikaning eng yangi tarixi Sizning nomingiz bilan chambarchas bog‘langan. Sizning dono rahbarligingizda ijtimoiy yangilanishlar yo‘lidan dadil borilmoqda, millatlararo hamjihatlik va dinlararo totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim vazifalar hal qilinmoqda, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Insonlar kelajagiga doimiy g‘amxo‘rligingiz bilan “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi” degan tamoyilning haqiqat ekanini amalda isbotlayapsiz", - deb ta’kidladi Rossiya Federatsiya Kengashi Raisi.

 

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari 6 avgustda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildilar


Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Turkmaniston yetakchisi O’zbekistonning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi muvaffaqiyatlari, xalqaro maydonda ortib borayotgan nufuzi bilan e’tirof qilinayotgan O‘zbekistonning zamonaviy tarixi aynan Shavkat Mirziyoyev nomi bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi.
“Siz jonajon xalqingiz manfaatlarini himoya qilishga, umummilliy maqsad va dasturlarni amalga oshirishga o‘zingizni bag‘ishladingiz. Vatanga sadoqatli xizmatingiz yuksak e’tirofga munosib”, - deb aytgan  Turkmaniston Prezidenti.
Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Prezidentlar joriy yil 6 avgust kuni “Avaza” milliy turizm hududida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida to‘xtaldilar. Bo‘lajak tadbirning kun tartibi va dasturi yuzasidan fikr almashildi.

 

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari kun tartibidagi ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarni muhokama qildilar

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan suhbatda esa, davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, eng avvalo, ularni yangi loyiha va dasturlar bilan boyitish muhim ekanini ta’kidladilar.
Shavkat Mirziyoyevning davlat va xalq manfaatlari yo‘lidagi tinimsiz xizmati, siyosiy donishmandligi va irodasi bilan yurtdoshlar orasida yuksak obro‘ga va xalqaro hamjamiyatda beqiyos hurmatga sazovor bo‘lgani alohida qayd etildi.
Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida barqaror taraqqiyot va ravnaqni ta’minlash, xalq farovonligini oshirish, Toshkentning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar yo‘lini davom ettirayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga, shu jumladan avgust oyining boshida Turkmanistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Tojikiston Prezidenti telefon orqali O‘zbekiston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi


Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan suhbatda joriy yilning 10-11 iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrif yakunlari bo‘yicha qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Prezident Imomali Rahmon davlat rahbari, birodar O‘zbekiston Prezidentidek yuksak lavozimda mamlakat barqaror siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shayotgani va Vatan ravnaqi yo‘lidagi oliy maqsadlarga fidokorona xizmat qilishning yorqin namunasini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
“Mamlakatingizda keyingi yillarda ro‘y berayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar Sizning nomingiz bilan bog‘liq. Tojikiston-O‘zbekiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ham salmoqli hissa qo‘shyapsiz, - deb aytgan Imomali Rahmon.
Kelgusi oyning boshida Turkmanistonda mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini hamda joriy yilning sentyabr oyida Tojikistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi.

 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari telefon orqali muloqotda avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasini muhokama qildilar


Qirg’iziston Prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning oqilona va puxta rahbarligi tufayli O‘zbekiston Respublikasi aholisining turmush darajasi yuksalgani, mamlakat iqtisodiyoti yanada taraqqiy etayotganini ta’kidladi.
Mamlakat yetakchisining tinimsiz faoliyati natijasida O‘zbekiston xalqaro darajadagi nufuzini mustahkamlayotgani, yaqin hamkorlikni kuchaytirishga ko‘maklashayotgani qayd etildi.
Qirg‘iziston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishiga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi.
Joriy yilning 11-12 mart kunlari Toshkent shahrida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammiti davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani qayd etildi. Energetika, transport, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni jadal ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan qutlovlar kelishda davom etmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘z tabriknomasida keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jadallashayotgani va Xitoy bundan chin dildan xursand ekanini ta’kidlagan.
Xitoy yetakchisi Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini va ularni ikki mamlakat va xalq farovonligi yo‘lida yanada yuksak darajaga olib chiqish uchun Prezident bilan birgalikda qat’iy ishlashga tayyor ekanini qayd etdi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o‘z maktubida o‘tgan yil yanvar oyidagi onlayn sammit natijasida erishilgan kelishuvlar astoydil amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
“Mamlakatlarimiz alohida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda davom etmoqda hamda xalqaro hamjamiyatning inklyuziv yashil tiklanish va uglerod neytrallikka erishish borasidagi sa’y-harakatlarga birgalikda qo‘shilmoqda”, deyiladi maktubda.

Bundan tashqari,  Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko
Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin
Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi Raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Mansur bin Zoid Ol Nahayon
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stliki Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyev qutlov yo’llagan.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar