O'zbekistondan xabarlar 79-qism

Toshkent shahrida 16 iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

1676957
O'zbekistondan xabarlar 79-qism

 

Toshkent shahrida 16 iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, jami 44ta mamlakat va 30ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati haqida nutq so‘zladi.

Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan bir-birining madaniyatini boyitgan. Buyuk ipak yo‘li hamda Hind-gang yo‘li orqali mahsulotlar, bilim, hunar va qadriyatlar tarqalgan. Ko‘pincha bu mintaqalar yaxlit davlat tarkibida ham bo‘lgan. Baqtriya va Kushon imperiyasi, Turk xoqonligi, G‘aznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davlati bunga yaqqol misoldir.

Prezident tarixiy vaziyat taqozosi bilan o‘n to‘qqizinchi asrda ikki qo‘shni mintaqaning aloqalari uzilib qolganini ta'kidladi.

"O‘zaro ziddiyatlar kuchayib, keskin mojarolarga aylanishi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘siqlar paydo bo‘lib, chegaralar yopildi. Hamkorlik va bir-birini anglash davri tugab, uning o‘rnini qarama-qarshilik hamda ishonchsizlik muhiti egalladi.

Buning salbiy oqibatlarini biz hozirgi vaqtda samarali transchegaraviy yo‘llar mavjud emasligi, savdo-iqtisodiy aloqalar yaxshi rivojlanmagani hamda madaniy-gumanitar munosabatlar salohiyati to‘liq ishga solinmagani misolida ham sezib, his etib turibmiz", dedi prezident.

Shuningdek, prezident yangi global geosiyosiy o‘zgarishlar davrida qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zaruratga aylanganini ta'kidladi.

"O‘ylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma'rifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi sa'y-harakatlarimizni o‘zaro muvofiqlashtirish vaqti keldi.

Bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni o‘zida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va obektiv jarayonga aylanib bormoqda", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaati namoyish etildi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili  Jozef Borrel mintaqada hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, bunda mazkur forumning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bayon etdi. 

Forumning yalpi va sho‘'ba majlislarida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan imkoniyat va tashabbuslar muhokama qilinadi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha maxsus rezolyutsiya loyihasi tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etiladigan bo‘ldi.

 

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad – har ikki mintaqaning barcha xalqlari va mamlakatlari manfaati yo‘lida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro konferensiya doirasida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan munosabatlarning samarali va jadal ruhini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqoti do‘stlik va strategik sheriklik rishtalarini mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda.

Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekiston Prezidentiga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Ushbu mamlakatda mustahkam tinchlikka erishish va uning iqtisodiyotini tiklash borasida yaqindan hamkorlik qilish muhim ekani taʼkidlandi.

 

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirini qabul qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tayotgan xalqaro konferensiya doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qildi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani - o‘zaro muloqot faollashib, ilk yirik investitsiya loyihalari, eng avvalo energetika sohasidagi loyihalar ilgari surilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Vazir Faysal bin Farxon O‘zbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqladi.

Saudiya tomoni O‘zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini kuchaytirish borasidagi o‘z vaqtida ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbuslarini, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘makni yuksak baholashi va qo‘llab-quvvatlashi taʼkidlandi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlarning kun tartibini boyitish, O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish maqsadida yangi loyiha va tadbirlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.  

 

O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro konferensiyada Qirg‘iziston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Aqilbek Japarovni qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, qabul chog‘ida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Aqilbek Japarov O‘zbekiston yetakchisiga Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Joriy yil mart oyida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammitida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini tez fursatda amalga oshirish, qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini tashkil etish muhim ekani taʼkidlandi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston tashqi siyosiy idorasi rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiya dasturi doirasida Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.

Prezident  matbuot xizmati xabar berishicha, joriy yilning 11-12 iyun kunlari Tojikistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrifning samarali natijalari yuqori baholandi, ular mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlab, aniq mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.

Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin prezident Shavkat Mirziyoyevga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi ustuvor loyihalarni va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar – Afg‘onistondagi vaziyat hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik ko‘rib chiqildi.

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar