O'zbekistondan xabarlar 76-qism

O’zbekistonning Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

1666087
O'zbekistondan xabarlar 76-qism

 

Joriy yilning 23-24 iyun kunlari O’zbekistonning Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekistonning turizm masalalari bo‘yicha vazirlari ishtirok etdi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Mazkur Kengash xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. O‘zbekiston ko‘plab sohalar qatorida tashkilotga a’zo davlatlarda turizm sohasini rivojlantirish, "Zamonaviy Buyuk Ipak yo‘li" sayyohlik dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi xayrli tashabbuslarning ro‘yobga chiqarilishi O‘zbekiston turistik jozibadorligini yanada oshishiga va turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

O’zbekistonda ilk bor tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va boshqalar turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.

Yig‘ilishda Kengashga a’zo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, "Tabarruk ziyorat" loyihasini amalga oshirish, Qo‘qon shahrini "Zamonaviy ipak yo‘li" dasturiga kiritish hamda a’zo davlatlarning yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash masalalari muhokama etildi. Manfaatli hamkorlik borasida bir qator taklif va tashabbuslar aytib o‘tildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yig‘ilishda ko‘plab takliflarni ilgari surdi. Jumladan, u davlatlar o‘rtasida transport logistikani rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini asrash jamg‘armasini tashkil etish, Turkiy davlatlarning yagona madaniy va turizm tadbirlari taqvimini yaratish, Boburiylar sulolasi boshlangan qadimgi Axsikent qal’asi hududida “Turkiy ovoz” qo‘shiq va kuy festivalini tashkil etishni taklif qildi. O‘zbekiston tomoni Turkiy dunyo va xalqlarining rivojlanishida o‘zining alohida o‘rniga ega, Ipak yo‘li ravnaqiga muhim hissa qo‘shgan Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti sifatida qo‘llab- quvvatlashni bildirdi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a’zo mamlakatlarining Turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining oltinchi yig‘ilishi uchun aynan Qo‘qon shahri tanlangani bejiz emas, albatta. Ikki ming yillik shonli tarixga ega bu shahar Turkiy dunyoning madaniyat, san’at, ilm-fan, adabiyot, din, savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlaridan biri sanaladi. Qo‘qon hududida turkiy xalqlarning urug‘ va qabilalari, jumladan, mang‘it, qalmoq, uyg‘ur, qoraqalpoq, qipchoqlar va boshqalar hamjihatlikda hayot kechirgan. Shahar ilm-ma’rifatning o‘chog‘i, 20-asr boshlarida turkiy tilda so‘zlashuvchi millatlarni birlashtirish yo‘lida tuzilgan “Turkiston muxtoriyati”ning siyosiy markazi hamda jadidlar harakati yetakchilari faoliyat olib borgan maskan hisoblanadi.

Shuningdek, shahar o‘z davrida (18-19 asrlarda) adabiy markaz bo‘lib, bu yerda ko‘plab shoir va shoiralar, jumladan, Gulxaniy, Maxmur, G‘oziy, Muqimiy, Furqat hamda Anbar Otin, Ziynat, Nodira, Uvaysiy kabi ulug‘ ijodkorlar faoliyat olib borgan. Ularning asarlari asosan turkiy tilda yaratilib, o‘z zamonida turkiy xalqlar ulardan bahramand bo‘lgan.

Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilish Turkiy davlatlarning nafaqat turizm, balki madaniyat, ilm-fan, yoshlar va boshqa muhim sohalardagi aloqalarini yangi darajaga olib chiqishiga xizmat qiladi.

Qo‘qon shahri Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti deb e’lon qilinib, shahar hokimi Ma’rufjon Usmonovga ramziy kalit topshirildi. Endilikda shaharning sayyohlik salohiyati mazkur davlatlarda keng targ‘ib qilinadi. Jahon hunarmandlar shahri – Ho‘qandi latif turizm shahriga aylanadi.

– Turk dunyosi konsepsiyasi qadimgi tarixiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, geografik va etnologik o‘lchovlari bilan davom etmoqda, – deydi Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy. – Qardosh Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston davlatlari bilan umumiy til, umumiy xotira va umumiy madaniyatga ega bo‘lish ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashga olib keldi. Turkiya Markaziy Osiyo davlatlariga yagona millatning turli davlatlari sifatida qaradi, tashqi siyosatimiz mintaqada ko‘p qirrali va tashabbuskor munosabatni namoyish etdi. Bizning Turkiy tilli davlatlar bilan aloqalarimiz Turkiyaning azaliy qarashlari bo‘lib, so‘nggi 20 yillik global siyosatda bu qarash muhim o‘rin egalladi. Darhaqiqat, mamlakatlararo turizm salohiyatini oshirish, uni yanada rivojlantirish dolzarb masala hisoblanadi. Yurtimizda pandemiya davrida ham turistik salohiyatga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ishlab chiqilgan "Xavfsiz turizm" dasturi muhim tashabbus bo‘ldi. Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasida umumiy maqsadlarga erishish uchun hukumatlar va xususiy sektor o‘rtasida elektron aloqalarni rivojlantirish zarur. Sayohat qilishdagi to‘siqlarni minimallashtirish va xavfsiz muhitda xalqaro sayyohlik harakatlarini rag‘batlantirish kerak. Bu kabi birgalikda sa’y- harakatlarimiz turizmning rivoji uchun juda ham muhim ahamiyatga ega.

Jome’ majmuasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunida Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mehmonlar Qo‘qon universitetida ham bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi. Universitet maydonida namoyish etilgan Qo‘qonning milliy va zamonaviy hunarmandchiligiga oid namunalar ko‘rgazmasi hamda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlarning o‘ziga xos madaniyati va urf-odatlari aks ettirilgan burchaklar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida kitob mutolaasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan, kengashga a’zo davlatlarning buyuk adiblari nomlari aks etgan “Tafakkur gulshani” monumentiga asos qo‘yilib, nufuzli mehmonlar ishtirokida ramziy lenta kesildi. Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan muhim tarixiy anjuman – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlarning turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining VI yig‘ilishi munosabati bilan kelajak avlodlar uchun noma bitilib, kapsulaga joylandi.

Turkiy tilli davlatlar Turizm masalalari bo‘yicha vazirlari bilan oliy ta’lim istiqbollari bo‘yicha hamkorlik masalalari haqida suhbatlashildi. Turkiy tilli davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va xalqaro ma’lumotlar bazasi ro‘yxatidan joy olgan jurnallarda ilmiy maqolalar chop etishda hamkorlik qilish borasida fikr almashildi. Shuningdek, Qo‘qon universitetida turkiy davlatlar fuqarolari uchun alohida imtiyozlar taqdim etilishi, yozgi maktablarda talabalarning maxsus dastur asosida o‘qishlarini tashkil etish imkoniyati mavjudligi haqida ma’lumotlar berildi.

Hamkor davlatlar vakillariga ehtirom ramzi sifatida universitet hududiga turkiy davlatlar bayroqlari o‘rnatildi va mehmonlarga Qo‘qon tarixiga bag‘ishlab yozilgan bebaho asarlar va esdalik sovg‘alari tuhfa etildi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm masalalari vazirlari O‘rda maydonida tashkil etilgan konsert dasturida ishtirok etdi.

 

 

O’zbekiston prezidentining joriy yil 21 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatda ajdodlardan qolgan boy, bebaho madaniy merosni asrash, tiklashga doir ustuvor vazifalar belgilab berildi.

O’zbekistonning boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosni asrab-avaylash, moddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, mamlakatdagi muzeylarda milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini milliy muzey fondi tarkibiga kiritish kabi masalalar dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, moddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, muzey ashyolari va kolleksiyalarining elektron katalogini tashkil etish turizm sohasini ham yanada rivojlantirishga innovatsion yondashuv bo‘lib xizmat qiladi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Kastamonu universiteti vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda institut rektori Nodirbek Sayfullayev hamda Kastamonu universiteti rektori Ahmet Topal Hamdi tomonidan bugungi kunda Turkiya va jahonda betakror o‘zbek madaniyati, boy moddiy madaniy merosiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani e’tirof etildi.  

Ikkala oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy va madaniy hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Memorandumda o‘zaro professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, moddiy madaniy merosni asrash, ta’mirlashga doir mahorat darslari, konferensiyalar uyushtirish, muzeyshunoslik sohasining barcha tarmoqlarini rivojlantirishga oid xalqaro fundamental loyihalar, ilmiy dasturlar yaratish kabi bir qator muhim vazifalar o‘z aksini topdi.

 

O‘zbekiston tomonidan kambag‘allik muammosini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar o‘z samarasini bermoqda.

Turkiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari  Jamalittin Tuney 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumi sessiyalarida muhokama qilingan masalalarning BRMga erishdagi o‘rni haqida  aytib o‘tdi.

- Taʼkidlash joizki, bunday yuqori darajadagi forum qadimiy Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu shahar dunyoga taʼlim, fan, din va insonparvarlik tafakkurining rivojlanishida muhim o‘rin va ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab maʼrifatparvarlarni ulg‘aytirgan, - dedi u. - Forum doirasida dolzarb masalalar - odamlarning hayotini qanday yengillashtirish, insonga munosib yashash sharoitlarini yaratish va boshqa mavzular muhokama qilindi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish, gender tenglikni taʼminlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish va migratsiya darajasini pasaytirish kabi mavzulardagi muhokamalar juda samarali bo‘ldi.

Men vakil bo‘lgan Turkiya xalqaro hamkorlik agentligi ushbu sohalarda faoliyat olib boradi. Bizning vakolatxonalarimiz dunyoning 60 dan ortiq mamlakatida mavjud. Bizning tadqiqotlarimizga ko‘ra, iqtisodiy huquqlarni taʼminlash ushbu mamlakatlarning aksariyatida dolzarbdir. Shuning uchun biz qashshoqlikni yo‘q qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni davom ettirmoqdamiz. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda izchil harakatlarini amalga oshirmoqda.

Forum tajribani umumlashtirish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llarini belgilash uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.

 



Aloqador xabarlar