Yevroosiyor kun tartibi - 78

Dasturimizning bugungi sonida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajap Tayyip Erdoʻgʻanning Ozarbayjonga boʻlgan rasmiy tashrifi haqida so‘z qilamiz.

1663863
Yevroosiyor kun tartibi - 78

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajap Tayyip Erdoʻgʻan 2021 - yilning 15-16 iyuni kunlari Ozarbayjonga rasmiy tashrif uyushtirdi. Prezident Erdoʻgʻanning ushbu tashrifi, arman ishgʻolidan qutqarilgan mintaqalarni ziyorat qilgan ikki qardosh davlat liderlari boʻlishi jihatidan alohida ahamiyat kasb etadi.   Prezident Rajap Tayyip Erdoʻgʻan 2021-yilning 15-iyuni kuni Shushada, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan rasmiy marosim bilan kutib olindi. Ikkala lider ushbu marosimdan keyin yakkama-yakka uchrashuv amalga oshirdi. Keyinchalik Erdoʻgʻan bilan Aliyev Shusha deklaratsiyasini imzoladilar.

Imzolash marosimidan soʻng ikki davlat lideri mushtarak matbuot anjumani oʻtkazdilar. Unda Prezident Erdoʻgʻan Shushada Turkiyaning Bosh konsulxonasining ochilishini ma’lum qildi va “Turkiya olaroq qayta qurish faoliyatida birodarlarimizga har qanday hissani qoʻshayapmiz”. - dedi. Turkiya va Ozarbayjon Qorabogʻni birgalikda quradilar. Qorabogʻni qayta qurish ishlarida Eron va rossiyalik pudratchilarning ham oʻrin olish niyati borligi ma’lum.

Turkiya-Rossiya kuzatuv punktida xizmat qilayotgan turk askarlari bilan uchrashgan Prezident Erdoʻgʻan keyinchalik Bokuga yoʻl oldi. 16-iyun kuni Prezident Erdoʻgʻan Ozarbayjon majlisida nutq soʻzladi. Erdoʻgʻan oʻz nutqida, Kavkazda tinchlik va osoyishtalik hukm surishi uchun Turkiya bilan Ozarbayjonning, mintaqada har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Prezident Rajap Tayyip Erdoʻgʻan Ozarbayjonga boʻlgan tashrifi ortidan jurnalistlar bilan qilgan suhbatida Shusha deklaratsiyasining harbiy bazani oʻz ichiga olishi mumkinligini va bunga kelajakda tegishli tomonlar oʻrtasida yoʻlga qoʻyiladigan uchrashuvlarda aniqlik kiritilishini ta’kidladi. Shundan soʻng, rus tomoni ushbu jarayonni diqqat bilan kuzatib borishlarini bildirgan bayonotlar berdi.

Imzolangan Shusha deklaratsiyasidagi “Biron bir tomonning mustaqilligi yoki hududiy yaxlitligiga uchinchi bir davlat tomonidan tahdid yoki hujum qilingan taqdirda, tomonlar bir-biriga kerakli yordamni koʻrsatadilar”. - degan moddasi e’tiborlarni oʻziga jalb etmoqda. Bu modda Janubiy Kavkazdagi muvozanatlarning himoya qilinishi nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Shusha deklaratsiyasi Turkiyaning Kavkazda yetakchi aktyorlardan biri ekanini tasdiqlovchi hujjat ham hisoblanadi. Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi Moskva Davlat diplomatiyasi institutining katta mutaxassisi Sergey Markedonov, Sputnik muxbiriga bergan intervyusida Gʻarb davlatlarining Gruziya, Ukraina va Moldovadagi inqirozlarda Rossiyaga boʻlgan qarshi munosabatlarining faqat soʻzda qolganini, Turkiyaning Rossiyaning orqa hovlisi hisoblangan Kavkazlardagi urush yoʻlini belgilaganini qayd etdi. Bundan tashqari, u Turkiyaning ushbu qadamlarni NATO a’zosi sifatida emas, balki Yevroosiyoning buyuk kuchi sifatida tashlaganini, Shusha shartnomasi orqali Turkiya-Ozarbayjon munosabatlarining soʻzda emas amalda, eng yuqori darajaga koʻtarilganini ifoda etgan holda mavjud vaziyatni xolisona ravishda yaqqol oʻrtaga qoʻydi.

Turkiyaning Janubiy Kavkazdagi kuchli oʻrni Anqaraning Turkiston bilan munosabatlariga ham ijobiy ta’sir qiladi. Agar Zangezur yoʻlagi ochilsa unda Sharq-Gʻarb transportida eng qisqa yoʻnalish boʻlish huquqiga ega boʻlishdan tashqari mintaqa farovonligining oshishiga ham hissa qoʻshadi. Rossiyaning Qorabogʻ urushida oʻrtamchilik qilishi va Ozarbayjon bilan Armanistonning garovga olingan narsasini almashtirishda Gruziyaning rol olishi mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini oʻrtaga qoʻymoqda. Erdoʻgʻan bilan Aliyev tomonidan taklif qilingan oltili platforma, Kavkaz kelajagi uchun katta imkoniyat desak mubolagʻa boʻlmaydi.

 

 



Aloqador xabarlar