O'zbekistondan xabarlar 75-qism

Joriy yil 29 iyun kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi bo‘lib o‘tadi.

1663302
O'zbekistondan xabarlar 75-qism

 

Joriy yil 29 iyun kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi bo‘lib o‘tadi.

Forum O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida o‘tkaziladi.

Gibrid formatda xorijiy ishtirokchilarni onlayn tarzda jalb qilgan holda tashkil etilayotgan axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha muloqot Hamdo‘stlik mamlakatlarining 50 nafardan ziyod yetakchi ekspertlarini jamlashi kutilmoqda. Unda nafaqat xalqaro tashkilotlar va MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining vakillari, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etadi. MDH Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, MDHning aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi bosh direktori Nuruddin Muhitdinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov tadbirda tabrik nutqini so‘zlaydi.

Nufuzli ishtirokchilar tarkibi axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish, ushbu sohada noqonuniy holatlarga qarshi kurashishning maqbul usullarini ishlab chiqishda puxta o‘ylangan va muvofiqlashtirilgan yondoshuvni kelishib olish imkonini beradi. Ushbu forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Hamdo‘stlik davlat rahbarlarining 2019 va 2020 yillardagi sammitlarida ilgari surilgan edi.

Eng avvalo, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, davlat boshqaruvi, jamiyat hayoti hamda xizmatlar sohasining keng ko‘lamda raqamlashishi sababli ushbu muammoga katta e’tibor qaratilmoqda. Jamiyat, davlat va biznes raqamlashishi sur’atlarini bir necha barobar tezlashtirgan koronavirus pandemiyasining global oqibatlari ham forumning dolzarbligini va o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini tasdiqlamoqda.

Joriy qilingan cheklov choralari masofaviy ta’lim, teletibbiyot, internet savdo va boshqa sohalar rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va hayotning barcha jabhalariga kirib borishi bilan birga axborotdan noqonuniy foydalanish xavfi o‘sib bormoqda. Bu esa energetika, mudofaa, transport, telekommunikatsiyalar va sog‘liqni saqlash sohalarida ish buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Natijada nafaqat katta moddiy zarar yetishi, balki fuqarolar hayoti xavfsizligiga xavf tug‘ilishi ehtimoli ham oshib bormoqda. Bunday sharoitda axborot xavfsizligini ta’minlash davlat va jamiyat iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Bu tendensiyalar boshqa dolzarb masalalar bilan birga o‘rta muddatli istiqbol uchun MDH mamlakatlarining kompleks hamkorligining vektorini belgilab beradigan konseptual hujjatlarda aks etgan.

Hamdo‘stlik doirasida sa’y-harakatlarni birlashtirish va MDHga a’zo davlatlarning axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorligining samaradorligini oshirish, turli amaliy maqsadlardagi himoyalangan axborot tizimlarini yaratishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilingan. Xususan, 2020 yilda - MDHda O‘zbekiston raislik qilgan davrda davlat rahbarlari tomonidan MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va MDHni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi imzolandi.

Raqamli iqtisodiyotni va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishda hamkorlikni chuqurlashtirish ushbu hujjatlarda eng talab yuqori bo‘lgan hamkorlik sohalari sifatida belgilangan. Shu sababli, axborot xavfsizligini ta’minlash va AKTdan foydalangan holda jinoyatchilikka qarshi kurashishga katta ahamiyat berilgan. Shu ma’noda O‘zbekiston tomonidan tashkil etilayotgan birinchi Ekspert forumi raqamlashtirish sohasidagi so‘nggi tendensiyalar va yutuqlar bo‘yicha fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Tadbir axborot makonida dolzarb xatarlarga qarshi kurashishdagi ilg‘or milliy tajriba bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi.

Shundan kelib chiqian holda forumning asosiy maqsad va vazifalari MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlariga muvofiq belgilangan.Tadbir kun tartibi raqamli iqtisodiyot rivojlanishi sharoitida axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorlik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyatlarga qarshi kurashish, axborot infratuzilmasi ob’ektlarini texnik himoya qilish va kiberjinoyatlarni tergov qilish, axborot makonida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kabi muhim masalalarni muhokama qilishni o‘z ichiga olgan.

Munozaralar yakunlari bo‘yicha Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumining yakuniy hujjati qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjat Hamdo‘stlik doirasida axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

 

 

O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi “YuNeSKO bilan hamkorlikda madaniy meros masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasini tashkil etish va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat prezidentning "Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2020 yil 26 maydagi PF-6000-son farmoniga muvofiq, shuningdek madaniy merosni muhofaza qilish, asrash, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanishda O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qo‘mitaning asosiy vazifalari:

  • O‘zbekistonning madaniy merosini Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • xalqaro tashkilotlar va YuNeSKO maslahatlashuv organlari jum(Yodgorlik va diqqatga sazovor joylar bo‘yicha xalqaro kengashi, Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi) bilan madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish;
  • Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan moddiy madaniy meros obektlari va hududlar, arxeologik va arxitektura yodgorliklari muhofazasi ishida ishtirok etish;
  • madaniy boyliklarni ishonchli saqlash bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Qo‘mitaga moddiy madaniy meros masalalari hamda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar bo‘yicha maslahat organi maqomi berildi. Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Xalqaro maslahat qo‘mitasining ishchi organi hisoblanadi.

Qaror asosida qo‘mitaning tarkibi va tuzilmasi tasdiqlangan.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va joriy yilning 15.06.2021 yildan kuchga kirdi.

 

 

O'zbekiston Madaniy meros agentligida Italiya, Fransiya, Yaponiya, Eron, Turkiya kabi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.

Me’moriy obidalar tirik organizmga o‘xshaydi. Ularni asrab-avaylash ishlarini to‘g‘ri olib borish tarixiy ob’ektlar umrini uzaytirishda, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. O’zbekiston Madaniy meros agentligida Italiya, Fransiya, Yaponiya, Eron, Turkiya kabi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.

Shu kunlarda O’zbekistonda bir guruh eronlik restavratorlar xizmat safari bilan mehmon bo‘lib turibdi. Ular mamlakatdagi 40 ga yaqin tarixiy ob’yektlarni o‘rganishdi.

Agentlikda Eron Respublikasi restavratorlari O‘zbekiston madaniy merosi bo‘yicha olimlar, mutaxassislar, Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti o‘qituvchilari va magistrlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Eron Islom Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy madaniy meros ob’yektlarini asrash borasidagi hamkorlik ijobiy natijalarni berishini qayd etdi.

Seminarda eronlik restavrator olimlar (Siyovush Sobiriy Kohkiy, Saidhusayn Haydariy Lutfobodiy, Afsona Jabroilzoda Korgar) 5 kun mobaynida Samarqand va Shahrisabz shaharlarida temuriylar davriga oid 40 ga yaqin arxitektura yodgorliklarini o‘rganganliklari bo‘yicha tahlillarga asoslangan taqdimotni namoyish qildi.  

Taqdimotda Eronning temuriylar davriga oid yodgorliklari bilan O‘zbekistondagi ushbu davr yodgorliklari qiyosiy tahlil qilinib, qurilish ashyolarining ishlatilishi, obidalarni saqlashdagi o‘ziga xos jihatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Seminardan so‘ng eronlik restavratorlar o‘zbekistonlik restavratorlar, magistrlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga batafsil javob berdi.

Shuningdek, Madaniy meros agentligida Madaniy merosni asrash va alohida muhofaza qilinadigan hududlarni himoya qilish boshqarmasi mutasaddilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda soha muammolari atroflicha muhokama etildi.

Amaliy uchrashuv jarayonida eronlik restavratorlar xizmat safari jarayonida tarixiy obidalarni o‘rganish jarayonida qilingan tahlil natijalari bilan o‘rtoqlashdi.  

Tehron universiteti huzuridagi Madaniyat va san’at tadqiqotlari instituti direktori o‘rinbosari Siyovush Sobiriy Kohkiy Eronda ham temuriylar davrida qurilgan tarixiy yodgorliklar mavjud bo‘lib, koshinlardagi lojuvard va niliy ranglar, xom va pishgan g‘ishtlarning qo‘llanilishi aynan o‘xshash ekanligini ta’kidladi. O‘rta asrlardagi me’mor ustalar tarixiy binolar qurilishida uni namgarchilikdan himoyalash xususiyatlarini inobatga olganliklarini, ammo binolar oxirgi yillarda ta’mirlanganda sement va betondan foydalanish oqibatida ularning tashqi hamda ichki qismida sho‘rlanish hodisasi yuz berayotgani taassuf bilan qayd etildi.

– Madaniy yodgorliklar ta’mirlanishida tabiiy qurilish ashyolaridan foydalanish orqali ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Ayni paytda bu kabi hamkorlik me’moriy obidalarni asrash borasidagi o‘zaro fikr va tajribalarimizni boyitishga xizmat qiladi dedi”,-dedi Siyovush Sobiriy Kohkiy.

 

 


Tanlangan kalimalar: #MDH , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar