Bularni bilasizmi 78-qism

Turkiyada har yili o’tkazilgan “Mesir majuni” festivali taxminan 500 yillik o’tmishga borib taqalishini bilarmidingiz?

1662351
Bularni bilasizmi 78-qism

 

Ming dardga davo bo’lgan mesir majunining paydo bo’lishi haqida tarixiy hikoya mavjud. Qonuniy Sulton Sulaymonning onasi Hafsa Sulton Manisada sababi noma’lum bo’lgan bir kasallikka chalinadi.

Sulton jome’ madrasasining tabibi bu kasallikka davo bo’lishi uchun 41 xil dorivor o’simlik va ziravorlardan aralashtirib, shifobaxsh yegulik tayyorlaydi. Mesir majuni degan nom bilan kunimizgacha yetib kelgan bu yegulikdan yegan Hafsa Sulton tez orada kasallikdan sog’ayib ketadi.

Hafsa Sulton dardiga davo bo’lgan ushbu yegulikni har yili Navro’z bayrami arafasida xalqqa tarqatilishini buyuradi. Kichkina qog’ozlarga o’ralgan yegulik Sulton jome’-masjididan turib xalqqa sochiladi. O’sha kundan beri har yili Navro’z bayrami arafasida Manisadagi Sulton jome-masjidi atrofida to’plangan haloyiqqa mesir majuni tarqatiladi.

Mesir majuni avloddan avlodga yetib kelgan an’anaviy ma’lumotlar asosida tayyorlanadi. Tarkibida arpabodiyon, sedana, gorchitsa urug’i, kokos mag’zi, kardamon, qora murch, qalampir munchoq, zira, kashnich, safron, saqich, dolchin, vanilin, apelsin po’stlog’i va turli xil ziravorlar mavjud.

Ushbu shifobaxsh o’simliklar va ziravorlardan tayyorlangan yegulik inson organizmi uchun juda foydali. Bu yegulik insonga kuch-quvvat beradi. Qolaversa, ekzema va boshqa teri kasalliklariga davo hisoblanadi. Yo’talni qoldiradi, nafas yo’llarini tozalaydi, shamollashni oldini oladi. Tarkibidagi ba’zi ziravorlar og’riq qoldirish xususiyatiga ega bo’lgani uchun revmatizm kasalliklariga ham shifo hisoblanadi.

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Mesir majuni

Aloqador xabarlar