O'zbekistondan xabarlar 74-qism

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tojikistonda bo’ldi.

1658219
O'zbekistondan xabarlar 74-qism

 

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tojikistonda bo’lib qaytdi.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif doirasida Dushanbe shahrida ikki tomonlama tadbirlar jumladan, rasmiy kutib olish marosimi, tor doiradagi muzokaralar va kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilish, ijtimoiy obyektlar ochilishiga bag‘ishlangan onlayn-marosim, ikki tomonlama hujjatlar to‘plamining imzolanishi kabi tadbirlar bo’lib o’tdi.

Tadbirlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning deyarli barcha sohalarini, jumladan energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog‘-kon va yengil sanoat, fan, ta'lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35ta hujjat imzolandi.

Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada, har tomonlama rivojlantirish, ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lida yangi natijalarga erishish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Hujjatlarni imzolash marosimi Dushanbe shahridagi “Qasri Millat” qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasida Qo‘shma bayonot imzolandi.

Unda erishilgan asosiy kelishuvlar mustahkamlab qo‘yilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli vazifalar belgilangan.

Davlat rahbarlari huzurida tashrif doirasida imzolangan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida, sanoat va yangi texnologiyalar sohasida, tog‘-kon sanoatida hamkorlik to‘g‘risida, Zarafshon daryosida GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida, Yuklar tranziti to‘g‘risidagi bitimlar, shuningdek, Diplomatik vakolatxonalar uchun yer maydonlarini o‘zaro taqdim etish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish, Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomalar, ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi va qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" almashildi.

Ommaviy axborot vositalari uchun brifingda Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon muzokaralar har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tganini ta'kidlashgan.

“Biz mushtarak tarix va madaniyat, din, ma'naviy qadriyatlar va an'analar bilan chambarchas bog‘langan xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligini juda qadrlaymiz.

Shu yerda o‘tirgan ommaviy axborot vositalari vakillari va delegatsiyalar a'zolari keyingi bir necha yilda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari taraqqiyotida ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar guvohidir.

Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh va o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi. Biz ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning barcha masalalarini diqqat bilan ko‘rib chiqdik. Shuni qayd etmoqchiman: hech bir yo‘nalish e'tibordan chetda qolmadi", degan O‘zbekiston rahbari

Muzokaralar chog‘ida tomonlar yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishgan, kelgusi yilda tovar ayirboshlashni ikki barobar oshirishni maqsad qilib belgilashgan. Yetakchilar ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlarini maksimal darajada ishga tushirish, ularni tumanlar darajasida "bog‘lash"ga kelishib olishgan.

Davlat rahbarlari tashrif arafasida o‘tkazilgan Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishining samarali yakunlarini, shuningdek, tashrif doirasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan shartnomalar va investitsiya kelishuvlarlari imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etishgan.

O‘zbekiston va Tojikiston transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Muzokaralarda yetakchilar temir yo‘l, avtomobil va havo transportida tashishlarni ko‘paytirish uchun bundan buyon ham qulay sharoit yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishgan.

Prezident Imomali Rahmon, o‘z navbatida, agrar tarmoq, yengil, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tovar ayirboshlashning ko‘payishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qilishini qayd etgan. U ta'lim va tibbiyot sohalarida, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashishda sheriklik kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Bundan tashqari, prezidentlar madaniyat, fan, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga kelishib oldi.

Bu masalalarning barchasi ikki mamlakat bosh vazirlari rahbarlik qilayotgan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning bevosita nazoratida bo‘lishi qayd etildi.

 

Yuqori darajadagi muzokaralar yakuni bo‘yicha quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida sanoat va yangi texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi;
  • Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi va O‘zbekiston “Complex Mining Solution” o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida «Tojik-o‘zbek investitsion kompaniyasini tuzish to‘g‘risida»gi;
  • 2018 yil 9 martdagi Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi protokol;
  • Tojikiston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida Zarafshon daryosi havzasida ikkita gidroelektr stansiya qurish va foydalanishning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash, aksiyadorlik jamiyati tuzish to‘g‘risidagi kelishuv;
  • Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston hududi orqali tovarlarni tranzit qilish to‘g‘risidagi kelishuv;
  • Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan  yo‘l xaritasi, shular jumlasidandir.

Eslatish joizki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi oldidan 9 iyun kuni Xatlon viloyatining markazi – Boxtar shahrida ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Birinchi O‘zbekiston – Tojikiston mintaqalararo investitsiya forumi bo‘lib o‘tgandi. Uning yakunlari bo‘yicha birgalikda avtomobillar, transformatorlar, maishiy texnikalar ishlab chiqarishini tashkil etish, intensiv bog‘lar, issiqxona majmualari hamda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash korxonalarini barpo etish bo‘yicha bitimlar, shuningdek, umumiy qiymati 730 million dollarni tashkil etadigan qator savdo shartnomalari imzolangandi.

 

O‘zbekiston Prezidentining Dushanbega safari davomida Tojikiston telekanallarida yangi o‘zbek filmlari namoyish etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi paytida tojik telekanallari va kinoteatrlarida o’zbek kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Ilhaq”, “Xalq yuragi”, “Abdurahmon Jomiy”, “Yagona osmon ostida” filmlari namoyish etildi.

Namoyishlar Tojikistonning “Sinamo” telekanalidagi “Ilhaq” filmining taqdimoti bilan boshlab berildi.

Shuningdek, mamlakatning barcha yirik kinoteatrlarida ham o‘zbek filmlarining tojik tilidagi namoyishlari yo’lga qo’yildi.

Maʼlumki, Tojikistonda bo‘lib o‘tgan O‘zbek kinosi kunlarida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati, taniqli kino arboblari, kinorejissyorlar, aktyorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qo‘shni mamlakatga tashrif buyurib, ikki mamlakatning kino sohasida o‘zaro hamkorligini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan va “Tojikfilm” davlat muassasasi raisi Mahmasaid Shohiyon bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolangan edi.

Memorandum ijrosini taʼminlash bo‘yicha ishlar tez fursatlarda boshlanib, rejisser Jahongir Axmedovning “Ilhaq” badiiy filmi, Shoxrux Rasulovning “Xalq yuragi”, Javohir Qosimovning “Abdurahmon Jomiy”, Jasur Isʼhoqovning “Yagona osmon ostida” hujjatli filmlari tojik tiliga tarjima qilinib, “Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi” DUK, “Spectre” hamda “Ezgu film” studiyalari tomonidan dublyaj qilindi.

 

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollar muloqoti homiyligida Xalqaro biznes-forum o‘tkaziladi

 

 

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollar muloqoti homiyligida Xalqaro biznes-forum o‘tkaziladi

Joriy yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tadi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etiladi.

Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston yetakchi va tadbirkor ayollari, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki yuqori darajadagi vakillari va xalqaro ekspertlari ishtirokida tashkil etiladigan tadbir doirasida ishbilarmon ayollar ko‘rgazmasi, tematik anjuman va B2B formatida kooperatsion birja o‘tkaziladi.

Uchrashuvlarda sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm, savdo, qishloq xo‘jaligi, amaliy sanʼat, hunarmandchilik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 400 dan ziyod Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘onistonlik tadbirkor ayollar o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama etishi va tegishli kelishuvlarga erishishi ko‘zlangan.

Forumda barqaror rivojlanish sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” qabul qilinishi ham kutilmoqda.

 

 

 

 

 



Aloqador xabarlar