O'zbekistondan xabarlar 73-qism

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 iyun kuni mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbaevni qabul qildi.

1653148
O'zbekistondan xabarlar 73-qism

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 iyun kuni mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbaevni qabul qildi.

Bu haqda O’zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat rahbari oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar tufayli O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga chiqqanini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Senat raisi Maulen Ashimbaev, o`z navbatida, O`zbekiston etakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda mamlakatlar o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.

Pandemiya oqibatlarini birgalikda engib o`tish maqsadida hukumatlar, hududlar va tadbirkorlar darajasida faol almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Mashinasozlik, to`qimachilik sanoati, transport, turizm va iqtisodiyotning boshqa sohalarida yirik kooperasiya loyihalari tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi dasturlar qayta tiklandi.

O`zbekiston va Qozog`iston parlamentlari ikki tomonlama hamkorlikning istiqboldagi kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishi, hududlar ma`muriyatlari va ishbilarmon doiralarni keng jalb qilgan holda yangi tashabbuslar va aniq loyihalarni ilgari surish, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo`yicha hamkorlik va o`zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ekani alohida ta`kidlandi.

 

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari va Tojikiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston-Tojikiston oliy darajadagi uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.

Joriy yilning 5 iyun kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Tojikiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said bilan uchrashdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish va tegishli tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv chog‘ida Tojikiston tomoni kutilayotgan oliy darajadagi tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini rivojlantirish uchun kuchli rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi.

Oxirgi bir necha oy davomida ikki mamlakat vazirlik va idoralarining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va mintaqalararo hamkorligini mustahkamlash, O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralarini bir-biriga yaqinlashtirish borasida birgalikda olib borilgan qizg‘in ishlarning yakunlari ko‘rib chiqildi.

Muhokama jarayonida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishda qo‘llanilgan tizimli yondashuv qisqa vaqt ichida aniq natijalarga erishish va ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish imkonini bergani ta’kidlandi. Joriy yilning 9 iyun kuni Xatlon viloyatining Boxtar shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi O‘zbekiston – Tojikiston mintaqalararo forumi davomida imzolanishi rejalashtirilgan yirik investitsiya loyihalarini va savdo bitimlarini hayotga joriy etish borasida erishilgan qator kelishuvlar buning isbotidir.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar, shuningdek, mavjud tarif va notarif tartibga solish choralarini izchil bartaraf etish hamda O‘zbekiston va Tojikiston mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga chiqishini soddalashtirish orqali o‘zaro savdoni rivojlantirish shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Mazkur chora-tadbirlar yaqin kelajakda o‘zbek-tojik savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini bajarish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

Tomonlar yaqin hukumatlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, erishilgan yutuqlarning monitoringini olib borish hamda munosabatlarning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlar o‘tkazish orqali hamkorlikni yanada rivojlantirishda erishilgan sur’atlarni saqlab qolish niyatini bildirdi.

 

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Dushanbeda Tojikiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 5 iyun kuni Dushanbe shahrida Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashdi.

O’zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar kutilayotgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar va hukumatlararo bitimlarni ishlab chiqishning borishini muhokama qildilar.

Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari umumiy ustuvorlikka ega ekanligi aytib o‘tildi. Shu munosabat bilan ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning birinchi darajali vazifalari hamda o‘zbek va tojik biznes jamoalari vakillari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari muhokama qilindi. O‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni nazarda tutgan holda oliy darajadagi tashrif kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirishga oid navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Madaniy-gumanitar sohada faol hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, madaniyat, san’at, fan arboblari, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining O‘zbekiston va Tojikiston hududlariga o‘zaro safarlarini tashkil etishga kelishib olindi. Ikki davlatning Toshkent, Samarqand, Termiz, Dushanbe, Xo‘jand, Penjikent va boshqa yirik shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovini qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi. “Ipak yo‘li” sayyohlik brendini ilgari surish va “ziyorat – turizm”ni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi.

 

Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorliklarini YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha tadqiqot ishlari boshlandi

YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorliklarini YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tadqiqot ishlarini boshladi.

O’zbekiston Turizm va sport vazirligi maʼlum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda mintaqadagi madaniy meros ob’yektlarining salohiyati va qiymatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ekspeditsiyasi o‘tkazildi.

Joriy yilning aprel-may oylarida Qoraqalpog‘istonda xalqaro ekspeditsiya ish olib bordi. Ekspeditsiya davomida mintaqaning tarixiy va madaniy merosi ob’yektlari salohiyati hamda qiymati baholandi, ularni turli xalqaro ro‘yxatlarga kiritish strategiyasi ishlab chiqildi.

Kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borgan xalqaro ekspertlar guruhi tarkibiga arxeologiya, arxitektura, madaniyat hamda yodgorliklar tarixi va hujjatlari sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar kiritildi. Ekspeditsiya Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) homiyligida va London universitet kolleji ko‘magida “Markaziy Osiyo arxeologik landshaftlari” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida ilk bor yangi metod va uskunalardan foydalangan holda ob’yektlarni batafsil hujjatlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Maʼlumotlarni yig‘ish uchun mutaxassislar uchta dron vositasidan foydalandi. Ixtisoslashgan 4ta guruh 8 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Tadqiqotlar natijasida mintaqadagi 53 ta yodgorlik haqida materiallar to‘plandi. 67 mingdan ortiq surat va 144 ta videofilm suratga olindi. To‘liq tadqiqot 5 ming gektardan ortiq maydonni qamrab oldi.

Tadqiqot natijalari batafsil suratlar va har bir yodgorlikning uch o‘lchovli modelidan iborat bo‘ladi. Uning asosida tabiiy, meʼmoriy, infratuzilma, maishiy va boshqa elementlar aniqlanadi.

Keng miqyosli tadqiqotlar asosida xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston tarixi va madaniyatining noyob ob’yektlarini saqlash bo‘yicha global strategiyani va ularni YUNESKOning nufuzli xalqaro ro‘yxatiga kiritish dasturini shakllantirishga imkon beradi.

 


Tanlangan kalimalar: #Tojikiston , #Qozog'iston , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar