O'zbekistondan xabarlar 70-qism

Toshkentda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

1640592
O'zbekistondan xabarlar 70-qism

 

Joriy yilning 15 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq , ishonchli va konstruktiv muloqot ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklikning yangi bosqichiga olib chiqishga hamda ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va bir-birlarini to‘g‘ri tushunish muhitini mustahkamlashga ko‘maklashgani ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston Prezidentining joriy yilda Tojikistonga amalga oshiradigan tashrifi oldidan ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq keng qamrovli masalalarni muhokama qildi.

Muzokaralar chog‘ida yaqin yillar ichida o‘zaro tovar almashuvini yanada ko‘paytirish asnosida uning hajmini 1 milliard AQSh dollariga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu o‘rinda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, tog‘-kon va elektrotexnika tarmoqlari, energetika va transport sohalaridagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avto va temir yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish va modernizatsiyalash sohalarida qator sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha, tadbir chog‘ida erishilgan muhim kelishuvlarni va bundan keyingi ko‘p qirrali sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini o‘zida ifoda etgan protokol imzolandi. Shuningdek, Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif doirasida qator sanoat korxonalari va ob’yektlarida bo‘ldi.

 

Dominika O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 137-mamlakat bo‘ldi

Joriy yilning 14 may kuni Nyu-Yorkda O‘zbekiston va Dominika Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot imzolandi.

Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjat O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov va Dominikaning BMTdagi doimiy vakili, elchi Lorin Bannis-Roberts tomonidan imzolandi.

Dominika Hamdo‘stligi Karib dengizining sharqida joylashgan orol davlatdir. Mamlakat maydoni 751 kvadrat kilometrdan iborat. Aholi soni  70 ming kishini tashkil etadi. Dominika BMT, Millatlar Hamdo‘stligi, Karib Hamjamiyati (CARICOM), Karib umumiy bozori  va Sharqiy Karib davlatlari tashkiloti aʼzosi hisoblanadi.

Suhbat chog‘ida Dominika elchisiga O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, so‘nggi yillarda respublika hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida so‘zlab berildi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan, COVID-19 pandemiyasi davrida jahon hamjamiyatining iqtisodiy tiklanish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi saʼy-harakatlarini mustahkamlash, kambag‘allikka qarshi kurashish, shuningdek, mintaqaviy rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan muhim xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati taʼkidlandi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tuzilmasi doirasida birgalikdagi ishlarni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi. O‘zbekiston va Dominika Hamdo‘stligi o‘rtasidagi hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni muntazam davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Dominika Hamdo‘stligi O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 137-mamlakatga aylandi.

Eslatish joizki,  joriy yil 3 fevral kuni O‘zbekiston San-Marino bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan edi.

 

Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonlik talabalar hayoti mavzusida onlayn-konferensiya o‘tkazildi

O’zbekistonning Seuldagi elchixonasi va O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining ushbu mamlakatdagi vakolatxonasi hamkorligida “Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonlik talabalar” mavzusida onlayn-konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda Koreya Respublikasida tahsil olayotgan, pandemiya tufayli akademik taʼtil olib O‘zbekistonga qaytgan talabalar hamda kelajakda Janubiy Koreyada o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda yoshlarni qiziqtirgan qator masalalar, xususan, Janubiy  Koreyaga o‘qish vizasini rasmiylashtirish, talabalar o‘qish davomida duch kelayotgan muammolar, yoshlarning bo‘sh vaqtlarida vaqtincha ishlashi masalalari va o‘qishni tugatgandan keyin doimiy ishga joylashish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Konferensiyada uzoq vaqtdan buyon Janubiy Koreyada istiqomat qilib kelayotgan, ushbu mamlakatda tahsil olgan, Sejong universiteti doktoranti Otabek Jo‘rayev asosiy maʼruzachi sifatida qatnashdi.

Koreya Respublikasiga o‘qishga qaytib kelmoqchi bo‘lgan yoki pandemiya sababli talabalik vizasini ololmayotgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

O‘zbekistonga Pittsburg universiteti Tibbiyot maktabi delegatsiyasi keladi

Pittsburg universiteti tibbiyot maktabi rektorining akademik va global ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, doktor Margaret Makdonald boshchiligidagi delegatsiya bugun, 17 may kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, delegatsiyaning 17-23 may kunlari bo‘lib o‘tadigan amaliy safari diplomatiya missiyasi va taʼlim muassasasi o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida hamda Markaziy Osiyo universitetlari bilan “UniCEN” hamkorlik dasturiga binoan “Amerika kengashlari” grant ko‘magida tashkil etilmoqda.

Elchi Javlon Vahobov tibbiy taʼlim sohasidagi yetakchi ekspertlarning tashrif dasturini taniqli olimlar bilan muhokama qildi. Uchrashuvda ilmiy hamkorlikni oshirish, O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga zamonaviy taʼlim dasturlarini ishlab chiqishda yordam berish, taʼlim sifatini oshirish, shuningdek, Pittsburg universiteti Tibbiyot maktabi va O’zbekiston universitetlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalarini imzolash masalalari ko‘rib chiqildi.

Amerika delegatsiyasining O’zbekistonga safar dasturi voqealarga juda boy. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash rejalashtirilgan. Pitsburg universiteti Tibbiyot maktabi ushbu kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston hukumati va manfaatdor muassasalar bilan yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga zamonaviy yondashuvlarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor. O’zbekiston universitetlari amerikalik hamkorlar bilan taʼlim dasturlarini takomillashtirish maqsadida quyidagi sohalarda aloqalarni yo‘lga qo‘yadi: qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy maqolalar nashr etish, tibbiy taʼlim, ilm-fan va boshqa sohalarda tajriba almashish, qo‘shma ilmiy va amaliy tadbirlar o‘tkazish, mahorat darslari, maʼruzalar va seminarlar tashkil etish, ilmiy va o‘quv loyihalarida birgalikda qatnashish,  qo‘shma o‘quv kurslari va dasturlari, shu jumladan, onlayn-tadbirlar, talabalar va o‘qituvchilar uchun stajirovkalar, malaka oshirish va boshqa tadbirlar uyushtirish.

Pittsburg universiteti Tibbiyot maktabi delegatsiyasi Sog‘liqni saqlash, Innovatsion rivojlanish, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirliklarida, shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali rahbariyati va boshqa muassasalarda uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

1787 yilda tashkil etilgan Pittsburg universiteti (University of Pittsburgh) AQShning Pensilvaniya shtati markazidagi davlat tadqiqot universiteti hisoblanadi.  Ayni paytda oliy o‘quv yurtida 35 ming talaba tahsil olmoqda. Uning tarkibida 17ta kollej va maktab mavjud. 

Pittsburg universiteti Tibbiyot maktabi AQSHdagi eng yaxshi tibbiyot maktablari qatoridan o‘rin olgan. Ushbu tibbiyot maktabi ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha 13-o‘rinda, tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish sohasida 14-o‘rinda va Dunyo universitetlari akademik reytingida eng yaxshi tibbiyot maktablari ro‘yxatida 17- o‘rinda qayd etilgan.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #AQSh , #Tojikiston , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar