O'zbekistondan xabarlar 69-qism

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

1637716
O'zbekistondan xabarlar 69-qism

 

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

O’zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yetakchilar G‘alaba kuni va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon hayiti bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar o’zbek va qozon xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Suhbatda O‘zbekiston-Qozog‘iston ko‘p qirrali hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Turli darajalardagi faol va samarali ikki tomonlama muloqotlar tufayli hamkorlik ijobiy surʼatda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga o‘sdi. O‘tgan oyda chegaraoldi hududlardan birida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha xalqaro markaz qurilishi boshlandi.

Ustuvor investitsiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda tayyorlash va amalga oshirish, jumladan, Uchquduq–Qizilo‘rda avtomobil va temir yo‘llari hamda Turkiston-Toshkent tezyurar temir yo‘lini qurish ishlari olib borilmoqda.

Ikki mamlakat hududlari yaqindan hamkorlik qilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi muhim dasturlar davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti va Elboshi birodar xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, ishonch va sheriklik ruhidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish muhim ekanini alohida taʼkidladilar.

 

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Turkiya madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar tashkiloti bilan hamkorlikda "O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligida o‘zbek-turk munosabatlari" mavzusida onlayn-seminar tashkil etildi.


Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidan 100 ga yaqin talaba ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar rahbari Abdulloh Eren ma’ruza bilan ishtirok etdi.  "Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida O‘zbekistonning alohida o‘rni bor, - dedi Abdulloh Eren.

- Bu zamin qadimda ilm-fanning, islom tamaddunining manbai bo‘lgan, ko‘plab olimu allomalar yetishib chiqqan. Bugungi kunda Turkiya va ko‘plab boshqa mintaqalarda keng tarqalgan milliy qadriyatlar, moturidiylik an’analari aynan O‘zbekiston hududlarida tarixan rivojlangan va kelib chiqqan. So‘nggi yillarda tarixiga munosib ravishda O‘zbekiston yangi yangi marralarni ko‘zlab, dadil qadamlar bilan olg‘a borayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Iqtisodiyotda ham ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tom ma’noda Markaziy Osiyoning porloq yulduziga aylanib bormoqda".

Onlayn-seminarda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A’zamxo‘jayev ma’ruza qildi. u bundan qariyb 30 yil avval o‘z hurriyatini e’lon qilgan yosh davlat O‘zbekiston uchun o‘ta muhim holatda, ya’ni xalqaro miqyosda tan olinish masalasida Turkiya Respublikasi tarixiy “birinchi” qadamni qo‘yganini ta’kidladi.

"1991 yil 16 dekabr kuni Turkiya navqiron O‘zbekistonni xalqaro miqyosda e’tirof etdi. Bu biz uchun muhim tarixiy qadam edi. Turkiyaning ushbu qarorini xalqimiz hech qachon unutmaydi va doimo minnatdorlik bilan xotirlaydi.  Bundan 25 yil avval – 1996 yilning 8 may kuni mamlakatlarimiz o‘rtasida "Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida"gi shartnoma imzolangan. Mamlakatlararo munosabatlarning huquqiy zaminida ushbu hujjat alohida rol o‘ynaydi. Shu bilan birga o‘zaro munosabatlarimiz, ayniqsa, 2017 yildan keyingi davrda mutlaqo yangi bosqichga kirganini ta’kidlash zarur. Aloqalar eng yuqori darajaga ko‘tarilib, ikki mamlakat o‘rtasida bevosita Prezidentlar rahbarligidagi Oliy darajadagi strategik kengash ta’sis etildi", - dedi u. 

Ta’kidlanishicha, yilning ilk choragida Turkiya tashqi ishlar va tijorat vazirlarining O‘zbekistonga tashriflari bo‘lib o‘tdi. May oyining oxiriga qadar Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktayning tashrifi va Hukumatlararo iqtisodiy komissiyaning 6-yig‘ilishini tashkillashtirish ustidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar, o‘z navbatida,  O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy mushtarak an’nalar va bugungi aloqalarni qayd etdi.

"O‘zbekiston – ota yurtimiz. Tarixan bizning ota-bobolarimiz Onado‘liga ushbu zamindan kelganlar, - dedi Olgan Bekar. -  Bugungi kunda ham O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim strategik davlat hisoblanadi. Yangi davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda har jabhada turli islohotlar jadallik bilan davom etayotganini ko‘rib turibmiz. Bu jarayon "Yangi O‘zbekiston" iborasi bilan ta’riflanmoqda. Mamlakatning qo‘shnilari bilan olib borayotgan do‘stona aloqalari ham diqqatga sazovor. O‘zbekiston butun dunyoga ochilmoqda.  Ushbu vaziyatda Turkiya O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga va o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga doimo tayyor".

 

 

O‘mon Sultonligining “Oman Observer” gazetasida O‘zbekistonda Ramazon oyining nishonlanishi to‘g‘risidagi “Iftorga o‘zbek lazzati” sarlavhali maqola chop etildi.

 Jurnalist  Yusuf Kabir tomonidan yozilgan material o‘monlik gazetxonlarni O‘zbekistonda Ramazon oyi bilan bog‘liq urf-odatlar, saharlik va iftorlik dasturxoniga tortiladigan milliy taomlar bilan tanishtiradi.

 Muallifga ko‘ra, muqaddas Ramazon oyi O‘zbekistonda o‘ziga xos ulug‘vorlik va diniy qadriyatlar bilan o‘tkaziladi. Ro‘za tutish, iftorlik an’analari va madaniyati har bir o‘zbek xonadonida hatto sobiq mustabid davrida ham saqlab qolingan.

“O‘zbek xalqi bir vaqtlar o‘zlarining diniy va milliy urf-odatlaridan mahrum bo‘lgan edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, milliy urf-odatlar bilan birga diniy qadriyatlar ham qayta tiklandi. Shundan so’ng, Ramazon oyi mamlakat aholisi orasida katta ko‘tarinkilik bilan o‘tkazila boshladi. Mahalliy urf-odatlariga ko‘ra, o‘zbeklar iftorlik vaqtida o‘z qo‘shnilari bilan taom ulashadi. Bu an’ana, ayniqsa, hayit bayrami arafasida yanada ommalashadi. O‘zbek oilasining yana bir o‘ziga xos odati bor. Ya’ni har bir o‘zbek xonadonida ro‘za ochilishida oila boshlig‘i  duo qiladi hamda birinchi bo‘lib taomga qo‘l uzatadi. Bu qoida va tartib O‘zbekistonning barcha mintaqalarida  amalda”,-deb yozadi muallif.

Maqolada qayd etilishicha, o‘zbek xonodonida yoziladigan dasturxon juda tartibli. O‘zbekistonliklarning eng sevimli taomlari – bu an’anaviy shirinliklar, nisholda, patir non, somsa, qandolat va, albatta, palovdir. Bularning barchasi O‘zbekistonda Ramazon oyi davomida sevib tanavul qilinadi.

 Materialda, shuningdek, o‘zbek oshxonasining shoh taomi - palov va nisholdani tayyorlash usullari haqida ma’lumotlar o‘rin olgan.

 “Nisholda sog‘liq uchun juda foydali va hazm qilishni yengillashtiradi”, - deyiladi nashrda.

Muallifning o‘monlik gazetxonlarga tavsiya etishicha, o‘zbek palovini tayyorlash uchun yaxshi guruch tanlash kerak. Qo‘y go‘shti, sabzi  va piyoz asosiy masalliqlardan hisoblanadi. Sabzini uzun shaklda to‘g‘rash lozim.

“Agar siz palovni pishirishni eplagan bo‘lsangiz, uni anor  va turupdan tayyorlangan “Toshkent” salati bilan tanavvul qilib, ushbu taomning mazasidan zavq oling”, - deb yozadi Yusuf  Kabir.

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar